“Skoda” tavsiya etadi: avtomobilni qanday dezinfeksiyalash mumkin?

  • 11:59 / 26.03.2020
  • 324

 Chexiyaning “Skoda” kompaniyasi koronavirus pandemiyasi sharoitida mashina va yo‘lovchilarni qanday qilib kasallikdan asrash haqida o‘z tavsiyalarini ishlab chiqdi. 

Birinchi navbatda kompaniya avtomobilda qayergadir otlangan bo‘lsangiz, yo‘ldan yo‘lovchilar olmaslikni maslahat bermoqda. Qo‘shimcha yo‘lovchi juda zarur bo‘lib qolgan hollarda esa ularda koronavirus, gripp yoki shamollash alomatlari yo‘qligiga ishonch hosil qiling. Shu bilan birga havoni tozalab turuvchi respirator hamda tibbiyot niqoblaridan foydalanishni unutmang.

Salonni dezinfeksiya qilishda asosan rul chambaragi, mashinani yurg‘izish dastagi, tormoz dastagi, eshik tutqichlari va multimediya tizimi tugmalarini nazardan qochirmang. Rul chambaragida joylashgan turli tugmalar, o‘rindiqni sozlash tutqichlari, eshik romlari, yukxona va eshikning tashqi tutqichlarini ham yoddan chiqarmang.

Salon ichini tarkibida 70 foiz spirt bo‘lgan har qanday vosita yordamida dezinfeksiya qilish mumkin. Bunda sanitayzerdan me’yorida foydalanish lozim. Aks holda o‘rindiqlar ustiga yopilgan mato namlanib, o‘z rangini o‘zgartirishi mumkin. Vodorod peroksidi eritmasidan esa foydalanish mumkin emas. Dezinfeksiyadan so‘ng avtomobil salonini yaxshilab shamollatish kerak. Havoni tozalash tizimini ham artishni unutmang. 

Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasiga borganda xizmat ko‘rsatuvchi bilan imkon qadar muloqot qilmaslikka urining. Yaxshisi, o‘zingizga o‘zingiz xizmat qiling. U yerga kamroq borish uchun esa bakka benzinni to‘latib quydiring.