Sobiq prezident Atamboyevga qoʻyilgan ayblovlar bir-biriga qarshi

  • 21:15 / 14.08.2019
  • 1148

Foto: TASS

Qirgʻiziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev 8-avgust kuni bir necha oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, qoʻlga olingandi. Avvalroq esa unga korrupsiyaga aloqadorlik boʻyicha ham ayblov eʼlon qilingan. Tass agentligi bu boradagi qarama-qarshi faktlari bilan oʻrtoqlashdi.

Qotillik ayblovi

Qirgʻiziston Bosh prokuraturasi boshqarmasi boshligʻi Zamir Beyshekeyev bayonotiga koʻra, Atamboyevga “bir necha oʻta ogʻir jinoyatlarda ishtirok etish”da gumon qilinib, xabarnoma berilgan.

Uning soʻzlariga koʻra, davlatning sobiq rahbari huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga nisbatan zoʻravonlikdan foydalanish, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillik, qotillikka urinish, huquqni muhofaza qilish organlari xodimini oʻldirish va garovga olishni tashkil etish ayblovlari qoʻyilgan.

Shunga qaramasdan 24.kg xabariga koʻra, Atamboyev va uning tansoqchilari sobiq rahbarning uyida oʻtkazilgan tadbirda Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasining “Alfa” maxsus kuchlari podpolkovnigini oʻldirishda gumon qilinmayapti. Maʼlumotlarga qaraganda, gumondor shaxs allaqachon qoʻlga olingan.

Davlat toʻntarishi

Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi rahbari Orozbek Opumbayevning bayonot berishicha, Atamboyev respublikada davlat toʻntarishini amalga oshirishga tayyorgarlik koʻrgan.

Opumbayevning taʼkidlashicha, sobiq prezidentni qoʻlga olish tadbiri vaqtida avvaldan, reja asosida ayollar va bolalardan foydalanilgan. 

Avvalroq, Atamboyev hukumatni tinch aholiga qarshi qurol koʻtarganlikda ayblagandi.

Korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlar
Atamboyevni, shuningdek jinoyat olami “avtoritet”i Aziz Batukayevning noqonuniy ravishda jazodan ozod qilinishida korrupsiyani tashkil etganlikda ayblashmoqda. Batukayev ozod qilinishi bilanoq, respublikadan chiqib ketgandi.

Mazkur jinoiy ishga oʻnlab insonlar jalb qilinib, soʻroq qilingan. Ular qatorida sobiq Bosh vazir oʻrinbosari Shamil Ataxonov, sobiq Sogʻliqni saqlash vaziri Damir Saginbayev, Jazoni ijro etish davlat xizmatining sobiq rahbari Zarilbek Risaliyevlar bor.

Bundan tashqari, sobiq prezident Bishkek IESni modernizatsiya qilish bilan bogʻliq korrupsiya harakatlarini amalga oshirganlikda ayblanmoqda.

Firibgarlik

Atamboyev “Forum” sanoat guruhining binosiga egalik qilish huquqini qayta roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq firibgarlikda ham gumon qilinmoqda. Bishkek markazida joylashgan binoning haqiqiy egasi hozirga qadar sobiq prezident hisoblanardi. U qoʻlga olingach, sud qarori bilan ushbu bino ham muhrlab qoʻyildi.

Atamboyevning qoʻlga olinishi

Atamboyev avgust kuni qariyb bir sutka davom etgan tezkor tadbir yakunida qoʻlga olindi. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari sobiq prezident qarorgohidan 24 dona oʻqotar qurolni, jumladan, Kalashnikov avtomatlari, Dragunov snayperlari, ov qurollari va karabinlar, travmatik pistoletlar topishgan.

Sud qarori bilan sobiq rahbar 26-avgustga qadar hibsda saqlanadi. 
Maʼlumot oʻrnida, Qirgʻiziston parlamenti 2019-yilning 27-iyul kuni Atamboyevni sobiq davlat rahbari maqomi va daxlsizligidan mahrum qilishgandi.

Teglar