Talabalarni oliy ta’limga qabul qilishning joriy o‘quv yilidagi ehtimoliy kvotalari ma’lum qilindi 

  • 09:29 / 27.04.2020
  • 782

2020–2021-o‘quv yilida O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida Prezident qarori loyihasining muhokamasi davom etmoqda.

Davlat test markazining xabariga ko‘ra, respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarida ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni sifatli tayyorlashni taʼminlash, bakalavr va magistrlarni tayyorlashda ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan 2020–2021-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish umumiy parametrlari quyidagi ko‘rinishga ega bo‘lishi kutilmoqda:

a) bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:
    –  kunduzgi taʼlim shakliga – 101 555 nafar;
–  sirtqi taʼlim shakliga – 25 863 nafar;
    –  kechki taʼlim shakliga – 4 368 nafar;
–  magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 10 643 nafar.

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun davlat granti asosida alohida 2 637 ta kvota ajratilgan bo‘lib, bu kvotalarning umumiy (101 555 ta) kvotaga umuman aloqasi yo‘q.

Bu kvotalar taqsimoti quyidagi ko‘rinishga ega:
–   kunduzgi - 2033 nafar;
–  sirtqi - 517 nafar;
–  kechki - 87 nafar;

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning xizmatdagi ofitserlari, shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlar tarkibi farzandlari uchun davlat granti asosida alohida 1137 ta kvota ajratilgan bo‘lib, bu kvotalarning barchasi kunduzgi ta‘lim uchun ajratilgan (sirtqi, maxsus sirtqi yoki kechki o‘qishlar uchun mavjud emas).

Huquqbuzarlik profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda munosib hissa qo‘shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlari uchun davlat granti asosida alohida 682 ta kvota ajratilgan bo‘lib, bu kvotalarning barchasi kunduzgi ta‘lim uchun ajratilgan (sirtqi, maxsus sirtqi yoki kechki o‘qishlar uchun mavjud emas). Bu kvotalarning umumiy (101 555 ta) kvotaga umuman aloqasi yo‘q.

“Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetim bolalar uchun davlat granti asosida alohida 1 319 ta kvota ajratilgan bo‘lib, bu kvotalarning umumiy (101 555 ta) kvotaga umuman aloqasi yo‘q.
Bu kvotalar taqsimoti quyidagi ko‘rinishga ega:
–   kunduzgi – 1016
–  sirtqi – 259
–  kechki – 44