Singapurlik olimlar keraksiz plastik idishlarni foydali aerogelga aylantirish usulini topishdi

  • 08:52 / 28.01.2019
  • 2244

Dunyodagi ko‘plab ilmiy jamoalar muhandislari sivilizatsiyamiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan katta miqdordagi plastikni qayta ishlashning yuqori samarali usulini yaratish ustida ish olib borishmoqda. Bu muammo sayyoraning katta qismidagi aksariyat aholining past darajadagi ekologik mas'uliyati sabab tobora jiddiy tus olyapti. Chiqindilarni yig‘ish va ularni qayta ishlagandan ko‘ra uglevodorod xomashyodan PET-materiallarning yangi partiyasini hosil qilish ancha oson.

Afsuski, ekolog va faollarning barcha sa'y-harakatlariga qaramay, hosil bo‘layotgan plastik chiqindilarning miqdori har yili tobora ortib boryapti. Qayta ishlanayotgan plastik ko‘rsatkichlari esa ancha past. Singapurlik olimlar bu muammoga a'lo darajadagi yechimni taklif etishmoqda. U keraksiz plastik idishlardan aerogel olish imkonini beradi.

Aerogel gelning maxsus turi bo‘lib, unda gazsimon faza suyuq faza o‘rnini to‘liq egallaydi. Bu materialning 50 foizdan ortig‘i bo‘shliqlardan iborat bo‘lib, juda past zichlik va issiqlik o‘tkazish ko‘rsatkichi va nam tortish xususiyatiga ega. Fizik xususiyatlarning ana shunday birikmasi tufayli aerogellar filtr qatlami, changni yutish, turli konstruksiyalarning issiqlik o‘tkazish qismlari sifatida qo‘llaniladi. Ular superkondensator va boshqa g‘aroyib qurilmalarni ishlab chiqarishda qo‘llaniladi.

Singapur Milliy universiteti mutaxassislari foydalanilgan PET-idishlardan arzon va keng tarqalgan kremniy dioksidi yordamida aerogel ishlab chiqarishni taklif etishmoqda. Bu material bilan plastik idishlardan olinadigan polietilentereftalat tolalariga ishlov berilgach, PET-aerogel nomli yangi material hosil qilinadi. Aerogelning bu turini xilma-xil kimyoviy moddalar bilan to‘ldirish va materialning yangi xususiyatlarini hosil qilish mumkin. Olimlar yangi mahsulot yong‘inga chidamli,  zaharli gazlardan himoya qiluvchi maxsus kiyimlar, niqoblar, neft to‘kilganidan keyin uning yog‘simon dog‘larini o‘ziga singdiradigan material va boshqa ko‘plab narsalarni ishlab chiqarishda asqotishiga ishonishmoqda.

Teglar