Siemens 170 yoshda: Dunyoning eng yirik texnologik konsernlaridan birining kecha va buguni

  • 04:52 / 19.02.2017
  • 10020

Bu yili Siemens 170 yoshga to‘ladi. Siemens o‘z faoliyati davomida dunyoga ko‘p texnologik buyumlarni taqdim etdi - tramvay va trolleybuslardan boshlab to energetika, aloqa va tibbiyot sohasidagi ishlanmalargacha. Konsern asoschisi Verner fon Simens odatda Gotlib Daymler, Karl Bens va boshqa buyuk nemis va jahon ixtirochilari bilan bir qatorda tilga olinadi.

 

Verner fon Simens. Siemens & Halske'ning yaratilishi

Verner fon Simens 1816 yilda Prussiyada, Hannover yaqinidagi shaharchada dunyoga kelgan. Uning otasi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullangan va aksariyat tarixchilarning fikricha, u bu sohada muvaffaqiyatlarga erishmagan. Bo‘lg‘usi ishbilarmon uyda ta'lim olgan, so‘ngra Lyubekdagi gimnaziyani a'lo baholarga tugallagan. O‘qish davrida Simens aniq fanlarga ko‘p vaqt ajratgan. Shundan keyin Berlinga qarab yo‘l olgan va bu yerda qirollik gvardiyasi artilleriyasiga kirishga harakat qilgan.

Uni qabul qilishmadi, lekin Magdeburgdagi artilleriya brigadasiga qo‘shilish taklifini berishdi. U yerda hatto ishga joylashishga ulgurib, muhandislik-artilleriya o‘quv muassasasiga o‘qishga yo‘llandi. O‘qishni tugatganidan keyin Simens leytenant unvonini oldi.

1839 va 1840 yillarda uning ota-onasi ketma-ket hayotdan ko‘z yumdi. Verner oilada to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgani uchun 10 nafar uka va singillarga g‘amxo‘rlik qilish uning zimmasiga tushdi. Simens leytenantning maoshi katta oilani ta'minlashga yetmasligini yaxshi tushungan. Ba'zi uka va singillarini qarindoshlariga taqsimlab chiqqan. Shunday bo‘lsa-da, u barcha "jigar"larini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga harakat qilgan. Qobiliyatli muhandis sifatida u o‘z ko‘nikmalarining  qo‘shimcha daromad olib kelishiga ishongan.

1842 yilda u birinchi ixtirosi – galvanik oltin va kumush bilan qoplash usulini patentlagan. Vernerning ukasi – Vilgelm uni Britaniyada ham patentlagan, keyin esa o‘sha yerda xaridor topib, 1500 funt ishlab olgan. Bu kashfiyot Simensga o‘z moliyaviy ahvolini mustahkamlashga imkon bergan. Yana shunday ma'lumotlar borki, Simens ixtirolarining bir qismi uning qamoqdagi davriga to‘g‘ri kelgan. U duelda sekundant sifatida ishtirok etgani uchun qamoq jazosini o‘tagan.

1847 yilda Simensning navbatdagi ixtirosi – ko‘rsatkichli telegraf qurilmasi namoyish etilgan. Mazkur ishlanma davlat miqyosidagi tanlovda g‘olib bo‘lgan va telegraf tarmog‘ida foydalanish uchun qo‘l kelgan. Simensning telegrafi nafaqat hukumat va harbiylarni, balki muhandis Iogann Georgni ham qiziqtirib qo‘ygan, u keyinchalik Vernerning biznes-hamkoriga aylanadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Simens ukasi Vilgelmga maktub yo‘llab, unda bundan keyin telegraf bilan shug‘ullanishga qaror qilgani haqida xabar bergan. 1847 yilda Simens va Galske hamkorlikda Telegraphen-Bauanstalt Siemens & Halske kompaniyasini tashkil qilishgan. Uning asosiy maqsadi elektrotelegrafiya bo‘lgan.

Kompaniyaning xizmat doirasi asta-sekinlik bilan kengayib, boshqa sohalar, jumladan mexanika va optikani ham qamrab olgan. Simens hammuassis va hamkor bo‘lishiga qaramay, rasman kompaniyada faoliyat yuritmagan, u harbiy xizmatni davom ettirgan. U ustaxona yaqinida yashagan va bo‘sh vaqtida o‘sha yerda sidqidildan mehnat qilgan.

Korxonaning boshlang‘ich kapitali (6842 taler) Vernerning jiyani tomonidan ta'minlangan va unga daromadning 20 foizi ajratilgan. Telegraphen-Bauanstalt Siemens & Halske’ning ilk global yutug‘i – Berlin va Frankfurt o‘rtasida telegraf liniyasining yaratilishi bo‘lgan. Bu muhim hodisa 1849 yilda ro‘y bergan. Shu yili Simens 15 yil faoliyat yuritgan sohasi - harbiy xizmatni tark etgan. Bunga kun sayin unga ehtiyoji ortib borayotgan kompaniya sabab bo‘lgan.

1850 yilda Siemens & Halske’da muammolar yuzaga kela boshladi. Yetarlicha izolyatsiya qilinmagan telegraf liniyalar ishonchsizligini namoyon qila boshladi. Simens buni oldindan taxmin qilgandi va muammoning yechimini topishga kirishdi, muvaffaqiyat unga raqiblardan o‘zib ketish imkonini berardi.

Biroq Simensning to‘g‘ri g‘oyalari Prussiya hukumati tomonidan tasdiqlanmadi. 50-yillar boshida bu mamlakatda telegraf tarmog‘i deyarli qurib bitkazilgan, shuningdek Fridrix Nottenbom rahbarligi ostidagi telegraf idorasi ham paydo bo‘lgandi. U texnika sohasida tajribali bo‘lgan, Fridrix yer osti telegraf liniyalarida yuzaga kelayotgan nosozliklarni bartaraf qilishga qarshi bo‘lmagan.

Simens unga vaziyat va uning kelib chiqish sabablari bo‘yicha hisobot bilan murojaat qilgan. Sobiq harbiy muhandis va olim, aftidan, o‘z fikrini haddan tashqari to‘g‘ri yetkazgan, bu esa amaldorlar bilan muloqotda ijobiy strategiya hisoblanmaydi. Simens deyarli barcha muammolarda liniyalarni o‘rnatishdagi tejamkorlikni ayblagan.

Nottenbom bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamagan va hisobotdan o‘ziga xos xulosa chiqargan. U Simensga nisbatan yovlarcha munosabatda bo‘lgan, shu bois u Siemens & Halske’ni davlat buyurtmalaridan mahrum qilish uchun o‘z mavqeidan foydalangan. Telegraf idora rahbari uchun bu qiyin bo‘lmagan.

Shunday qilib, Simensning kompaniyasi og‘ir ahvolda qolgan va ma'lum muddat hatto inqiroz yoqasida bo‘lgan. Bunday vaziyatda omon qolish uchun boshqa sohalarga e'tibor qaratishga va global integratsiyani boshlashga to‘g‘ri keldi. Firma temir yo‘llarga signalli elektr jihozlarini yetkazib bera boshladi. Yana bir soha turbina hisoblagichlari bo‘lgan. Ularni Buyuk Britaniya buyurtma qilgan.

Manbalarning aksariyati kompaniyaning Rossiya bilan tuzgan shartnomalar tufayli omon qolganini ta'kidlaydi. 1851 yilda kompaniya u yerga 75 ta telegraf qurilmasini yetkazib berdi. U paytlar mamlakatda faqat birgina telegraf liniyasi (Sankt-Peterburg va Moskva o‘rtasida) bo‘lgan. Simensga bu bozor istiqbolli bo‘lib ko‘ringan va u Rossiyaga qarab yo‘l olgan hamda buyurtmalar olgan. Shundan so‘ng u ukasi Karlni Rossiyadagi savdo vakili etib tayinlagan.

1853 yilda kompaniya butun Rossiya imperiyasi orqali o‘tuvchi ulkan telegraf tarmog‘i qurilishini boshlab yuborgan. Uning uzunligi 10 ming kilometrni tashkil qilgan. Barchasi oliy darajada bajarilgan. Oxir-oqibat ishning yuqori sifati Siemens & Halske’ni ko‘pgina muammolardan himoya qilgan va Rossiya telegraf tarmog‘ining Yevropadagi eng yaxshi tarmoq deb atalishiga imkon bergan. Simens Rossiya bilangina chegaralanib qolmagan, u boshqa mamlakatlardan ham buyurtmalar ola boshlagan, jumladan Shvetsiyadan. Xorijagi muvaffaqiyat kompaniyaga 1857-1858 yillardagi Yevropa inqirozidan osonlikcha o‘tishga imkon bergan.

Verner Simens ixtirochilik faoliyatini davom ettirgan. 50-yillar davomida liniyadagi nosozlikni bartaraf qiluvchi maxsus uskuna, simdan ko‘p marta foydalanish usuli u tomonidan kashf qilingan.

60-yillar boshida Siemens suv osti telegraf kabellarini ochiq dengiz orqali o‘tkazishda ishtirok etgan. 1850-yillar oxiridagi ilk urinish muvaffaqiyatli bo‘lgan, kompaniya shu tariqa Kalyari va Bonni bog‘lashga muvaffaq bo‘lgan. 1864 yilda esa Siemens & Halske Kartaxen va Oran o‘rtasida suv osti telegraf kabelini o‘tkazishga buyurtma olgan.

Bu safar omad ishbilarmondan yuz o‘girdi va uch urinish tunazzul bilan yakunlandi. Shunday bo‘lsa-da, ba'zi manbalar Simensning oxir-oqibat o‘z maqsadiga erishganini ta'kidlaydi, boshqalari esa – buning aksini. Har holda kompaniya u yerda o‘z nufuziga putur yetkazgan katta qiyinchiliklarga duch keldi.

1867 yilda Galske kompaniyadan ketdi. Bunga bir necha sabab bor edi – u Siemens & Halske’ning Oran va Kartaxen o‘rtasidagi telegraf liniyasini o‘tkazish jarayonidagi tavakkalini yoqlamagan, shu bilan birga Simenslarning kompaniyani rivojlantirish siyosatini qo‘llab-quvvatlamagan. 

Shu davrda Simens o‘zining eng muhim kashfiyotlaridan biri – 1867 yilda namoyish etilgan dinamo-mashinani ishlab chiqarish bilan band bo‘lgan. Mazkur ishlanma ixtirosiga 12 yil sarflangan, bu birinchi elektr generator bo‘lgan – uning texnologiya taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi beqiyos. Xususan, u shaxta elektroventelyatorlari, elektr bolg‘achalar va boshqalarni ishlab chiqarishga imkon bergan.

 

Hind-Yevropa telegrafi. Raqobatning kuchayishi

1868 yilda kompaniyaning erta tarixidagi eng yirik loyihalardan biri – Hind-Yevropa telegraf liniyasining qurilishi boshlangan. Bu liniyani ba'zan London-Kalkutta deb ham atashadi. Simens mutlaqo yangi tizimni joriy qilish istagida maxsus telegraf qurilmasini ishlab chiqqan.

1868 yilda Angliyada Hind-Yevropa telegraf kompaniyasi qayd qilingan. Uning ustav kapitali 450 ming funtni tashkil qilgan. Qurilishga ikki yil sarflandi va uning liniyasi Germaniya, Rossiya imperiyasi va Persiyadan o‘tgan.

Mazkur liniya bo‘ylab harakatlanish uchun atigi 28 daqiqa ketardi. O‘sha paytlar bu fantastikadek tuyular edi. Hind-Yevropa telegrafi 1931 yilgacha ekspluatatsiyada bo‘lgan. 1871 yilda Qora dengiz qirg‘og‘idagi zilzila natijasida bu liniyaga ziyon yetdi va u vaqtinchalik ishdan chiqdi.

1871 yilda Simensga yana suv osti kabelini o‘tkazishni taklif qilishdi. Bu taklif Transatlantika telegraf liniyasi haqida orzu qilgan eng yirik nemis bankirlaridan biri tomonidan berilgan. Simens loyihaga kirishishga tayyor edi, biroq missiya muvaffaqiyatiga biroz shubha qilgan. Shu tariqa loyiha amalga oshmay qolgan.

Aka-uka Simenslar Transatlantika telegraf liniyasiga ishonchli buyurtmachi topishga harakat qilishgan. Raqobatchilarning ko‘pligi tufayli bu ish juda qiyin kechgan. Ba'zan ish tuhmatlargacha borib yetgan. Natijada 1873 yilda Simenslar Irlandiya va AQSh o‘rtasida telegraf liniyasini o‘tkazishga doir shartnomani qo‘lga kiritishgan.

1874 yilda CS Faradey kema-kabel o‘tkazuvchisi suvga tushirilgan. Uning egasi Siemens kompaniyasi bo‘lgan, innovatsion texnologiyalarning bir qismini esa shaxsan Verner Simensning o‘zi ishlab chiqqan.

Irlandiya va AQSh o‘rtasida kabel o‘tkazishda bir qator qiyinchiliklarga duch kelingan. U paytlar CS Faradey’da Karl Simens bo‘lgan. U to‘siqlar oldida bosh egmay, muammoning yechimini izlashda davom etgan va nihoyat, urinish muvaffaqiyatli yakunlangan. Kelgusida Simens Yevropa va AQSh o‘rtasidagi telegraf liniyasi uchun mukammal kabel yaratishga muvaffaq bo‘ladi.

Raqiblar Siemens faoliyatiga ko‘p marta to‘sqinlik qilishga urinishadi. 1874 yilda matbuotda CS Faradey’ning aysbergga urilib, cho‘kib ketgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Bu Verner Simens uchun katta sinov bo‘ldi. Shu kuni u Fanlar Akademiyasi safiga kiritilishi munosabati bilan omma oldida chiqish qildi. Siemens’ning ba'zi raqiblari hatto kompaniya tomonidan o‘tkazilgan kabellarni uzib ham  ketishgan. Biroq kompaniya barcha sinovlardan munosib o‘tishning uddasidan chiqqan va natijada yana kamida besh transatlantik liniya o‘tkazilgan.

1877 yilda Germaniyaga yana bir mashhur kashfiyot – Bellning ko‘p funksiyali telegrafi yoki boshqacha aytganda, ilk telefonlardan biri yetib kelgan. Siemens pochta bo‘limi topshirig‘iga ko‘ra, uni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Verner Simens uning nafaqat mashhur o‘yinchoq, balki butun bir soha kelajagi ekanini anglab yetgunga qadar bunga jiddiy yondashmagan. So‘ngra u bu sohada bir necha shaxsiy ishlanmalarini yaratgan va ular bilan savdo qila boshlagan.

70-yillar oxiri va 80-yillar boshida Simens nafaqat o‘z vatani, balki butun dunyoda tan olindi. Ayniqsa, 1879 yilgi Berlindagi ko‘rgazma buning yaqqol dalilidir. Aynan shu tadbirda Simens o‘zining ilk elektrik temir yo‘lini namoyish qilgan. Umuman olganda, bu bir necha vagonli elektr lokomotivlar bo‘lgan, ishbilarmon ularni yer ostida qo‘llashni rejalashtirgan. Juda ko‘p odamlar unda uchish istagini bildirishdi. 1880 yilda u birinchi elektrik ko‘tarish moslamasini namoyish qildi. Bir yildan keyin Siemens Berlindagi birinchi tramvayni ishga tushirdi.

1882 yilda Verner Simens Berlin metrosini yaratishga bo‘lgan birinchi urinishini amalga oshirdi. Unda trolleybuslarning sinov versiyalari qo‘llangan. Simensning muvaffaqiyatlariga qaramay, loyiha biroz kechroq uning o‘g‘li Vilgelm tomonidan amalga oshiriladi. 80-yillarda kompaniya yana bir yirik loyiha- Qishki saroyni yoritish tizimini ishga tushirdi.

1880-yillarda Verner Simens kompaniya rahbarligidan asta-sekin uzoqlasha boshladi. Bu vaqtga qadar u DEG kompaniyasi bilan shartnoma imzolashga ulgurgandi, uning global maqsadi – butun Germaniya bo‘ylab elektrik yoritish tizimini tadbiq etish bo‘lgan. Shartnomaga ko‘ra, DEG kompaniyasi Siemens patentlari bo‘yicha ishlab chiqarish huquqiga ega bo‘lgan, buning evaziga esa jihoz va materiallarni Simensning kompaniyasidan xarid qilgan.

Keyinchalik DEG rahbari Ratenau shartnomani buzib, o‘ziga boshqa yetkazib beruvchi topadi. Simens shartnomani bekor qiladi. DEG qayta nomlanib, AEG deb yuritila boshlanadi. Bunga qadar Siemens Germaniyaning energetika bozoridagi yagona kompaniya hisoblanardi. Endi esa raqiblar soni orta boshladi.

1888 yilda Simensga dvoryanlik unvoni beriladi va endi uni fon Simens deb chaqira boshlashdi.

1889 yilda Simens firma rahbarligini tark etdi. Rahbariyat tepasiga uning o‘g‘illari – Vilgelm va Arnold keldi. Direktor esa uning Sankt-Peterburgdagi ukasi Karl hisoblanardi. Verner fon Simensning ketishidan avval uning kompaniyasida 5 mingdan ziyod ishchi xizmat qilardi, 3 filial faoliyat ko‘rsatardi – Rossiya, Avstriya va Angliyada. Verner fon Simens 1892 yilda hayotdan ko‘z yumdi, u o‘limidan avval shaxsiy memuarlarini chop etishga ulgurdi.

 

Kompaniyaning qayta qurilishi. Siemens XX asrning birinchi yarmida

Bu vaqtga kelib Siemens’ning ishlari yurishmayotgan edi. AEG’dan tashqari, raqiblar qatorida yana bir necha yirik kompaniyalar bor edi. Masalan, Shukert&Co nyurnberg kompaniyasi 90-yillar davomida Siemens va AEG’ni qo‘shganda ulardan ko‘p markaziy stansiyalar qurgan. Telekommunikatsiya sohasida ham raqiblar kuchli edi – telefon sotuvlarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan AT&T va Western Electric.

Karl biznesni qayta qurishga kirishdi. 1890-yillarda Karl Simens rahbariyatga ko‘proq e'tibor bera boshlagan. Xususan, u bu davrda kompaniyani mas'uliyati cheklangan aksionerlik jamiyatiga aylantirdi. Qayta tashkillashtirish ishlari 1897 yilda to‘liq nihoyasiga yetdi. Siemens & Halske’ning ustav kapitali 28 million markani tashkil qildi. Bundan avval bankdan kredit olmagan Simenslar tashqaridan kapital jalb qilishga kirishdi.

1903 yilda AEG bilan hamkorlikda Telefunken Gesellschaft für drahtlose Telegraphie nomini olgan korxonani tashkil qildi. Qo‘shma korxona tuzilishiga sabab – ularning avvalgi qo‘shma loyihalariga bo‘lgan huquqni bo‘lisha olmasligida bo‘lgan. Bunga bardosh bermagan birinchi inson – Germaniya imperatori Vilgelm II bo‘ldi. U bahs-munozalardan charchab, ularni qo‘shma korxona tuzishga majbur qilgan. Shu tariqa radio va teletexnikaning afsonaviy ishlab chiqaruvchisi hisoblangan Telefunken paydo bo‘ldi.

Shu yili Siemens o‘z raqiblaridan biri bo‘lgan Shukert&Co. kompaniyasini qo‘lga kiritgan. Uning aksariyat qismi Simenslarga qarashli bo‘lgan bo‘lsa-da, u Siemens & Halske’ning bir qismiga aylanmagan va deyarli mustaqil faoliyat yuritgan. U Siemens-Schuckertwerke nomini olib, kelajakda turli texnika, elektronika va uskunalarni ishlab chiqarish orqali nom qozonadi.

1908 yilda unga Protos Automobile avto ishlab chiqaruvchisi ham qo‘shildi. Biroq bu yo‘nalish muvaffaqiyati odatda yuqori baholanmaydi. Buning ajablanarli yeri yo‘q – Germaniyada avtomobil bozorida raqobat juda katta bo‘lgan. 20-yillarda kompaniya bu bozordan ketadi. Oxir-oqibat Protos elektronika va maishiy texnika, shuningdek muzlatgich, changyutgich va pechlar ishlab chiqaruvchisi sifatida taniladi.

1911 yilda Siemens-Shuskert-I dirijabli paydo bo‘ldi. Bunga qadar kompaniya samolyot ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan, biroq bu sohada katta muvaffaqiyat qozonmagan.

Urush davomida Siemens-Shuskert samolyotlarni muvaffaqiyatli ishlab chiqargan. Ularning orasida 1918 yilda ishlab chiqarilgan Siemens-Schuckert R. VIII’ni qayd etish mumkin. Uning asosiy xususiyati shundan iborat ediki, u Birinchi jahon urushi davrida qurilgan eng yirik samolyot hisoblangan.

1906 yilda Karl fon Simens vafot etgan va rahbarlik to‘liq Verner fon Simensning o‘g‘illariga o‘tgan. Aynan ular kompaniyani Birinchi jahon urushidan eson-omon olib chiqishadi.

Urush davrida Siemens & Halske o‘zi o‘rgangan sohalarni tark etishiga to‘g‘ri kelgan, zero bunday mahsulotlarga bo‘lgan talab keskin pasaygan. Kompaniya portlovchi moddalar va aviamotorlar ishlab chiqarishga diqqatni qaratgan. Siemens & Halske’ning asosiy yutuqlaridan biri nemis kreyserlari uchun o‘t o‘chiruvchi tizimning yaratilishi bo‘lgan.

Agar global miqyosda baholaydigan bo‘lsak, Birinchi jahon urushi kompaniya uchun og‘ir davr bo‘lgan. 1917 yilda bolsheviklar kompaniyaning Rossiyadagi mol-mulkini musodara qilgan. Uning umumiy bahosi 50 million rublni tashkil qilgan. Shuningdek kompaniyaning Britaniyadagi filiali ham yo‘qotilgan. Urushdan keyin u Simenslarga qaytarilmadi.

1918 yilda Arnold fon Simens hayotdan ko‘z yumdi. Vilgelm o‘z akasidan bir yil keyin vafot etdi. Shu munosabat bilan kompaniyaning yangi rahbari Karl Fridrix fon Simens (Karlning o‘g‘li) bo‘lgan. Uning maqsadi – kompaniyani urushdan keyin qayta oyoqqa turg‘izish bo‘lgan. U oilaviy imperiya qoldiqlaridan ko‘p sohali konglomerat yaratishni boshladi.

1920-yillar boshida kompaniya radiopriyomniklar va changyutgichlar bozoriga muvaffaqiyatli chiqa boshlaydi. Yana bir muhim innovatsiya konveyr ishlab chiqarishni joriy qilish bo‘lgan.

1923 yilda kompaniya Yaponiya bozoriga kirib bordi. Tez orada Tokioda Furukawa Denki Kōgyō bilan qo‘shma korxona hisoblangan Fusi Denk filiali paydo bo‘ldi. U elektrik jihozlarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan.

Siemens avvalgidek turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritgan. AEG bilan hamkorlikda ovozli kinoni rivojlantirish bilan shug‘ullangan Klangfilm kompaniyasi ishga tushirilgan.

1925 yilda Siemens tibbiy jihozlar bozoriga kirib boradi. U Reiniger, Gebbert & Schall bilan birga shu sohadagi yirik ishlab chiqaruvchi — Siemens-Reiniger’ni yaratadi. Uning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri rentgent uskunalar bo‘lgan.

Bundan tashqari, kompaniya yo‘l harakatini boshqarish tizimini ishlab chiqargan. Siemens shuningdek GES qurilishi bilan shug‘ullangan, masalan, Shannon va Irlandiyada.

1940 yilda u iste'foga chiqadi va Germa fon Simens (Arnoldning o‘g‘li) kompaniyaning yangi rahbari bo‘ladi. U shuningdek Deutsche Bank rahbari ham bo‘lgan.

1944 yilga kelib, Siemens’da 50 mingga yaqin ishchi mehnat qilgan.

Kompaniya mahsulotlariga keladigan bo‘lsak, samolyotlarni aniqlash bo‘yicha innovatsion tizim hamda V-1 va V-2 raketalari ishlab chiqarilgan.

Davlatning yordami va yirik shartnomalarga qaramay, Ikkinchi jahon urushi kompaniya tarixidagi omadli davr hisoblanmaydi. Urush oxirida Siemens bombardimon va harbiy harakatlardan ancha jabr ko‘rdi. Shtab-kvartira va omon qolgan zavodlarda faoliyat vaqtinchalik to‘xtatilgan.

German fon Simens hibsga olingan. U ham ko‘plab nemis ishbilarmonlari qatorida natsistlar bilan hamkorlik qilishda ayblangan. Uning aybi o‘z isbotini topmaydi.

Siemens 5070-yillarda. Innovatsiyalar va qo‘shma korxonalar

1948 yilda German fon Simens rahbariyatga qaytdi. Oilaviy imperiya yana og‘ir avholda qoldi – jihozlarining aksariyat qismi olib chiqib ketilgan, patent huquqlari yo‘qotilgan, zavodlar vayronaga aylangan, malakali ishchilar yetishmagan.

Oilaviy biznesni qayta qurishga kirishgan German deyarli yangi kompaniyani barpo qilgan. 50-yillarning boshida kompaniya o‘z sohalari bo‘yicha faoliyat yurita boshladi – yoritish, elektronika, tibbiy jihozlar, aloqa. Bundan tashqari, kompaniya hisoblovchi mashinalar va yadroviy energetika bozoriga qo‘shiladi.

Tez orada Siemens elektron mikroskopi yaratiladi. 1956 yilda German fon Simens biznesni Karl fon Simensning o‘g‘li Ernstga topshiradi.

Kompaniyaning tibbiy uskunalarni ishlab chiqaruvchi bo‘limi 1965 yilda Vidoson – dunyoda birinchi ultratovush skaner qurilmasini namoyish etdi.

Yana bir muhim yutuq kosmik sohaga to‘g‘ri keladi. Siemens’da ishlab chiqarilgan triodlar Mariner IV uzatuvchilarida qo‘llangan. Amerikaning bu kosmik apparati boshqa sayyorani yaqin masofadan suratga olishga muvaffaq bo‘lgan birinchi qurilmadir. U Marsni suratga olgan.

Kompaniya shuningdek Germaniya bo‘ylab tezyurar poyezdlarni yetkazib bergan va AES qurilishi bilan shug‘ullangan. Ulardan biri Argentinada qurilgan. Bundan tashqari, kompaniya dunyoning turli mamlakatlarida bir necha AES qurgan.

1969 yilda kompaniya aktivlari olti yo‘nalishga ajratilgan – komponentlarni ishlab chiqarish, telekommunikatsiya, tibbiy texnika, ma'lumotlarni qayta ishlash, energetik mashina qurilishi va elektr jihozlash. 1969 yilda konsern sotuvlari hajmi 10 milliard markani tashkil qilgan.

1971 yilda Ernst fon Simens kompaniya rahbari lavozimini tark etdi. U bu vazifani jiyani Piterga topshirdi. Odatda 70-yillar Siemens uchun juda omadli yil hisoblanadi, chunki bu vaqtga kelib, moliyaviy ko‘rsatkichlar oshgan, Siemens esa o‘z ko‘lamini yanada kengaytirgan.

Siemens barcha sohalarda muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan. Masalan, u EHMning GFRdagi bozorining 21 foizini qamrab olgan. Bu o‘z ulushini yo‘qotayotganini sezgan IBM’ni tashvishga solgan.

70-yillarda kompaniya alternativ energetika (jumladan quyosh energiyasi) sohasida tadqiqotlar o‘tkaza boshladi. Siemens bu bilangina cheklanmadi, u issiqlik stansiyalariga ham e'tibor qaratdi. Kompaniya tadqiqotlari samara va ekologiyani yaxshilashga qaratilgandi.

 

Siemens 8090-yillarda. Uyali telefonlar bozoriga kirish

80-yillarda kompaniya nomi yanada mashhur bo‘lib ketdi, bunga uning uyali telefonlarni ishlab chiqara boshlagani sabab bo‘ldi. 1985 yilda Siemens Mobile bo‘limi ishga tushdi. O‘sha yilning o‘zidayoq Siemens kompaniyasining birinchi qurilmasi Mobiltelefon C1 paydo bo‘ldi. Uning og‘irligi deyarli 9 kilogramm bo‘lgan va avtomobillarda o‘rnatishga mo‘ljallangan. 1987 yilda yana bir model - Siemens Mobiltelefon C2 qurilmasini ishlab chiqardi. Bu telefon deyarli 7 kilogramm bo‘lgan va avvalgi modelning yaxshilangan versiyasi bo‘lgan.

80-yillar boshida Piter Simens o‘z lavozimini tark etdi va birinchi marta kompaniya boshqaruvi oila a'zolari emas, oddiy xodim Bernard Pletnerga topshirilgan. Uning yoshi 67da bo‘lgan, shunga qaramay, u faol ishlagan va kompaniya faoliyatidan yaxshi xabardor bo‘lgan. U bir necha o‘n yillar kompaniyani boshqargan.

Pletner rais lavozimini egallagach, bosh direktor lavozimiga Karlxayns Kaske tayinlangan. Simenslar oilasi kompaniya boshqaruvidan ketgan bo‘lgan bo‘lsa-da, ular konsernning eng yirik aksionerligicha qolmoqda.

1983-1988 yillarda ishlab chiqarish, tadqiqot va kompaniyalar sotuviga 24 milliard dollar sarflangan.

80-yillar davomida kompaniya nafaqat tadqiqot va ixtirolar qildi, balki turli loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirdi. 1980 yilda EWSD raqamli kommutatsion texnologiya qo‘llana boshlandi.

90-yillar boshida Siemens rahbariyatida yana o‘zgarishlar kuzatildi. Bosh direktor o‘zgardi. Bu lavozimni Genrix fon Pirer egalladi. Bunga Yevropadagi inqiroz sabab bo‘ldi. Yangi bosh direktor darhol konsernni rivojlantirishning o‘ziga xos kursini taklif qildi.

1997 yilda ICE-2, 2000 yilda ICE-3 poyezdlari paydo bo‘ldi. Shundan keyingi elektr poyezdlari Siemens Velaro nomi ostida ishlab chiqarila boshlaydi. Kompaniya o‘z poyezdlari bilan nafaqat Yevropada, balki dunyoning boshqa mintaqalarida ham savdo qiladi.

90-yillarda poyezdlardan tashqari kompaniya telefonlari ham taraqqiy topdi. 80-yillarda boshlangan qurilmalar qatori davom ettirilib, 2,5 kilogrammli S-3 modeli ishlab chiqildi. Keyin esa GSM standartini qo‘llovchi birinchi qurilma - S-4 namoyish etildi. 1993 yilda zaryadsiz uzoq ishlay olishi bilan tanilgan S-1 qurilmasi paydo bo‘ldi.

1997 yilda S-10 —rangli ekranli ilk uyali telefon ishlab chiqarildi.

90-yillarning ikkinchi yarmida Yevropa bozori retsessiyada bo‘lgan. Boz ustiga Osiyo inqirozi ham qo‘shilgan. Natijada 1996-1998 yillarda Siemens daromadi keskin qisqargan. 1998 yilda Pirer kompaniyaning haddan ziyod ko‘p sohalarda faoliyat yuritganini tan oladi.

Shundan so‘ng kompaniya to‘rt yo‘nalishga diqqatni qaratdi: elektr energiyasi, sanoat, temir yo‘l tizimi va axborot.

 

Siemens XXI asrda. Korrupsion janjal va byurokratiya bilan kurash

2000-yillar boshida kompaniya globalizatsiyaga yo‘naltirilgan siyosatini davom ettirdi. U Mannesmann AG konsernining Vodafone xaridi haqidagi bitimi evaziga kengaydi.

Shuningdek kompaniya keraksiz aktivlardan xalos bo‘la boshladi. 2000-yillar boshida ularga yadro energetikasi bilan shug‘ullanuvchi yo‘nalish ham qo‘shildi. Siemens uning 35 foiz aksiyasiga egalik qila boshladi. Bularning barchasi oldindagi ikki mojaro fonida yo‘qqa chiqadi.

Birinchisi 2002 yilda, Financial Times va bir necha boshqa manbalar kompaniyaning Iroqqa yetkazib berayotgan buyraklardagi toshlarni maydalovchi uskuna komponentlaridan yadroviy qurol ishlab chiqishda foydalanish mumkinligi to‘g‘risida xabar bergan. Bu xabar jamoatchilik orasida katta muhokama va munozaralarga sabab bo‘lgan. Kompaniyaning aybi Iroqda yadroviy qurolni topa olmagan amerikaliklarning o‘zi tomonidan rad etilgan.

Keyingi mojaro 2004 yilda bo‘lib o‘tdi – Italiya prokuraturasi Siemens’ni poraxo‘rlikda aybladi. Huquq-tartibot organlari xodimlarining fikricha, kompaniya xodimlariga Enel’ga qarashli  Enelpower rahbariyatiga 6 million yevro miqdorida pora berishga ruxsat bergan. Bu gaz turbinalari bo‘yicha shartnomani qo‘lga kiritish uchun kerak bo‘lgan. Natijada Siemens’ga bir yil davomida Italiya davlat kompaniyalari bilan hamkorlik qilish taqiqlangan va 38 million yevro miqdoridagi jarimaga tortilgan. Ayb qo‘yilgan menejyerlar 2007 yilda jarimaga tortilgan va Germaniyada shartli jazoga hukm qilingan.

Mojarolar shu bilan tugamadi, aksincha ko‘paydi. 2005 yilda Pirer rais etib tayinlanib, kompaniya bosh direktori lavozimini tark etdi. Yangi bosh direktor Klaus Klyaynfeld bo‘ldi.

Bunga qadar u Siemens Managment Consulting Group konsalting kompaniyasini boshqargan. Bundan tashqari, u kompaniya bo‘limlari daromadini oshirish va uni inqirozdan olib chiqishni yaxshi biladigan ishbilarmon sifatida nom qozondi. 2005 yilda u kompaniyaning mobil bo‘limini BenQ’ga sotadi. Shartnoma summasi 350 million dollarni tashkil qildi.

Klyaynfeld yaxshi rahbar bo‘lishiga qaramay, tez orada o‘z lavozimini tark etdi. 2006 yilda kompaniyaning shtab-kvartirasida, shu jumladan Klyaynfeldning xonasida ham tintuv o‘tkazildi. Kompaniya rahbariga tahdid soluvchi hech qanday hujjat topilmadi, biroq u shartnoma muddati tugashi bilan (2007 yil 1 oktabr) bu lavozimni tark etishini ma'lum qildi.

Siemens top-menejyerlari bu paytga kelib o‘z lavozimlarini tark eta boshlashdi. Kompaniya moliyaviy direktori va telekommunikatsiya bo‘limi rahbariga esa ayblovlar qo‘yilib, hibsga olindi.

Bundan tashqari, 2006 yilda kompaniya 420 million yevro miqdorida pora olganini tan oladi. 2007 yilda o‘tkazilgan ichki tergov taxminan 1,6 milliard yevro miqdoridagi summada shubhali tranzaksiyalar amalga oshirilganini ko‘rsatgan. Siemens shuningdek 11 nafar top-menejyerni ham sudga bergan, ularning orasida Pirer va Klyaynsfeld ham bor.

Kompaniya rahbariyatiga Peter Lesher keldi. U mojarolar va byurokratiya ostida qolgan ulkan konsernga boshchilik qila boshladi.

Lesher butun tuzilmani o‘rganib chiqqan. Uning ilk qarorlaridan biri “bir rahbar – bir biznes” qoidasidan kelib chiqib, kengashni qisqartirish bo‘lgan. Shunday qilib, kengashda 8 kishi qolgan. Buning uchun Lesher Egor Zehnder agentligini yollagan. Tekshiruvdan o‘tishni istamaganlarga iste'foga chiqish imkoni berilgan. U bo‘limlar rahbarligiga yetuk mutaxassislarni tanlashga muvaffaq bo‘lgan.

Lesherning boshqaruv siyosati haqida gap ketar ekan, teng imkoniyatlar siyosatini yodga olmay iloj yo‘q. U kelguniga qadar kompaniyaning boshqaruv tarkibida birorta ayol bo‘lmagan, u bu vaziyatni to‘g‘irladi va kengashga ikki ayol kishini kiritdi. Keyinchalik hatto yaxshi natija ko‘rsatganliklari uchun ularning mavqeini ko‘tardi.

Kompaniyadagi bir qator o‘zgarishlarga qaramay, Siemens’da kutilgan barqarorlik va o‘sish kuzatilmagan. 2009 yilda kompaniya uchun asosiy hisoblangan bozorlarda talab kamaya boshlagan. Lesher esa, ko‘pchilikning fikricha, bozor ehtiyojlarini notog‘ri baholagan. Bundan tashqari, kompaniyaning xarajatlari ko‘payib ketgan.

2013 yilda kompaniya rahbari lavozimida Lesherning o‘rnini Jo Kezer egallagan. Lesherning iste'fosi qoniqarsiz moliyaviy ko‘rsatkichlar bilan bog‘lanadi. Besh yil ichida aksiyalar kursi 11 foizga tushib ketgan.

Jo Kezer bunga qadar kompaniyaning moliyaviy direktori sifatida faoliyat yuritgan. Bosh direktor lavozimida ishga kirishgan Jo faol harakat qila boshladi.

Gap shundaki, 2014 yilda Siemens’ning asosiy raqiblaridan biri bo‘lgan General Electric Fransiyaning Alstom konsernining energetik biznesini qo‘lga kiritmoqchi bo‘ladi. Kezer esa buni hech istamasdi, shuning uchun u bu yo‘nalishni qo‘lga kiritishga kirishadi. GE u uchun 12,4 milliard yevro taklif qiladi. Siemens 11 milliard yevro va poyezd ishlab chiqarish yo‘nalishidan boshlaydi. Alstom’ga taklif ma'qul kelmaydi.

Shunda Siemens Mitsubishi bilan hamkorlik qilishga qaror qiladi. Ular birgalikda 9 milliard yevro taklif qilishadi. Ikki gigant ham o‘z manfaatini ko‘zlaydi. Biroq bu jangda GE g‘olib bo‘ladi.

Shu yilning o‘zida kompaniya Rolls-Royce’dan 785 million funtga gaz turbinalari va kompressorlari sohasidagi biznesini sotib oladi. Keyingi qadam 7,6 milliard dollarga Dresser-Rand xaridi bo‘ldi. U neft-gaz sohasi uchun turbina va kompressor ishlab chiqaradi.

 

Kezerning kompaniyani 2020 yilgacha rivojlantirish startegiyasi jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otadi. Yangi rahbarning asosiy yo‘nalishlaridan biri - byurokratiya bilan kurashish. Kezerdan oldingi rahbarlar ham bunga harakat qilishgan, biroq natijalar shubhali bo‘lgan. Kompaniya rahbari uning bo‘limlari sonini 16tadan 9taga qisqartiradi. Qolgan to‘qqiz bo‘lim ikki yo‘nalishda ish olib boradi – sanoat uchun raqamli uskunalar va energetik muhandislik.

 

Kompaniya sohalarda avtomatlashtiruv, elektrifikatsiya va raqamli texnologiyalarning o‘sishiga diqqatini qaratadi. Yuqorida nomlari qayd etilgan kompaniyalar aynan shu maqsadda xarid qilingan. Tuzilmaviy qayta qurishlar deyarli 12 ming ishchi o‘rinning qisqarishiga olib kelgan. 

 

Tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchi bo‘lim katta erkinlikka ega bo‘lib, deyarli mustaqil faoliyat yurita boshlaydi.

 

Kezerning yutuqlari haqida gapirishga hali erta. 2015-2016 moliyaviy yil yakunlariga ko‘ra, ishlar yaxshi ketmoqda, bu davrni hattoki kompaniya tarixidagi eng yaxshi davrlardan biri deyish mumkin. Nima bo‘lishidan qat'i nazar, Siemens biznes tarixida eng yirik konsernlar qatorida qayd etiladi.