Surxondaryoda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar maktabida yuz bergan holat uyushtirilgan ekanligi ma’lum bo‘ldi

  • 12:03 / 10.10.2019
  • 54

Foto: xabar.uz

Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumanida joylashgan viloyat ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarni o‘qitishga ixtisoslashgan maktab-internatida bola soni ko‘p, yotish uchun joy yetishmovchiligidan bolalar kutubxonada, polga ko‘rpa to‘shab tunashga majbur bo‘layotgani haqida xabar berilgan edi.

9-oktabr, chorshanba kuni Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati Surxondaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasiga tayanib, olib borilgan o‘rganish ishlari yuzasidan ma’lumot berdi, deb yozmoqda “Gazeta.uz”.

Surxondaryo viloyat hokimiyati, viloyat prokuraturasi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va Sho‘rchi tuman hokimiyati vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh mazkur holatni o‘rganib chiqdi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan muassasa kutubxonachisi S.Ergasheva va pedagoglari bilan suhbat o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, 2019-yilning 20-sentabr kuni 3-“B” sinf o‘qituvchilari M.A. hamda S.Q. o‘quvchilarni darsdan olib chiqib, maktab-internat kutubxonasiga polga matras ko‘rpalarni to‘shab, o‘quvchilarni yotqizgan holda ularni suratga olgan.

So‘ngra o‘quvchilarni yotoqxonadagi o‘zlarining yashash joylariga chiqarib yuborgan. Ushbu suratlarni maktab-internat o‘qituvchisi B.J. ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.

Ishchi guruh vakillari 3-“B” sinf o‘quvchilari bilan ham suhbat o‘tkazgan. Ular hech qachon polda yotmaganligini va barcha o‘quvchilarga o‘qish uchun hamda yotoqxonalarda to‘liq shart-sharoitlar yaratilganligini ma’lum qilgan.

Surxondaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Sho‘rchi tumanidagi viloyat ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘qituvchilari B.J., M.A. va S.Q.ning ushbu xatti-harakatlarini qonun doirasida ko‘rib chiqilishi bo‘yicha tuman prokuraturasiga murojaat qildi. Hozirda ushbu holat bo‘yicha Sho‘rchi tumani prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ayni vaqtda mazkur muassasada 265 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularning 206 nafari muassasa yotoqxonasida istiqomat qiladi. Qolgan 59 nafar o‘quvchi o‘z uyidan maktab-internatga qatnab o‘qiydi.