Sirdaryo viloyatida yangi IES qurilishiga start berildi

  • 14:55 / 14.02.2020
  • 144

“ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi Sirdaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasi qurish investitsiya dasturi doirasida O‘zbekistondagi amaliy ishlarning birinchi bosqichini amalga oshirishga kirishdi. Bu haqida Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, kompaniya qurilishni boshlashdan avval tuproqni o‘rganish ishlarini boshladi. Yangi issiqlik elektr stansiyasi Sirdaryo IES yaqinida barpo etiladi va zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari bilan (BGQ) jihozlanishi tufayli uning samaradorligi amaldagidan 1,7 barobar yuqori bo‘ladi. 

Loyihaga ko‘ra, yangi IESning umumiy quvvati 1250-1500 MVt.ga teng bo‘ladi. Sirdaryo IES energobloklaridan deyarli ikki barobar samarali bo‘lgan H/J toifasiga mansub ikkita bug‘-gaz qurilmasi o‘rnatiladi. Bu yangi qurilmalar tabiiy gazning shartli miqdori hisobidan ikki barobar ko‘p elektr energiyasini ishlab chiqarishini anglatadi.

Yangi issiqlik elektr stansiyasining qurilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy investitsiyalar hisobidan to‘liq amalga oshiriladi va ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uzoq muddatli shartnoma asosida sotiladi.

Qayd etish kerak, mazkur investitsiya loyihasi muhokamasi Energetika vaziri Alisher Sultonovning joriy yil 7-fevralida Saudiya Arabistoni Energetika vaziri o‘rinbosari Abid bin Abdulla as-Sa’dun boshchiligidagi delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilingan edi. Delegatsiya tarkibidan “ACWA Power” kompaniyasi Boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan va kompaniyaning boshqa mutasaddi vakillari joy olgan edi.