Soxta tabassum qiluvchi xodimlar ichkilikka moyil bo‘ladimi?

  • 07:22 / 09.10.2019
  • 292

Ko‘pchilik psixologik-motivatsion kitoblar va biznes-treninglarda odamlarga tabassum bilan muomala qilish tavsiya etiladi. Birgina jilmayish bilan qiyin vaziyatlar, shaxslararo munosabatlardan chiqib ketish mumkinligi rost. Ammo, kayfiyat bo‘lmagan paytda tabassum qilish oson emas, majburiy tabassum organizm uchun ham zararlidir. Amerikalik olimlar bir qator tadqiqotlar orqali buni aniqlashdi.

Pensilvaniyadagi Universitet hamda Buffalodagi Nyu-York shtati Universitetidan bir guruh tadqiqotchilar faoliyati odamlar bilan doimiy muloqotni talab qiladigan 1 592ta sinaluvchi (ofitsiant, hamshira, o‘qituvchi va sotuvchilar)ning alkogol iste’mol qilishi statistikasini o‘rganishdi. 

Natijalardan ma’lum bo‘ldiki, odamlar bilan ko‘p muloqot qiluvchilar ishdan qaytganida kam ijtimoiy aloqa qiluvchi ishchilarga nisbatan tez-tez va ko‘p miqdorda ichishga moyil bo‘larkan. 

Olimlar hissiyotlarni bostirish va alkogolga moyillik o‘rtasidagi aloqani ham aniqlashdi. Ayniqsa, o‘zini tutib turolmaydigan, ammo ishi (qo‘ng‘iroq markazlari, kafelar, do‘konlarda) odamlar bilan qisqa muloqot qilishni taqozo qiladigan xodimlarda alkogolga moyillik kuchli bo‘ladi. Ishga oid davomiy munosabatlarga ega ishchilar (shifokor va o‘qituvchilar) esa bu muammoga kamroq duchor bo‘lisharkan. 

Ishdan qaytib ichkilikka taslim bo‘lish vaziyatni yengillashtirmaydi: aybdorlik hissi yomon kayfiyatga qo‘shilib ahvolni og‘irlashtiradi.
Agar inson o‘z ishidan ma’naviy zavq olsa, hissiyotlarni bostirish unchalik salbiy oqibatlarga olib kelmaydi.  

Tadqiqot muallifi, psixologiya professori Alisiya Grendeyning fikricha, ish beruvchilar bu natijalarni o‘rganib chiqib, xulosa qilishlari va iloji bo‘lsa xodimlarga nisbatan talablarni o‘zgartirishlari lozim. “Tabassum ishning bir qismi bo‘lgani (agar u samimiy bo‘lsa) albatta yaxshi, ammo majburiy tarzda kulib turish og‘ir va bunga ko‘p kuch sarflanadi”. 

Ishda majburiy tabassum qiluvchilar hissiy zo‘riqishdan xalos bo‘lish uchun nima qilishlari kerak?

1. Tanaffus vaqtida yoki ishdan qaytgach sevimli ishingiz bilan shug‘ullaning. Hech bo‘lmasa, 20 daqiqa. Ayniqsa, jismoniy faollik stressdan xalos bo‘lishingizga yaxshi yordam beradi. 

2. Yoga, meditatsiya, ongli nafas olish mashqlarini bajaring. Agar ular sizga mos kelsa! Chunki, bu mashg‘ulotlarni bajarish kimgadir battar zo‘riqish olib kelishi mumkin.

3. Ish davomida iloji bo‘lsa, biror qog‘oz olib, rasm chizing yoki xayolingizga kelgan narsalarni yozing. Ijod – hissiyotlarga erk berishning eng zararsiz yo‘li!

4. Ishdan so‘ng yaqinlaringiz, farzandlaringiz bilan muloqotga vaqt ajrating. Samimiy suhbatlar ko‘ngil yozishingizda ancha yordam beradi.

5. Agar ishingiz hayot tarzingizga tobora salbiy ta’sir qilayotgan bo‘lsa, yaxshisi, uni almashtirishga harakat qiling!

Sarvinoz Omonova tayyorladi

Teglar