Siz tartibli uy bekasimisiz yoki betartib? Psixolog ichki “men”ingiz haqida so‘zlaydi...

  • 10:27 / 26.03.2020
  • 407

 Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, insonning uydagi saranjom-sarishtalikka bo‘lgan munosabati uning fe’l-atvori haqida ko‘p narsani aytib bera olar ekan. Shuningdek, uning yashirin qo‘rquvlari haqida ham.

Uy yumushlariga har kim turlicha munosabat bildiradi: kimgadir har kuni tartib bilan bajarilishi kerak bo‘lgan ish rejasi, yana kimgadir astoydil bajariladigan yumushlar jamlanmasi. Ba’zilar uchun esa ortiqcha g‘alvadek tuyuladi va ularsiz yashash ancha oson kechgan bo‘lardi, deb hisoblaydi. Siz yuqoridagilarning qaysi biriga kirasiz?

Tartiblilik
Bunday uy bekalari shanba kuni oshxona polini yuvishga ulgurmagani uchun yakshanba kuni ham saharlab uyqudan turib olishadi. Pol yuvishga ulgurmaganligi haqidagi xayollar uni kechasi bilan o‘ylantirib chiqqan. Tong otishi bilan ulgurmagan ishiga unnab ketadi: oshxona poli, devorlarini yaxshilab yuvadi. Jo‘mrakni tozalaydi. Qarabsizki, dam olish kuni ham “juda maroqli” o‘tadi.

Yuqorida keltirilgan fikrda zarracha kinoya yo‘q. Tartiblilikka qat’iy amal qiluvchi ayollar chindan ham uy yumushlarini yaxshi ko‘rishadi. Negaki, aynan ular uni ichki xavotir va bosimdan xalos bo‘lishga yordam beradi.

Xonada steril muhitning paydo bo‘lishi esa unga quvonch bag‘ishlaydi. Amerikalik olimlarning aniqlashlaricha, 22 foiz ayollar har kuni 3 soat vaqtini uy tozalashga sarflar ekan. Ularning fikricha, tozalikka sarflangan vaqtga achinish kerak emas.

Ammo bejizga barchasida me’yor bo‘lgani yaxshi, deyilmagan. Avstriyalik ruhshunos Zigmud Freyd so‘zi bilan aytganda, tartiblilikka, saranjom-sarishtalikka o‘ta berilib ketish nevroz kasalligining alomati bo‘lishi mumkin: masalan, mizofobiya, ya’ni mikroblardan qo‘rqish. Ayol xonani kirlardan tozalash vaqtida ichini ham g‘uborlardan tozalagandek bo‘ladi. Darhaqiqat, bu holatdan keyin u o‘zini yengil his etadi. Ammo xonalar yana kirlanadi, ularni yana tozalash kerak. Uyni saranjom qilishdan oldin ruhiyatni tartibga keltirish yaxshi emasmi?
 
Betartiblik
Bu holat yuqorida keltirilgan voqelikning tamomila aksi. Pol kirlikdan oyoq yopishadigan darajaga kelgandagina yuviladi, jihozlar rangi o‘zgargan holga kelgandagina changlar artiladi, kiyimlarni qo‘yishga joy qolmaganida kiyim javoni tartibga keltiriladi. Bunday xonadonda yashovchi insonga yaqinlari uning besaranjomligi, tartibsizligi haqida bot-bot jerkib ham berishadi. Jerkishlar vaqtida o‘zingizni mashhur fizik Albert Eynshteyn ham tartibsiz stolda ishlagani va bu uni hech ham xavotirga solmaganligi haqida o‘ylaysiz. Hafta boshidan hammasini joyiga keltirishni va tartibli bo‘lishni so‘z berasiz,  ammo...

Bunday “saranjom” yashash ortida ham ayrim narsalar yashirin: bu orzularingiz va real hayotingiz o‘rtasida konflikt borligidan darakdir. Bu holatning surunkali davom etishi depressiyaga olib keladi.
Shunday ekan, barcha yumushlarni o‘z vaqtida bajarishga harakat qiling. Avvaliga o‘zingizni bunga sekin-asta o‘rgatib boring. Masalan, har kuni idish-tovoq yuvishga, kiyimlarni yechish zahotiyoq kiyim javoniga joylashga odatlaning.

Me’yor
Ko‘pchilik ayollar shu turkumga kirishadi: tozalikni xush ko‘rishadi, ammo buni ma’lum belgilangan vaqtda amalga oshirishadi. Negaki, har bir uy bekasida uy-yumushlarning bajarilish rejasi bo‘ladi: har yakshanba oshxona, hammom tozalanishi, har kuni uy jihozlar changi bir sidra artilishi kerak. Agar ularni biror sabab tufayli bajara olmadimi, demak, shunday bo‘lishi kerak: hayot har doim ham bizning rejamizday o‘tavermaydi.

Ular tozalik ortidan qattiq quvmaydilar, hamma vaqtini uy tozalashga sarflab yubormaydilar. Tozalik, saranjom-sarishtalik yaxshi narsa, ammo uni ortiqcha fantaziyalarsiz yoki boshqa kundalik qiziqishlarga zarar yetkazmagan holatda bajarish lozim.