Suratlarni izohlab kuniga 100 dollar pul ishlash mumkinmi?

  • 14:36 / 18.09.2018
  • 3510

Wired nashriyoti Amazon’ning Mechanical Turk kraudsorsing platformasida pul ishlab topishni boshlagan ayol haqida so‘zlab berdi. Ko‘proq buyurtmalarga ega bo‘lish va ishni tezroq bajarish maqsadida u jarayonlarni avtomatlashtirib, ko‘proq pul ishlay boshladi.

Foto: Pixabay

2010 yilda Kristi Millendning turmush o‘rtog‘i ishidan ayrildi va ayol qo‘shimcha daromad izlashga majbur bo‘ldi. Ilgari u uy bekasi edi va eBay’da kolleksiya buyumlari savdosidan biroz pul topardi. Unda qahvaxona yoki zavodlarda ishlash tajribasi yo‘q edi. Unga hatto McDonald’s’da ham rad javobini berishdi.

Ona shahri Torontoda ish topish qiyin bo‘lgani sabab Millend Amazon’ning Mechanical Turk kraudsorsing platformasida ishlab ko‘rishga qaror qildi.

Har oyda 20 ming yangi haydovchini ish bilan ta'minlashini aytib maqtanadigan Uber’dan farqli ravishda Amazon o‘zining Mechanical Turk maydonchasini faol ish bilan ta'minlash joyi sifatida ko‘rsatmasdi. Kompaniya birinchi navbatda dasturchilarga yordam berish uchun sayt yaratdi. Platformadagi vazifalarning ko‘pchiligi sun'iy ongni o‘rgatish uchun zarur edi. Masalan, suratda nima aks ettirilganini yozish, kontakt ma'lumot jadvallarini to‘ldirish va sayt uchun mahsulot tasvirlangan ma'lumot tayyorlash. Mechanical Turk ishchilarning xizmatlari tufayli ba'zi texnologiyalar haqiqiy mo‘jizaning o‘zginasi: bir kompaniya taom suratiga qarab kaloriyalarni hisoblaydigan ilova ishlab chiqdi. Biroq suratda tasvirlangan ovqatni kraudsorsing platformasidagi odamlar “tanishadi”.

Millend daromadining katta qismi bir vaqtning o‘zida yuzlab va minglab vazifa e'lon qilgan ish beruvchilardan kelardi. Ishni tezlashtirish uchun Millend tugmani bir bosish bilan suratlarni kategoriyalarga ajratadigan (masalan, “s” tugmasi bosilsa, “sariq” kategoriyasiga ketadi, “q” bosilsa – “qushlar”) maxsus dasturlarni o‘rnatib oldi. Bitta tasvirni markirovka qilish uchun 0,03 dollar, bitta suratni 5 soniyada qayta ishlash orqali soatiga 21,60 dollar pul ishlab topish mumkin.

Ba'zida Millend murakkabroq ishlarni olardi. Masalan, mahsulotni tasvirlash uchun ma'lumot  o‘ylab topishga har bir paragraf uchun 1,50 dollar ishlash mumkin edi. Agar bitta tasviriy ma'lumot 5 daqiqada o‘ylab topilsa, soatiga 18 dollar ishlab mumkin. Muhimi ishni tez va doimiy ravishda bajarish lozim.

Foto: Pixabay

Mechanical Turk foydalanuvchilari Turker Nation forumida daromadli buyurtmalar haqida bir-birlari bilan fikr almashishadi. Millend bu forumning moderatori edi. Foydali takliflarni boy bermaslik uchun o‘zi uchun avtomatik tizimni yaratdi. Tizim buyurtma to‘lov hajmini tekshirib, eng yaxshi takliflar haqida xabar beradi. Masalan, agar vazifa uchun 0,05 dollar to‘lashsa, jarangdor ovoz yangraydi, agar 0,05 dan 0,25 dollargacha bo‘lsa, kir yuvish mashinasi yuvishni tamomlagandagi ovozli xabar keladi, agar buyurtmachi 0,25 dollardan ko‘p taklif qilsa, sirena jaranglaydi.

Shunday qilib, Millend birgina buyurtmani ham nazardan qochirmaydi. Mechanical Turk’da minglab odamlar o‘tirishadi va foydali buyurtmani birinchilardan bo‘lib olishga harakat qiladilar. Millendning avtomatik tizimi bir vaqtning o‘zida ko‘pi bilan 25 ta vazifa oladi. Ayol ularni o‘sha zahoti bajarib, keyingilarini oladi.

Millend bajaradigan ishlardan biri Amazon’da suratga qarab mahsulot izlash. Foydalanuvchi platformaga suratni yuklaganida ishchi unga kerakli mahsulotga havola yuborishi lozim. Zarur bo‘lgan mahsulotga havola yuborish orqali Millend savdodan foiz ko‘rinishidagi bonusga ega bo‘lishi mumkin edi.

Bundan tashqari, Millend mijozlarga Mechanical Turk’da vazifalar tuzishda yordam berar va maslahati uchun haq olardi. Ayol kuniga 100 dollar ishlab topishni o‘ziga maqsad qilgandi, ko‘pincha bunga erishardi.

Bunday ishning kamchiliklari

Maqsadni amalga oshirish unga oson bo‘lmadi. Ba'zida Millend psixologik murakkab bo‘lgan vazifalarni bajarishiga to‘g‘ri kelardi. Masalan, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat aks ettirilgan suratlarni tasvirlash. Bunday vaziflarga odatda “kattalar auditoriyasi uchun mo‘ljallangan vazifalar” belgisi qo‘yiladi. Ular uchun odatda yaxshi haq to‘lashadi, shuning uchun Millend ular ustida ishlaganida bunday surat ruhiyat uchun qaltis ekanini ongli ravishda anglaydi.

Mechanical Turk’da pul ishlab topish bir kuni ayolning salomatligiga ham ta'sir ko‘rsatdi. Kompyuterda o‘tirib ishlagani sabab Millendda tunel sindromi yoki paylarning surunkali cho‘zilishi paydo bo‘ldi. Frilanserlarga kasal bo‘lganida haq to‘lashmaydi va ayol ta'til ololmadi. Shuning uchun ishlashda davom etdi.

Foto: Pixabay

Mechanical Turk Millendning oilasi uchun tez pul topishning yagona usuli edi. Ayolining moliyaviy jihatdan ko‘magi sabab Millendning turmush o‘rtog‘i o‘qishga qaytib, ta'lim olish jarayonini tugata oldi. Ayol esa ta'lim va ish tajribasisiz pul ishlashga muvaffaq bo‘ldi.

Biroq ikki yil o‘tgach, Millendning turmush o‘rtog‘i yangi ish topdi. Ayol boshqa hech qachon Mechanical Turk’ga bog‘liq bo‘lmaslik istagini bildirdi. Biroz vaqtdan so‘ng Millend universitetga hujjatlarini topshirdi.

Teglar