Snapchat uchun 34 mlrd dollar: nima uchun bu messenjer Twitter va Ferrari’dan qimmatroq turadi?

  • 05:37 / 04.03.2017
  • 8243

The New York Times nashri tahlilchilar bilan suhbatlashdi va birjaga chiqqan Snap kompaniyasining (Snapchat messenjerining ishlab chiqaruvchisi) yuqori qiymati nima bilan bog‘liq ekanini aniqladi.

«Snapchat haqida deyarli barcha eshitgan – xabarlar va fotosuratlar almashishga mo‘ljallangan ilova. U o‘smirlarga mo‘ljallangan bo‘lib, hattoki yoshi 35dan kattalarga ham yoqadi (Snapchat ularni yoshi ancha katta deb hisoblaydi)», - deb yozadi The New York Times.

Sizni o‘z-o‘zini yo‘qotuvchi fotosuratlarning jo‘natilishi qiziqtirmasa ham, bunday texnologiya qanday qilib 34 mlrd dollarga baholanishi aniq o‘ylantiradi.

2017 yilning 2 martida Snapchat’ni ishlab chiqqan kompaniya - Snap Inc Nyu-York fond birjasida o‘z aksiyalarini joylashtirdi. Savdolar ochilgunga qadar bir dona aksiya narxi 17 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, birja yopilishida bu ko‘rsatkich – bir dona uchun 24,48 dollarni tashkil etdi – boshlang‘ich qiymatdan 44 foizga ko‘proq. Shu tariqa Snap’ning bozordagi qiymati taxminan 34 mlrd dollarni tashkil etdi.

Tahlilchilarning ta'kidlashicha, Snapchat’ning ayni paytdagi qiymati sarmoyadorlarning kompaniyaga ishonchi bilan bog‘liq – shu bilan birga, u Snap’ning 2020 yildagi ehtimoliy daromadidan 5-8 barobarga ortiq. «Snapchat Facebook va Alibaba bilan bir maydonda o‘ynaydi, biroq messenjer va bu ikki kompaniya o‘rtasidagi farq - Facebook hamda Alibaba’ning ancha yirikroq ekanidadir – buning ustiga ular ko‘proq daromad keltiradi».

Snap hozircha o‘z egalariga hech qanday daromad olib kelmayapti. 2016 yilda kompaniya 515 mln dollarlik chiqimga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 373 mln dollarga teng edi. «Snapchat kompaniya tijoriy faoliyatining boshlagan yildan (2011 yil) beri har yili katta mablag‘larni yo‘qotmoqda, hamda hech qachon daromad olib kelishni boshlamasligi ham mumkin», - deya ta'kidlashgan The New York Times’da.

Shu nuqtai nazardan muharririyatning ta'kidlashicha, Snapchat’ni Twitter bilan taqqoslash o‘rinli – u ham mablag‘larni barqaror ravishda yo‘qotib boruvchi ijtimoiy tarmoqdir.

«Albatta, Snap’dagi hech kimga ularni Twitter bilan solishtirishlari kerak emas. Ijtimoiy tarmoqda yangi foydalanuvchilarni jalb etish va reklamadan daromad olish borasida muammolar yetarlicha». Twitter 2013 yilda IPO’ga chiqqan bo‘lib, kompaniyaning bir aksiyasi qiymati 26 dollarni tashkil etgandi. Biroq ushbu maqola yozilayotgan paytda ijtimoiy tarmoq aksiyasi taxminan bir dona uchun 15,8 dollarga baholanmoqda.

2016 yilda Snap’ning sotuvlardan tushgan daromadi 404 mln dollarni tashkil etdi. Bu kompaniyaning 2017 yil 2 mart kunidagi savdolar yakuni bo‘yicha bozordagi qiymatidan 84 martaga kamroq. Facebook’da esa bunday holat (bozordagi qiymatning savdolarga bo‘lgan nisbati) 6 marta kamroq va 14ga teng. Google’ni boshqaruvchi Alphabet’da esa 14 marotabaga kamroq va 6ni tashkil etadi. Amazon bu ko‘rsatkich - 3, Netflix’da – 7ga teng.

«Ularning bari ancha avval tashkil etilgan kompaniyalar bo‘lib, ularning o‘sish sur'ati pasaydi», - deya ta'kidlaydi The New York Times. Tahlilchilarning fikricha, Snap o‘zining yuqori qiymatini oqlashi uchun har yili kamida 50 foizlik o‘sishni ko‘rsatishi kerak, kompaniyadagi o‘z xarajatini o‘zi qoplash hajmi esa 25 foizdan pastga tushishi kerak emas.

Bu kompaniya faqatgina pullarni yo‘qotishini hisobga olsak, juda yuqori ko‘rsatkich. Tarixda juda kam kompaniyalar bunday muvaffaqiyatga erishgan
— Sageworks tahlil kompaniyasi asoschilaridan biri Brayan Gamilton.

«Yaxshi, keling daromad va foydalarga e'tibor bermaymiz. Snapchat nima bo‘lgan taqdirda ham – bu ijtimoiy tarmoq, hamda kompaniya uchun asosiy ko‘rsatkichlar – har kungi faol foydalanuvchilar soni va kontent bilan o‘zaro harakatlar miqdori», - deya yozadi The New York Times.

2016 yilning oxirida Snapchat’ning har kungi faol foydalanuvchilari soni 158 mln.ni tashkil etdi. Shu tariqa, bir foydalanuvchining qiymati 215 dollarga teng.

Facebook Instagram’ni 1 mlrd dollarga xarid qilgan paytda, ijtimoiy tarmoqning har kungi faol foydalanuvchilari soni 30 mln.ga teng edi. 2017 yilning yanvar oyida bu ko‘rsatkich 300 mln.ga qadar o‘sdi. The New York Times’ning yozishicha, agarda Instagram’ning har bir foydalanuvchisini 215 dollarga baholasak, ijtimoiy tarmoq qiymati 64,5 mlrd dollarni tashkil etadi.

Snapchat rahbariyatining so‘zlariga ko‘ra, 2016 yilda har kungi faol foydalanuvchilar miqdorining o‘sishi 48 foizni tashkil etdi. 2017 yilda kompaniya ko‘rsatkichni shu darajada ushlab tursa, har kungi faol foydalanuvchilarning umumiy miqdori 234 mln.ga teng bo‘ladi. «Ajoyib natija, biroq Instagram’dan hali ancha kam», - deya ta'kidlaydi nashr muharririyati.

Biroq, 2016 yilning kuzida Instagram Stories funksiyasini ishga tushirgandan so‘ng, ko‘rsatkichning o‘sish darajasi pasaydi. Bunga qadar kompaniya har kungi faol foydalanuvchilari har bir chorakda 15 mln.ga o‘sib bordi, yangi funksiya ishga tushirilgandan so‘ng esa – atigi 5 mln.ni tashkil etdi. Shu bilan birga, Instagram Stories faol foydalanuvchilarning har kunlik bazasi hozirning o‘zida 150 mln.ni tashkil etdi.

Snapchat foydalanuvchilarning soni yana qancha muddat o‘sib boradi? Servis asosan yoshlarga mo‘ljallangani hisobga olinsa, ehtimol, kompaniya hozirning o‘zidayoq o‘zining eng yuqori natijasini ko‘rsatib bo‘lgandir. AQShda 19-34 yoshidagi kishilarning soni 70 mln.ga teng. Snapchat’ning AQShdagi foydalanuvchilari miqdori ham xuddi shunchaga teng.

Snapchat yiliga AQShdagi har foydalanuvchi orqali 5,8 dollar ishlab topadi. Taqqoslash uchun - Facebook Qo‘shma Shtatlardagi har bir foydalanuvchidan 12,8 dollar ishlab topadi. «Bu yerda o‘sish uchun imkon bor», - deya ta'kidlaydi tahlilchilar.

Tahlilchi Perri Goldning fikricha, ko‘plab sarmoyadorlar Snap aksiyalarini yaqin orada ularning narxi oshishidan umidvor bo‘lgan holda xarid qilishgan – ularni keyinchalik ancha baland narxda sotib yuborish mumkin. Shu bilan birga, ba'zilarning taxminicha, Snap yaqin orada jiddiy muammolar bilan duch keladi. «Shunisi aniqki, sarmoyadorlarning qimmat ijtimoiy medialarga talabi bor. Ular faqatgina tezroq pul ishlab olish yoki aksiyalarni uzoqroq muddatga saqlab turishni rejalashtirishayotgani masalasi noma'lumligicha qolmoqda».

Mening fikrimcha, vaziyat Twitter’ga juda o‘xshaydi
— Brayan Gamilton

Teglar