Tanzila Narbayeva: “Seminarda yoshlar huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishning ahamiyati to‘g‘risida so‘z bordi”

  • 11:49 / 08.10.2019
  • 327

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati

Kecha, 7-oktabr kuni Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo‘lida yoshlar huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi 6-seminari o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi hukumati tashabbusi bilan IHTning Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva ushbu tadbirda qatnashdi va nutq so‘zladi.

Ta’kidlanganidek, Islom hamkorlik tashkiloti musulmon olamidagi eng nufuzli va samarali forum hisoblanadi. O‘zbekiston IHTga muqaddas islom dinini tinchlik va taraqqiyot, inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash omili deb e’tirof etadigan, yoshlarni munosib tarbiyalashga, shuningdek ularning huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishga chaqiradigan tashkilot sifatida qaraydi.

Qarashlar va ustuvorliklar mushtarakligi tufayli O‘zbekistonning Islom hamkorlik tashkiloti bilan munosabatlari barqaror va izchil xususiyat kasb etmoqda.

Ma’lumki, 2016-yil oktabrdagi IHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Kengashining 43-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Samarqand shahrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, shuningdek Toshkent islom universiteti tarkibida Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkilotining maxsus kafedrasini  tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusni ilgari surdi. Aynan shu sessiyada IHT Bosh kotibiyatida yoshlar bilan ishlash uchun mas’ul yangi bo‘linma tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Bundan tashqari, 2017-yil sentabr oyida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan IHT sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Toshkent shahrida Islom madaniyati markazi va O‘zbekistonda Yosh olimlar uchun Xalqaro islom markazi tashkil etishni taklif qildi. Hozirgi vaqtda Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti tomonidan Buxoro shahrini islom madaniyati poytaxti etib e’lon qilishga bag‘ishlangan tadbirlarga qizg‘in tayyorgarlik ketmoqda.

Shuningdek, tadbirda globallashuv davrida yangi tahdidlar paydo bo‘lishi, yoshlar bilan ishlarni asosiy ustuvorliklar va zarur vazifalarga e’tibor qaratgan holda birgalikda olib borish zarurligi tufayli xalqaro seminar dasturi dolzarbligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan yagona xalqaro huquqiy hujjat - BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konventsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha taklifi muhimligiga urg‘u berildi.

Yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash - O‘zbekistonni rivojlantirishga doir Harakatlar strategiyasi, shuningdek so‘nggi uch yilda qabul qilingan barcha boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan davlat siyosatining asosiy yo‘nalishidir. 2016-yilda “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi, 2017-yildan boshlab esa O‘zbekistonda 30-iyun - Yoshlar kuni sifatida nishonlanmoqda. Shu bilan birga, 2018-yil iyun oyidan e’tiboran “Yoshlar-kelajagimiz” Davlat dasturi hayotga tatbiq etilmoqda. Mazkur Dastur yoshlarning biznesga oid tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishga ko‘maklashish orqali ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan. Bunga Davlat byudjetidan mablag‘ ajratilmoqda.

Ikki kun davom etadigan seminarda taniqli jamiyat arboblari, tahlilchi va mutaxassislar, 50 dan ziyod mamlakat vakillari yoshlarning huquqlarini himoya qilish va ularni rag‘batlantirishning muhim xalqaro va mintaqaviy mexanizmlarini muhokama qiladi.

Seminarning dastlabki kuni haqida o‘z fikrini bildirar ekan Senat Raisi o‘zining Facebook’dagi sahifasida shunday deydi: 

“Toshkentda Islom Hamkorlik Tashkiloti Inson Huquqlari bo‘yicha Mustaqil Doimiy Komissiyasining 6-Xalqaro seminari ishtirokchilarini qutlashdan mamnun bo’ldim. Uchrashuv davomida tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo‘lida yoshlar huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishning ahamiyati to‘g‘risida so‘z bordi.”