Soliq qo‘mitasi xayriya qilishga majburlanayotgan tadbirkorlar bo‘yicha munosabat bildirdi

  • 09:49 / 12.05.2020
  • 167

Ijtimoiy tarmoqlarda soliq xizmati organlari xodimlari “O‘rikzor” bozorida tadbirkorlardan ishlanmagan kunlar uchun to‘lov hamda Sirdaryo viloyatining Sardoba tumaniga majburiy ravishda xayriya mablag‘lari o‘tkazish talab qilayotganligi haqida xabarlar tarqaldi. Davlat soliq qo‘mitasi mazkur xabarlar bo‘yicha munosabat bildirdi.

Davlat soliq qo‘mitasi ushbu holatni o‘rganib chiqib, "ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi", deb baholagan.


Ma'lum qilinishicha, xayriya yordamini ko‘rsatayotgan tadbirkorlar hamda ularni olayotgan jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining “saxovat.argos.uz” saytida shakllantirib borilmoqda.

Ushbu saytga joylashtirilgan ma’lumotlar Prezidentning 27-apreldagi PF-5986-son Farmonida belgilangan soliq imtiyozlarini qo‘llash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

"Xayriya amallari ixtiyoriy bo‘lib, muhtojlarga yordam ko‘rsatgan tadbirkorlar bir qator soliq imtiyozlaridan foydalanishlari mumkin", deyiladi xabarda.