Surxondaryoda “Jihodchilar” oqimi a’zolari qo‘lga olindi

  • 11:26 / 09.06.2020
  • 2382

Surxondaryo viloyati IIB va DXX xodimlari hamkorligida 8-iyun kuni Boysun tumani hududida O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati taqiqlangan “Jihodchilar” ekstremistik oqimining bir guruh a’zolarining noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.

Ekstremistik faoliyatga aloqadorlikda gumon qilinayotgan Boysun tumanida yashovchi bir guruh fuqarolarning yashash manzillarida tintuv o‘tkazilishi natijasida ularning ayrimlari o‘zlarining uyali aloqa vositalari va kompyuter qurilmalari xotirasida taqiqlangan adabiyotlarni saqlash va tarqatish orqali inson ongini yot g‘oyalar bilan buzib kelayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Dastlabki tekshiruvlar natijasida aniqlanishicha, ekstremistik guruhning a’zolari mehnat migranti sifatida Rossiya Federatsiyasiga borib, u yerda ishlashi davomida xalqaro terroristik tashkilotlarning yot g‘oyalarga yollovchi g‘oyalari ta’siriga tushib, oqim g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab kelganligi, yashash manzillariga kelganlaridan keyin ham tuman hududida “Jihodchilar” ekstremistik oqimining yashirin jamoatini tuzib, yaqinlari orasida da’vat qilish ishlarini olib borib, ekstremistik ruhdagi materiallarni tarqatib kelayotganligi aniqlangan.

Hozirda aniqlangan materiallar yuzasidan sudga doir adabiyotshunoslik ekspertizalari tayinlanib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.