S.Umurzakov Xalqaro valyuta jamg‘armasining sobiq rahbari bilan uchrashdi

  • 16:58 / 20.10.2019
  • 99

Kuni kecha Jahon banki Boshqaruv kengashi va Xalqaro valyuta jamg‘armasining yillik yig‘ilishlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasining sobiq rahbari, Yevropa Markaziy bankining yangi saylangan raisi Kristin Lagard o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining matbuot xizmati xabarlariga ko‘ra, uchrashuv davomida K.Lagardga EMB rahbari lavozimiga saylangani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigi va samimiy istaklari bitilgan rasmiy maktubi topshirildi.


Uchrashuvda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirilishi holati, shuningdek, ular bilan bog‘liq dolzarb masalalar: zamonaviy tartibga solish mexanizmlarini joriy etish orqali iqtisodiyotni erkinlashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xalqaro rivojlanish institutlari mablag‘larini yanada faol jalb qilish, kapital bozorini rivojlantirish, hududiy va tarmoq rivojlantirish dasturlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston bilan hamkorlikning kelgusi istiqbollari haqida gap ketarkan, salohiyatli hamkorlik va Respublika hukumatiga mamlakatni o‘zgartirish jarayonlarini jadallashtirish hamda islohotlarning takrorlanmasligini ta’minlashda amaliy yordam berish masalalari ko‘tarildi.