Smartfon akkumulyatoridagi quvvatni tugaguncha ishlatish kerakmi?

  • 13:11 / 20.12.2014
  • 6453

Quyida biz smartfon akkumulyatoridagi quvvatni tugaguncha ishlatish kerakligi haqidagi yanglish fikrni va uning nima uchun noto‘g‘ri ekanligini tushuntirib beramiz. 

Tasdiq

Portativ qurilmalarning akkumulyatorlari ko‘proq xizmat qilishi uchun ulardagi quvvatni tugaguncha ishlatish kerak.

Temir-nikelli, nikel-metallgidrid va boshqa turdagi akkumulyator uchun ularning zaryadlanish va razryadlanish (ulardagi quvvatni bo‘shatish) jarayoni doimo muhim ahamiyat kasb etgan. Ularni oxirigacha zaryadlash va razryadlash kerak, yo‘qsa ularda “xotira effekti” deb nomlanuvchi nuqson paydo bo‘lishi mumkin. Agar 20 foizga to‘liq bo‘lgan temir-nikelli akkumulyator to‘liq bo‘shamasdan qayta zaryadlansa, u qolgan 80 foiz bo‘sh joyni xuddi to‘liqdek eslab qoladi va dastlabki sig‘imini kamaytiradi. Shuning uchun bu akkumulyatorlardan foydalanishda ularni “aqlli” zaryadlash qurilmalariga ulash juda muhimdir. Bu qurilma zaryadlashga qo‘yilgan akkumulyatorni avval oxirigacha bo‘shatadi, so‘ngra to‘liq bo‘lguncha to‘lg‘azadi. 

 “Temir-nikelli akkumulyatorlarning zaryadlanish prinsipi ularning to‘liq bo‘shashini talab etadi. Siz deyarli to‘liq bo‘lgan akkumulyatorni zaryadlasangiz, unda kelgusida uning sig‘imini kamaytiruvchi kimyoviy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi”. 

Nima uchun bu tasdiq noto‘g‘ri 

Hozirgi zamon portativ qurilmalarining deyarli barchasida ishlatiladigan zamonaviy litiy-ionli akkumulyatorlar zaryadlanish va razryadlanishning to‘liq siklini talab etmaydi. 

Bundan tashqari, ularni to‘liq razryadlashdan ko‘ra, doimo zaryadlangan holda tutish afzalroqdir, bu tufayli u barqarorroq ishlaydi. Litiy-ionli akkumulyatorlar muayyan sondagi zaryadlanish va razryadlanish sikllariga ega, hamda har gal akkumulyatordagi quvvat to‘liq tugaganda u yangi siklni boshlaydi. Shuning uchun smartfoningizni kompyuteringizning USB portiga ulangan holda yoqilgan holda qoldirishdan qo‘rqmang, smartfon zaryadlanayotgan paytda undan foydalanishni davom ettirishingizga hech narsa xalaqit qilmaydi. Zaryadlovchi qurilmalarni xarid qilishda pulni tejagandan ko‘ra, smartfonning o‘z maxsus zaryadlovchi qurilmasidan foydalaning. Amalga oshiriladigan yagona profilaktik tadbir – hech bo‘lmasa haftada bir marta telefonni tungi payt o‘chirib qo‘ying. Bu nafaqat akkumulyatorga, balki sizning o‘zingizga ham foydali bo‘ladi. 

“Litiy-ionli akkumulyatordan iloji boricha ko‘proq muddat foydalanish uchun uning quvvatini 50 foizdan ko‘proq darajada ushlab turing. Ko‘pgina holatlarda akkumulyatorni to‘liq bo‘shatib, to‘ldirish samarasiz bo‘ladi. Agar siz buni tez-tez qilib tursangiz, hattoki ziyon keltiradi. Kalibrovkalash maqsadida bu akkumulyatorlarni bir oyda bir marta to‘liq razryadlash to‘g‘riroq bo‘ladi, biroq doimo bunday qilish yaramaydi. Bundan, albatta, sizning akkumulyatoringiz portlab ketmaydi, biroq uning ishlash muddati qisqaradi”.

Teglar