Tadbirkorlar bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim tuman va shahar hokimlarining vazifasidan ozod qilinishi kutilmoqda

  • 10:03 / 20.05.2020
  • 409

Foto : Prezident Matbuot xizmati

Tadbirkorlar bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim tuman va shahar hokimlarining vazifasidan ozod qilinishi kutilmoqda.

Bu haqda kecha, 19-may kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Tadbir avvalida davlat rahbari koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash ishlariga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi.  

Shuningdek, yig‘ilishda tijorat banklari oldidagi vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilishicha, pandemiya oqibatlarini yumshatish doirasida “Har bir oila – tadbirkor” dasturiga ajratilgan 1 trillion so‘m kredit mablag‘larini qaytarish muddati uzaytirilgan. Shu bois, ushbu dasturni to‘liq amalga oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 100 million dollar resurs ajratilgan.

Prezident mahsulot, uskuna, xomashyo hamda aylanma mablag‘lar uchun kredit olishda tadbirkorlarga o‘rnatilgan barcha cheklovlar olib tashlanishi kerakligini ta’kidladi. Markaziy bankka kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik subektlariga kreditlar berish shartlarini soddalashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Mahsulotlarga talabni yaratish uchun savdo faoliyatini rag‘batlantirish, aholining iste’mol qobiliyatini oshirish maqsadida iste’mol kreditlari berishni kengaytirish lozimligi qayd etildi.

“Xalq qabulxonalari va Bosh vazir qabulxonalariga kelgan murojaatlarning 55 foizi bank kreditlari bilan bog‘liqligi bu boradagi muammolar ko‘lamini ko‘rsatadi. Shuningdek, bank xizmatlari bo‘yicha tadbirkorlar murojaatlari Milliy bankda 10 foiz, Mikrokreditbankda 11 foiz, Agrobankda 13 foiz ijobiy hal qilingan, xolos”, deyildi videoselektor yig‘ilishida.

Prezident bank faoliyatiga mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatiga qarab baho berilishini alohida qayd etdi.

Tijorat banklari kichik biznes rivojida muhim bo‘g‘in ekani, har bir tumandagi “o‘sish nuqtalari”ga mablag‘ yo‘naltirib, tadbirkor va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashi zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda tadbirkorlar bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim tuman va shahar hokimlarini vazifasidan ozod qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Mutasaddilar yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar ijrosini tashkil etish yuzasidan axborot berdi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlar huquqlari kafolatlari va mulk daxlsizligini ta’minlash masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratilayotgani haqida ma’lum qilingan edi.