«Sohil yoqalab chopayotgan olapar» - sabrni sayqallaydigan asar

  • 03:40 / 17.10.2018
  • 3721

Badiiy asar mutolaasiga berilib, ba'zan so‘zning qudrati shunchalar ham kuchlimi, degan o‘y og‘ushida qolaman. Shunda Yaratganning birgina “Yaral!” degan so‘zi bilan bunyod bo‘lgan o‘n sakkiz ming olamni tasavvurimda jonlantiraman-da, so‘z atalmish ziynatning sehri va mo‘jizasini anglagandek bo‘laman...

So‘z qachon mo‘jizaga aylanadi? Qachonki unga mohir zargar sayqal bersa, jilolay olsa. Mohir zargarning kimligi esa ma'lum — inson. Ha, yozuvchi-shoir ham avvalo inson, faqat uning boshqalardan farqli jihati u so‘zning sehri va mehrini ko‘proq his etadi. Uning lazzatini yurak-yuragidan tuya oladi va bu lazzatni boshqalarga-da ulasha oladi. Bunday insonni hech mubolag‘asiz hotamitoy deyish mumkin. Buyuk qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov ham ana shunday hotamitoy inson, yozuvchi edi.

Uning “Sohil yoqalab chopayotgan olapar” qissasini ilk bor o‘qiganimda o‘zimni xuddi Oxoto dengizi sohillarida yurgandek his etgandim. Keyin Oqsoqol O‘rxon, Emrayin, Milxun va ochiq dengizga birinchi bor chiqayotgan, tag‘inam ov uchun chiqayotgan Kirisk bilan bitta qayiqda edik. Asarni o‘qish asnosida nimagadir Kirisk g‘oyib bo‘lib qoldi. Hali etni junbushga keltiradigan asar voqealariga start berilmagan, kulminatsiyagacha biroz bor. Keyin bilsam, Kirisk... menga aylanib qolgan ekan. Ya'ni men o‘zimni Kirisk ruhiyatida yashay boshlaganimni sezib qoldim.

Asar voqealari o‘quvchini tezda o‘ziga jalb etadi. Ochiq dengizda yo‘ldan adashgan qayiq, kun bilan tunning yo‘qolgan farqi, qahramonlar chekayotgan tashnalik va ochlik azobi, ertangi kunga bo‘lgan umidning so‘nishi... bularning bari o‘quvchi ruhiyatida “yashay” boshlaydi. Aslida haqiqiy yozuvchi qalamga olgan tuyg‘u-tushunchalarini kitobxon qalbida-da “yashata olsa”, bir lahza bo‘lsa-da, uni asar voqealari atmosferasidan ko‘krak to‘ldirib nafas olishiga erisha olsa, u o‘z maqsadiga yetgan bo‘ladi. Yo‘qsa, uvol bo‘lgan so‘z-u, yo‘qotilgan vaqtga achinishdan bo‘lak chora qolmaydi.

“Sohil yoqalab chopayotgan olapar” adibning boshqa asarlariga qaraganda ancha og‘ir o‘qiladi. Chunki uning bosh qahramoni Kirisk birin-ketin yaqinlaridan ajraladi. Avvaliga bobosi, keyin amakisi, so‘ngra esa otasi aynan tabiiy ofat yo kasallik, falokat yoki dushman bilan olishuv natijasida emas chorasizlikdan, bundan ortiq so‘ngsiz azob-uqubatga mubtalo bo‘lmaslik, yanayam boshqacha aytganda, o‘n gulidan bir guli ochilmagan, hali hayot atalmish buyuk ne'matni yaxshi anglamagan Kirisk uchun o‘zlarini qurbon qiladi. Albatta, buni ko‘rib-bilib, yurakdan o‘tkazib hech bir chora topolmayotgan jajji Kirisk uchun bundan-da ortiq azob-uqubat, bundan-da ziyoda g‘am-qayg‘u bo‘lmaydi. Alaloqibat u dengiz bag‘rida qayiqdagi barcha yaqinlaridan ajraladi. So‘ng zaxirasidagi bor ichimlik suvi va yegulik ham tugaydi. Asarning eng qimmatli joyi shundaki, mana shu lahzada endigina ochiq dengizga chiqib ko‘rgan, dengizda yuragidan o‘tkazgan qayg‘ulari shu kungacha ko‘rgan quvonchlarini yamlab ketadigan Kirisk har qancha qiyin bo‘lmasin jamiki chekiladigan azoblardan bira to‘la qutulib qo‘ya qolishdan tiyiladi.

“Ko‘k sichqoncha, suvingdan ber!” — onasi o‘rgatgan mana shu ajoyib so‘zni bola tinmay takrorlay boshladi: “Ko‘k sichqon, suvingdan ber! Ko‘k sichqoncha, suvingdan ber!” Garchi hech qanday mo‘jiza yuz bermasa ham bola hadeb yalinib-yolvorib ko‘k sichqonni chakiraverdi. Endi bu — bolaning umid-ishonchi va tashnalikka qarshi birdan-bir chorasi bo‘lib qoldi...

 Aynan onasi o‘rgatgan mana shu qo‘shiq bolaning tirik qolishiga umid beradi. U cheksiz azoblar girdobida qolsa-da o‘zidagi metin iroda, Yaratgan omonatiga xiyonat qilmaslik, ertangi kunga bo‘lgan ishonch bilan yashay oldi. Mana shu xislat hayotning kichikdan kichik, maydadan mayda qiyinchiligiga duch kelib, “oh-voh” qilayotgan bugungi kun yoshlari uchun har tomonlama namuna bo‘la oladi.

Endi asarni boshqacha rakursdan tahlil etishga urinib ko‘rsak.

Qadimdan bir gap bor: kemaga tushganning joni bir. Ammo qissani o‘qib, shunga amin bo‘lishingiz mumkinki, chin insoniy fazilatlar qarshisida ming yillik maqolu naqllar ham bekor bo‘lib qoladi. E'tibor bering, vaziyat chatoqligini bilgan O‘rxon bobo aynan oziq-ovqat masalasida yetishmovchilik bo‘lishi, yaqin kunlar ichida hammalari och-nahor qirilib ketishini bilib, eng birinchi o‘zini o‘zi cho‘ktiradi. Yuqorida aytganimizdek, keyin amakisi, undan so‘ng otasi shu ishni takrorlaydi. Buni qaysidir ma'noda Yaratganning omonatiga xiyonat qilishdek talqin etish mumkindir. Lekin O‘zining marhamati, bitigi shundan bo‘lganidan keyin bandai ojiz nima ham qilsin? Ular faqatgina jajji Kiriskning yashab qolishi, eson-omon sohilga yetib borishi va naslini davom ettirishini o‘ylagan edi.

Shu tariqa Kirisk ming mashaqqat va iztiroblardan so‘ng yolg‘iz o‘zi sohilga yetib boradi. Ov ilinjida chiqqan sayyodlar bu gal o‘zlari sayd bo‘ladi. Faqat sayyod o‘zgargan: Oxoto...

“Sohil yoqalab chopayotgan olapar” qissasi insonda sabr-toqat, chidam-bardosh, metin iroda, har qanday mashaqqatni ham yengib o‘tish mumkin, degan tuyg‘u-tushunchalarni tarbiyalashi bilan ham ahamiyatlidir. Bu tuyg‘ular esa na millat, na davlat, na zamon, na makon tanlaydi. Shu bois ham bu asar umrboqiydir.

***

(Ch. Aytmatovning “Sohil yoqalab

chopayotgan olapar” qissasini o‘qib)

Chayqalib boryapman to‘lqinlar aro,

Dengizda oq bulut — manzil yo‘qolgan.

Mening ham qayig‘im bir motamsaro,

Mening ham osmonim yulduzsiz qolgan.

 

Unutib qo‘ydim men tashnaligimni,

Sening izlaringdan suzib boraman.

Kirisk, qabul et oshnaligimni,

Dardingni ich-ichdan sezib boraman.

 

Mana men boryapman, chidagin picha,

Yetsam, otangni ham saqlab qolamiz.

Milxunga ayt: kutsin men borgunimcha,

Ovchilik nomini oqlab qolamiz.

 

Oqsoqol O‘rxonning tamakisini

Chaqmoqning o‘tida tutatamizmi?

Axir men sezyapman Yerning isini,

Safarni shu yerda tugatamizmi?

 

Umiding so‘nmasin, kuchli bo‘l, oshna,

O‘zingni saqlagin telbaliklardan.

Bizni kutayapti buloqlar — tashna,

Umbaloq oshamiz tepaliklardan.

 

Oving yurishmadi ovulingga qayt,

Ochiq yaralaring endi kim yopar?

Biz keldik, eng mungli qo‘shig‘ingni ayt,

Sohilda intizor turgan olapar.

 Islomjon Qo‘chqorov, kitobxon