Sudanda xaos: namoyishchilarning jasadlari Nilda oqmoqda, konstitutsiya bekor qilingan

  • 21:43 / 06.06.2019
  • 841

Shimoliy Afrikada joylashgan Sudan davlati doim notinchlik o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Qizil dengiz bo‘yidagi 41 milliondan ko‘proq aholisi bo‘lgan Sudan hozir har qachongidan ko‘ra notinch. 30 yildan ortiq mamlakatni boshqargan Umar al-Bashirning taxtdan ag‘darilishi Sudanda xaos boshlanishiga sabab bo‘ldi.

Sudan shifokorlar qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, shu kunlarda Nil daryosidan 40 jasad topilgan. Mamlakat o‘rtasidan oqib o‘tuvchi Nilning poytaxt Xartumdagi qismidan topilgan jasadlar namoyishlarga chiqqan muxolifatchilarning jasadlari ekani aytilmoqda. Shifokorlar qo‘mitasi mamlakatda ikki kunda 100 nafar odam o‘ldirilganini ma'lum qildi: «Nil daryosidan 40  jasad olib chiqilganini afsus bilan ma'lum qilmoqchimiz. Ular «Janjavid» (arablar boshqaruvidagi harbiy kuch. Uning ma'nosi «ot ustidagi jin» degani) kuchlari tomonidan noma'lum tomonga olib ketildi»,- deb yoziladi Sudan shifokorlar qo‘mitasining feysbukdagi sahifasida.

Haaga sudi Bashirni qo‘lga olish uchun order bergandi
STR/GETTY IMAGES

Umar al-Bashir taxtdan ag‘darilgach, muxolifat vakillari hokimiyat fuqarolarga berilishini talab qila boshladi. Ayni damda Sudanda hokimiyat Harbiy kengash nomini olgan harbiy elita qo‘lida va ular muxolifatchilarga o‘t ochishni boshlab yuborgan. Poytaxtda palatkalarda yashab yurgan muxolifat vakillari tinch namoyishlarda qatnashayotgan bo‘lgan, 3 iyun kuni harbiylar ularga qarata o‘q uzgan.

Harbiy kengash vakillari qurol muxolifatga emas, ularning orasiga kirib olgan jinoyatchilarga qarshi ishlatilgani iddao etmoqda. Sudanni to‘liq qo‘lga olishga intilayotgan Harbiy kengash muxolifatni muzokaralar stoliga chaqirgan, lekin Xartumga muzokaralar uchun borgan muxolifat yetakchilaridan biri qo‘lga olingan.

BMT 2003 yildayoq «Janjavid», ya'ni bugun «Tezkor kuchlar» deb aytilayotgan harbiy tashkilotning xavfli ekanidan ogohlantirgan. Bu tashkilot a'zolari 2003 yilda etnik mojaro vaqtida o‘ta shafqatsizligi bilan yodda qolgan.

Sudan poytaxti Xartumda fuqarolar ko‘chaga chiqishdan qo‘rqishmoqda. Sudan razvedkasining shaxsini oshkor qilmaslikni so‘ragan sobiq xodimining aytishicha, jasadlari Nil daryosidan topilgan odamlar hukumat tarafdorlari bo‘lgan kuchlar tomonidan o‘ldirilgan.

«Bu qirg‘in edi», deya sobiq razvedkachining so‘zlarini keltirmoqda Britaniyadagi 4-kanal jurnalisti Yusra Elbagir.

Sudandagi qo‘zg‘alonlar haqida gapirganda Saudiya Arabistoni nomi ko‘p tilga olinmoqda. Saudiya bilan Sudanni faqat Qizil dengiz ajratib turadi. Dengizdan o‘tgach, ilk shahar Makka va shu bois Sudandagi holat Saudiya uchun juda muhim. Saudiya hukumati oxirgi kunlardagi notinchliklar yuzasidan bayonot berdi: «Qirollik o‘ziga do‘st hisoblaydigan Sudan fuqarolarining tinchligi uchun mamlakatdagi turli kuchlarning o‘zaro muzokaralari muhim deb hisoblaydi»,- deyiladi aynan nimaga ishora qilingani mujmal ko‘ringan bayonotda.

Konstitutsiya bekor qilingan...

Namoyishchilar harbiylarni to‘xtatish uchun barrikadalar qurishdi
AFP/GETTY IMAGES

11 aprel kuni Umal al-Bashir taxtdan ag‘darilgach, hukumat harbiylar qo‘liga o‘tdi va ular birinchi navbatda 2005 yilda qabul qilingan konstitutsiyani bekor qilishdi. 6 apreldan boshlab palatkalarda joylashgan muxolifat hukumatning iste'fosini talab qila boshladi. Ular hukumat to‘liqligicha fuqarolar qo‘liga topshirilishini talab qilishdi.

Muxolifat harbiylar bilan muzokara vaqtida mamlakatda 3 yillik o‘tish davri e'lon qilinishi va shundan so‘ng saylovlar o‘tkazlishiga kelishib olgandi. Bu kelishuvga rozi bo‘lgan Harbiy kengash esa 3 iyun kuni palatkadagi muxolifotchilarga qarata o‘q uza boshladi. Qirg‘inga aylanib ketgan to‘qnashuv mamlakatda xaos keltirib chiqardi.

4 iyun kuni Harbiy kengash yetakchisi Abdulfattoh al-Burxon namoyishchilar bilan hech qanday muzokara bo‘lmasligini va oldingi kelishuvlar bekor qilinganini bildirdi. U ikki oydan so‘ng saylovlar o‘tkazilishini e'lon qildi. Bir kun o‘tib esa Abdulfattoh al-Burxon harbiylar muzokaralarni davom ettirishga hozirligini bildirdi. «Bo‘lib o‘tgan voqealardan afsusdamiz», deb qo‘shimcha qildi u.

«Harbiylar taxtga yopishib qolishgan...»

Dushanba kuni Sudan harbiylari Xartumda namoyishchilarning aprel oyida tiklangan palatkalarini vayron qildi
Foto: AFP

VVS'ning Afrika masalalari bo‘yicha muharriri Fergal Kin Sudandagi vaziyatni quyidagicha izohladi: «Sudandagi harbiy elita hukumatga yopishib olgan va undan ketgisi kelmayapti. Bu esa hozirgi holatda mamlakatni halokatga yetaklaydi. Harbiylar demokratik saylovlar o‘tkazishga shoshilayotganlarini aytishmoqda, lekin bu ular tomonidan so‘qilayotgan safsatadan boshqa narsa emas».

Namoyishchilar odamlarni Ramazon hayitini ko‘chalarda nishonlashni va o‘sha vaqtda norozilik bildirishlarini so‘radi, ammo bayram kuni harbiylar barcha yerlarni egallab olishgandi.

Chorshanba kuni sudanliklar Ramazon hayiti bayramini nishonladi
Foto: GETTY IMAGES

Yaralanganlarga yordam bergan kasalxona yopilmoqda.

Sudan poytaxtidagi dorixonalardan birining xodimi VVS bilan suhbatda shunday deydi: «Harbiylar bizni yaralanganlarga yordam berayotgan ikkita kasalxonadan haydab chiqarishdi. Harbiy kengash yaralanganlarga yordam berayotgan kasalxonalarni yopishga buyruq bergan».

Teglar