Tanganing ikkinchi tomoni: Karantinda odamlar kitob o‘qishga “o‘rgandimi”?

  • 11:19 / 13.06.2020
  • 2554

Hozirda yurtdoshlarimiz OAVda e’lon qilinayotgan yangiliklarni muntazam kuzatib borish orqali pandemiya, karantin bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar, umuman, hozirgi vaziyat haqida oz bo‘lsa-da tushunchaga egalar. Avvalgi maqolalarda ham bu davrda ko‘zga tashlanayotgan og‘riqli nuqtalar, yutuq va kamchiliklar haqida so‘z yuritilgandi. Bu safar COVID-19 ning O‘zbekiston kitob bozoriga ta’siri, yuzaga qalqib chiqayotgan eski muammolar, kitobxonlarning tanlovi, yaqin istiqbol haqida fikr yuritsak. 
Xabardor.uz internet nashri ana shu maqsadda O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishdagi bozorning yetakchi vakillariga bir qator savollar bilan murojaat qildi. (Javoblarda 3-iyungacha bo‘lgan vaziyat ko‘zda tutilgan. – tahr.)  

(Kitobxonning bir haftada sarflaydigan vaqti, 2018)

2018-yilda tuzilgan reytingga ko‘ra, butun dunyoda bir kitobxonning bir haftada sarflaydigan vaqti bo‘yicha tuzilgan ro‘yxatning kuchli o‘ntaligida naq beshta Osiyo davlati o‘rin olgan ekan. Hindistonlik kitobxonlar bir haftada naq 10:42 soat sarflagan ekan. Bunday ro‘yxatda O‘zbekistonni topish qiyinligiga o‘rganib qolganmiz. Tasavvur hosil qilish uchun birorta taxminiy raqamga ham ega emasmiz. Biroq hech bo‘lmaganda ushbu sohada hozirgi vaziyatga javob topolsak, tumanlar ancha tarqaladi. Hech shubhasiz!

Karantin vaqtida ungacha bo‘lgan davrga nisbatan sotuvlar hajmida o‘zgarish bo‘ldimi?

Bunyod Po‘latov (Kitoblardunyosi.uz): Biz bu sohada 2014-yildan beri faoliyat yuritib kelamiz. Karantin davrida ham faoliyatimiz to‘xtab qolgani yo‘q. Faqatgina bir kun, 30-mart kuni ishlamadik. Umuman olganda, karantin paytida 30-martdan boshlab bugungacha onlayn savdo hajmi karantindan oldingiga nisbatan deyarli uch barobarga oshdi. Bular faqat qog‘oz formatidagi kitoblarga tegishli ma’lumotlar. 
Do‘konlarimizga keladigan bo‘lsak, rasmiy do‘konlarimiz soni butun O‘zbekiston bo‘ylab 10 tani tashkil qiladi. Do‘konlarimizning hammasida karantin vaqtida telefon orqali buyurtma qabul qilish va yetkazib berish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Lekin bu kundalik sotuvdagiga qaraganda (karantingacha) ancha kam bo‘ldi. Kitoblardunyosi.uz saytini oladigan bo‘lsak, unda sotuvlar uch baravarga oshdi. Bu davrda diniy kitoblarga, ayniqsa, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining kitoblariga nisbatan talab yanada ortdi. Bundan avval ham talab yuqori edi. 
Firuz Allayev (Asaxiy Books): Agar internet orqali sotuvlarni hisobga olsak, karantin davrida sotuvlar o‘sdi. Lekin kitoblarning katta qismi, asosan, kitob do‘konlari orqali sotilgan. Kitob do‘konlari yopilgani sababli, umumiy natijamiz, taxminan, 40 foizga pasaydi. Mijozlarimiz ham qog‘oz, ham elektron shakldagi kitoblarni xarid qilishyapti. Qog‘oz kitoblarni hatto karantin davrida ham butun O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib berdik.

Ulug‘bek Ramazonov (Book.uz): Karantin sabab mart oyidan do‘konni vaqtincha yopishga to‘g‘ri keldi. Shundan so‘ng ikki hafta davomida onlayn savdo qildik. Aynan bu yo‘nalishda savdo ikki barobarga ortdi. Buning sababi esa ma’lum. Izolyatsiya tufayli odamlar uyidan chiqmay xarid qilishga majbur bo‘lishdi va o‘z-o‘zidan onlayn buyurtmaga talab ortdi. Mijozlarga qulaylik bo‘lsin deb, Toshkent shahrining hamma yeriga bepul yetkazib berdik. 
Biroz fursat o‘tib, stiker ololmaganimiz sababli yetkazib berish xizmatini ham to‘xtatishga majbur bo‘ldik.

Ko‘rib turganimizdek, karantin davrida kiritilgan chora-tadbirlar bevosita kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi sohani ham chetlab o‘tmagan. Quvonarlisi, aholi orasida kitob sotib olish darajasi oshgan. 

Karantin davrida qanday qiyinchiliklarga duch kelindi?

Bunyod Po‘latov: Asosiy qiyinchilik pochta orqali yetkazib berish muammosi bo‘ldi. Bu o‘zi avvaldan ham muammo edi. Ayniqsa viloyatlardagi pochta xizmati darajasi ancha abgor holatda. Ishlash tezligi juda sekin. Karantin vaqtida pochta xodimlarining buyurtmani pochta bo‘limidan olib ketishni talab qilishi yoki mashina yollab, qo‘shimcha sarf-xarajat qilishga to‘g‘ri keldi. Buni ochiq aytgan ma’qul. Pochta xizmati sifatining yaxshimasligi odamlarda onlayn xaridlardan foydalanmaslik, “buning o‘rniga do‘konlarning o‘zidan sotib olsam qulay edi”, degan fikrni yana-da mustahkamlab qo‘ydi. Ammo Toshkent misolida oladigan bo‘lsak, pochta xizmati sifati maqtashga arzigulik. Muammolar deyarli kam bo‘ldi.
Yana bir muammo, ba’zi zonalarning qizil yoki sariq zonaga o‘tishi oqibatida yetkazib berishda qiyinchiliklar, tushunmovchiliklar uchrab turibdi. Shunga qaramay, jamoamiz bu muammolarni ham imkon qadar hal qilishninig uddasidan chiqmoqda. 
Firuz Allayev: Dastlabki muammo logistika bilan bog‘liq bo‘ldi. 1-apreldan boshlab transportlar harakati to‘xtadi. Kuryerlik xizmatlari ham hatto stiker olishga qiynalishdi. O‘zbekiston pochtasida ham jarayon sekinlashib ketdi. Lekin bugunga kelib vaziyat ancha tiklandi va yetkazib berish xizmatidagi muammolar yechimini topdi.
Ulug‘bek Ramazonov: Book.uz’ga keladigan bo‘lsak – bu pochta masalasi. Pochta tariflari narxi oxirgi marta sezilarli darajada oshdi (narxlar karantindan oldin ko‘tarilgan). Kitoblarimiz arzon bo‘lsa ham, pochta xizmati bilan qo‘shib hisoblaganda biroz noqulay narxga aylanadi. Nashriyot ishida men bilganlarim shuki, karantin payti hamma kitob do‘konlari yopiqligi sabab ombordagi tovarlar sotilmadi. Tabiiyki, tushum bo‘lmadi. Tushum yo‘qligi ortidan ishchilarning maoshlari, ishga kelib-ketish masalasi qiyinlashdi. Karantin biroz yengillashgach, taxminan, 20-maydan boshlab butun nashriyotning xizmat mashinasida ishchilarning ishga qatnashi uchun sharoit yaratildi.


Pandemiya tufayli o‘rnatilgan karantin tartibi pochta xizmatidagi mavjud muammolarni, haqiqiy ahvolni ochib berdi. Mutasaddilar pochta xizmatining yaxshilanishi bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishadi degan umiddamiz.

Inqirozni yengib o‘tish uchun qanday choralar amalga oshirildi?

Bunyod Po‘latov: Bizda karantin vaqtida xodimlar sonini kamaytirish holatlari bo‘lmadi. Jamoa ko‘rgan chora-tadbirlarga qo‘shimcha ravishda boshqa xarajatlar qisqartirildi. Minimum imkoniyatlardan maksimal foydalanishga harakat qildik. Karantin payti elektron kitoblarimizni “Hilol eBook” mobil ilovasi orqali o‘qiydiganlar soni keskin oshdi. Boisi buni karantin davrida bepul qilib qo‘ydik. Bunga yurtdoshlarimizga qo‘shimcha dalda, ijtimoiy yordam, qolaversa, ma’naviy tafakkurini oshirish maqsadida qo‘l urdik.
Firuz Allayev: Birinchi navbatda gigiyena qoidalarini joriy qildik. Xodimlarni maskalar va antiseptiklar bilan ta’minladik. Uydan turib ham ishlay oladigan xodimlarni masofadan ishlashga o‘tkazdik. Xodimlar sonini kamaytirmadik. Aksincha, harakatiga qarab ayrim xodimlarning maoshi oshirildi.
Ulug‘zbek Ramazonov: Hozirgi kunda joriy qilingan qo‘shimcha qiymat solig‘i noshir va kitobxon o‘rtasidagi jarlik orasini yana kattalashtirdi. Shundoq ham odamlarning kitob o‘qishi kamayib borayotgan vaziyatda qo‘llanayotgan QQS o‘laman deb turgan bemorni bir tepib, o‘limiga yordamlashib yuborgandek bo‘ldi. Davlat rahbari ko‘p marta hammamizni kitobxonlikka undadi. Lekin negadir, kitoblarga ham QQS joriy qilindi. Nega? O‘qi deb turib, soliq solindi. Oqibatda narxlar ko‘tarildi.
Xususiy nashriyotlar shundoq ham aravasini zo‘rg‘a tortib, ozgina foyda bilan kunini ko‘rib yurgandi. Chunki “ko‘cha nashriyotlari” degan bir alohida jamiyat borki, ular hamma ishlarni qonun doirasida bajarib, soliq to‘lab ishlaydigan korxonalarni “sindirdi” (shuning uchun nomdor nashriyotlar kitoblarining sifati yuqori, lekin narxlari biroz qimmat). 
Tushuntiraman. Nashriyotlar biror muallif kitobini chiqarish uchun muallif bilan kelishadi. Uning ustida muharrirlar, musahhih, dizayner va bosmaxona ishchilari ishlaydi. Unga sifatli qog‘oz, muqova ishlatiladi. Asar kitob holatiga kelgunicha ko‘pgina bosqichlardan o‘tadi. Albatta, bularning hammasiga pul, vaqt ketadi. Ancha xarajat qilinadi. So‘ng bozorga tarqatiladi. Agar kitob yaxshi sotilsa, ikki yoki uch hafta o‘tib uning arzon analogi (qaroqchi nusxasi – tahr.) paydo bo‘ladi. Siznikidan bir necha barobar arzon va sifatsiz, albatta. Sababi ularning ustida atigi 5-10 kishi ishlaydi. Ular sifatga emas, songa ishlaydi. Ko‘p, ammo arzon va sifatsiz. Buning ortidan kitobxonlar jabr ko‘radi. QQS aynan mana shu narsani avj oldiradi. 

O‘zbekistonda kitob savdosining kelajagi qanday bo‘ladi?

Bunyod Po‘latov: Kitob savdosi hajmi o‘sishda davom etadi. Garchi ikkilamchi mahsulot bo‘lsa-da, kitobga bo‘lgan talab ortib boradi. Xalqimiz karantin vaqtida uylarida kitob o‘qib, kitob o‘qishning gashtini his qilib ko‘rdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bosma kitoblarni onlayn xarid qilish ommalashdi. “Dostavka” xizmati karantin paytida ancha shakllandi. Elektron va audioformatdagi kitoblar ham o‘sadi. Bunga nafaqat karantin, balki hozirda butun dunyoda kechayotgan raqamli taraqqiyot ham sabab bo‘ladi. Garchi ular bosma kitoblar darajasiga chiqmasa-da, ancha rivojlanadi. 
Firuz Allayev: Agar koronavirusdan so‘ng iqtisodiyot tez tiklansa va umumiy jamiyatda erkinlik ko‘paysa, so‘z erkinligiga yanada ko‘proq imkon berilsa, kitobga bo‘lgan talab oshib boradi. Aksi bo‘ladigan bo‘lsa, vaziyat qiyinlashishi mumkin. Har qanday holatda ham ahvol yaxshilanishiga, xalqimiz ko‘proq kitob o‘qishiga umid qilaman.
Ulug‘bek Ramazonov: Elektron va audiokitoblar sotuvi rivojlanadi, albatta. Bu muqarrar. Lekin hozir bosilayotgan 5-10 minglik tirajlar doimgidek sotiladi. Sababi ularni o‘qiydigan avlod boshqa-boshqa. Elektron shaklni ko‘proq yoshlar, qog‘oz kitobni, asosan, 30 dan oshganlar o‘qiydi. Doim ham emas, qisman. Mening taxminim, elektron va audiokitoblar o‘sishi qog‘oz kitoblar sotuviga ijobiy tas’ir ko‘rsatsa ko‘rsatadiki, zarracha zarar keltirmaydi.


Bu borada o‘z yechimini kutayotgan muammolar hali yetarli ekaniga qaramay, soha vakillarining ancha optimistik kayfiyatda ekani quvonarli holat. Chindan ham xalqimiz pandemiya davrida ko‘pgina sinovlarni boshdan kechiryapti va qaysidir ma’noda qiyinchiliklardan saboq olyapti. Shular qatorida ancha yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar yaqqol ko‘zga tashlanib, ayrimlari o‘z yechimini topyapti, mutasaddilar kelgusida qanday yo‘l tutish kerakligi haqida o‘zlariga tegishli xulosalar chiqarishyapti.

Qiyinchiliklarga qaramay, yurtdoshlarimiz orasida kitobxonlikning kamaymagani, aksincha, kitob o‘qish uchun yangicha, zamonaviy yechimlar topilayotgani esa tahsinga loyiq. Umid qilamizki, karantindan keyingi davrda ham ana shu kuch va g‘ayrat aslo pasaymaydi. Soha xodimlariga esa kelgusi ishlarida omad tilab qolamiz!

Sardor ABDUG‘ANIYEV, Xabardor.uz