Skype'ning tarjimon funksiyasi katalogiga rus tili qo‘shildi

  • 10:14 / 11.10.2016
  • 4045

Skype videoaloqa servisi Skype Translator (real vaqt rejimida xabarlar va qo‘ng‘iroqlarni sinxron tarjima qilish funksiyasi) katalogiga rus tilini qo‘shdi. Bu haqida Microsoft kompaniyasining saytida ma'lum qilingan. 

Rus tili Skype Translator'dagi to‘qqizinchi til bo‘ldi. Tizim bundan tashqari ingliz, ispan, xitoy, italyan, fransuz, portugal, nemis va arab tillaridan sinxron tarjimalarni amalga oshiradi. Tezkor xabarlar almashinuvida tarjimon 50dan ortiq tildagi yozishmalarni tarjima qiladi.  

"Rus tili - eng talabgor, murakkab va she'riy tillardan biri. Skype tarjimoni sharofati bilan butun dunyodagi millionlab rus tilida so‘zlashuvchi kishilar boshqa mamlakatlar aholisi bilan suhbatlashish davomida qiyinchilikka duch kelmasdan, o‘z ona tillarida muloqot qilishlari uchun imkon yaratildi", - deydi Microsoft'ning Rossiyadagi texnologiya siyosati departamenti direktori Dmitriy Xalin. 

Videoqo‘ng‘iroqlarning sinxron tarjimasi Windows 7 va undan keyingi operatsion tizimdagi kompyuterlardan amalga oshiriladi. Skype Translator Windows uchun Skype standart desktop ilovasiga integratsiyalashgan. 

Windows 10 Anniversary Update bazasidagi qurilmalar foydalanuvchilari yangi funksiyani ilovaning "dastlabki versiyasi"da avtomatik ravishda qo‘llashlari mumkin bo‘ladi. Bundan avvalgi versiyalarni qo‘llovchi "mijozlar" muloqot oynasidagi Skype Translator menyusidan ("globus" belgisi ostida) rus tilini topib tanlashlari kerak bo‘ladi. 

Teglar