"Singapur iqtisodiy mo‘jizasi" otasi Li Kuan Yu

  • 15:22 / 24.03.2015
  • 4613

XABARDOR.UZ - "Iqtisodiy mo‘jiza" fenomeni XIX asr oxiri va XX asr oxirida dunyoning qator davlatlarida kuzatilgan bo‘lib, u YaIM sur'atining yuqori darajasi bilan kechgan. Mazkur fenomenning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, davlat tomonidan qator sohalar qo‘llab-quvvatlangan. Ushbu fenomenni Singapur misolida oladigan bo‘lsak, mazkur davlatda yetakchi sohalar - kemasozlik, elektronika sanoati va neft qazib olish aynan shu davrda rivojlantirilgan. Bosh vazir lavozimida 31 yil davomida faoliyat yuritgan Li Kuan Yu Singapurdagi ushbu fenomenning otasi sanaladi. Aynan uning bevosita yetakchiligada Singapur butun dunyoda yuqori mavqega sazovor bo‘ldi. Keling, mazkur maqolamizda Li Kuan Yu boshchiligida amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijasiga batafsil to‘xtalsak.

Yakshanba kuni "Singapur iqtisodiy mo‘jizasi" otasi Li Kuan Yu 92 yoshida vafot etdi. Bosh vazir lavozimidagi 31 yillik faoliyati davomida hattoki ichimlik suvi tanqisligini boshdan kechirgan qoloq orolni dunyoning eng buyuk iqtisodiyotlaridan biriga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi. "Singapur mo‘jizasi"ni hayotga tadbiq etishning asosiy bosqichlari quyidagilardan iborat edi.

1965 yilda mustaqillikka erishgan Singapur ichimlik suvi va qurilish materiallarini ham import qilishga majbur bo‘lgan kichik qashshoq mamlakat edi. Qo‘shni davlatlar bilan ham munosabatlar idealdan ancha yiroq bo‘lib, korrupsiya butun hokimiyatni zabt etgandi.

"1959 yilda Bosh vazir lavozimiga kelgan davrimda YaIM hajmi kishi jon boshiga 400 AQSh dollarini tashkil qilar edi. 1990 yilda men iste'foga chiqqan paytda bu ko‘rsatkich 12,2 ming AQSh dollarigacha o‘sdi, 1999 yilda esa u 22 ming AQSh dollariga yetdi", - deb yozgan edi Li Kuan Yu o‘zining "Singapur tarixi. Uchinchi dunyo mamlakatidan - yetakchilikka" deb nomlangan kitobida.

Li Kuan Yu va 1954 yilda u tomonidan asos solingan "Xalq harakati" partiyasi xorij mutaxassislari boshchiligida ishlangan uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratdilar. Mehnat talab etiladigan sanoatni rivojlantirish, ta'lim darajasini oshirish, arzon turar-joy binolarini qurish, shahar-davlatni Osiyoning asosiy mintaqaviy markaziga aylantirish modernizatsiyaning asosiy vazifalariga aylandi.

Aynan eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish iqtisodiyot rivojining asosiy generatori bo‘lib xizmat qildi. Mahsulot raqobatbardoshligi asosiy talab bo‘lib, sanoatni modernizatsiya qilish, shuningdek, ijtimoiy sektordagi islohotlar ustuvor maqsad etib belgilandi. 

Shundan kelib chiqqan holda, 1973 yilda davlat neft kimyosi, mashinasozlik, elektron sanoat kabi yangi sohalarda turli loyihalarning amalga oshirilishini har tomondan qo‘llab-quvvatladi. U yoki boshqa kompaniya rivojlanayotgan paytda yuqori raqobatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hukumat o‘z moliyaviy ta'sirini kamaytirar va hattoki to‘xtatardi.

Yangi Singapurda davlat kompaniyalari hech qanday imtiyozlarga esa bo‘lmay, xususiy korxonalar bilan bir xil sharoitlarda faoliyat yuritgan. Kompaniya mavjudligining asosiy sharti raqobatbardoshlilik va daromadlilik bo‘lgan.

Shu asnoda, Singapur hukumati samarali bo‘lmagan davlat tadbirkorligi, shuningdek, "Xalq harakati" hokimiyatga kelguniga qadar eski Singapurning asosiy "zazarkunandasi" bo‘lgan korrupsiyaga chek qo‘ydi. Korrupsiyani ildizi bilan yo‘qotish maqsadida, ayniqsa, beshafqat usullardan foydalanilgan. 

Korrupsiyaga qarshi kurash haqidagi mashhur fikrlardan birini Li Kuan Yuga tegishli deb aytadilar. "Ishni o‘z do‘stlaringizdan uchtasini qamoqqa kirgizishdan boshlang. Siz nima uchun shundayligini aniq bilasiz, ular ham buning sababini biladilar". 

Korrupsiyaga qarshi jiddiy qonunchilik tizimidan tashqari har qanday pora olishni yo‘qotish maqsadida boshqaruvchi vazirlik va idora rahbarlarining maoshi hajmi oshirildi.

Samaralilik, korrupsiyaga qarshi kurash, shuningdek, dunyodagi raqabatbardoshlilikka qaratilgan islohotlar Singapurdagi muhim boshqaruv lavozimidagi qarindosh-urug‘chilikka barham berdi. Singapurda meritokratiya, ya'ni qo‘shgan hissasi va qobiliyati asosidagina lavozimga ega bo‘lish yo‘lga qo‘yildi.

Li Kuan Yu hukumati budjet ma'lumotlariga alohida e'tibor qaratdi. "Xalq harakati" hukumatga kelgan paytdan boshlab, budjet bo‘yicha qattiq nazorat o‘rnatildi, uning taqchil bo‘lmasligiga harakat qildilar.

Aynan shu fikrdan kelib chiqib, mamlakat rahbariyati xorijiy investitsiyalar hisobiga qarz va qarzdorlik majburiyatidan voz kechdi. Singapur xorij mablag‘ini keng jalb etishni boshlagan birinchi Janubi-sharqiy Osiyodagi davlat edi. Aynan ushbu mablag‘ yordamida sanoatni samarali modernizatsiya qilishga erishildi. Singapurda o‘z faoliyatini boshlagan dunyoning yirik kompaniyalari mablag‘ talab etuvchi va ilm-fanga ixtisoslashtirilgan korxonalar barpo etdilar va zamonaviy texnologiyalar olib kelishdi.

Yumshoq soliq siyosati, shuningdek, xorij kompaniyalariga berilgan yengilliklar xorij investitsiyalarini jalb qilishga yordam berdi, bu esa Singapur taraqqiyotiga ijobiy ta'sir ko‘rsatdi. 1970 yillar dastlabki o‘n yilligida sanoatning ustuvor tarmoqlarida (neft qazib olish, kemasozlik, tekstil sanoati davlatning yetakchi sohalari sanalgan) xorijlik va mahalliy tadbirkorlar daromad solig‘i, xomashyo va uskunalar uchun import bojidan ozod etilgan, shuningdek, tezkor amortizatsiya imkoniyatiga ega bo‘lishgan.

Shu tufayli 1965 dan 1970 yilgacha Singapur sanoatiga yo‘naltirilgan xorij investitsiyalari 4 mlrd. Singapur dollaridan ortiqni tashkil etdi.

Invetitsiyalarni jalb etish bo‘yicha bunday siyosat qisqa vaqt ichida yetakchi tarmoqni tashkil etish imkonini yaratdi, bu esa Singapur iqtisodiyotining barcha tizimining qayta qurilishiga turtki bo‘ldi. Singapur hali ham xorij investorlari e'tiborini jalb etib kelayotgan mamlakat bo‘lib qolmoqda. 2010 yilda Singapur to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investitsiyalari hajmi 38,6 mlrd. dollarni tashkil qildi, bu esa butun ASeANdagi aynan shu ko‘rsatkichning 48,8 foiziga teng edi.

Xorij investitsiyalarini jalb etish va xorij kompaniyalarining keng qo‘llab-quvvatlanishi natijasida 1980 yillar ikkinchi yarmidayoq Singapur shaxsiy neftiga ega bo‘lmay turib, Janubi-sharqiy Osiyoda neft mahsulotlarini qayta ishlovchi va u bilan savdo qiluvchi yirik markazga aylandi.

Mamlakat kemasozlik va elektronika ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchilardan biri bo‘ldi.

1981 yilda Singapur sanoatni rivojlantirishning keyingi bosqichini aniqlab oldi, unda o‘ta zamonaviy dunyo darajasidagi infratuzilma, bir-birini to‘ldiruvchi havo, suv telekommunikatsiya tizimi va samarali logistika kompleksi talab etilgan. Singapur tashqi iqtisodiy operatsiyalaridagi muhim tarkibiy qism - qayta eksport savdosi aynan logistika tufayli rivojlandi.

Ijtimoiy sektordagi muvaffaqiyatli islohotlar Singapurni modernizatsiya qilish yo‘lidagi o‘ziga xoslik sanaladi.

Mamlakat rahbariyati shahar-davlatning ijtimoiy sohasidagi asosiy muammolariga chek qo‘ydi. Birinchidan, ma'lum vaqt mobaynida jiddiy muammolardan biri bo‘lib kelgan yuqori ishsizlik darajasiga barham berildi: 1960 yilda u 13,5 foizga yetgan. Biznes uchun yaratilgan qulay sharoitlar va yoqimli investitsion iqlim tufayli ko‘plab transmilliy korporatsiyalar Singapurda o‘zining ishlab chiqarish tizimiga asos soldi, buning natijasida esa katta miqdordagi ish o‘rinlari yaratildi.

Buning orqasidan ta'lim muammosi ham hal etildi: malakani talab etuvchi yuqori texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarish ishchilar bilimini oshirish uchun rag‘bat berdi.

Talabalarning xorij davlatlarida malakasini oshirishga homiylik qiluvchi loyihalar paydo bo‘ldi, Singapur hukumati ta'lim va ko‘nikma olish obro‘li ekanligi haqidagi fikrni qo‘llab-quvvatlanishiga sazovor bo‘lishdi.

Ana shunday islohotlar natijasida Singapur XX asr oxiriga kelib Britaniya imperiyasining sobiq qashshoq koloniyasidan Osiyodagi eng badavdat davlatlardan biriga aylandi.

O‘ta beshafqat islohotlar Singapurni bir tarafdan dunyodagi "politsiya" mamlakatlaridan biriga aylantirgan bo‘lsa, boshqa tarafdan barcha Sharqiy Yevropa davlatlari, shuningdek, sobiq sovet xududidagi mamlakatlarga qaraganda yashash darajasini ancha yuqori ko‘rsatkichlarga olib chiqilishiga yordam berdi.

Shunday qilib, Singapur muvaffaqiyatida nafaqat iqtisodiy islohotlar va biznes uchun berilgan imtiyozlar, balki jamiyatning ichki tizimi ham katta rol o‘ynadi.

Teglar