Taxiatosh tumaniga yangi hokim tayinlandi

  • 13:57 / 16.06.2020
  • 281

Foto: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 16-iyun kuni xalq deputatlari Taxiatosh tumani Kengashining navbatdan tashqari yettinchi sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Sessiya kun tartibida tashkiliy masala ko‘rib chiqilgan.

Sessiya ishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining raisi M.Yerniyazov ishtirok etib, tuman hokimi lavozimiga shu kungacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Matkarimov Ilxom Ismailovichning nomzodini taklif qilgan.

Taklif qilingan nomzod tuman Kengashi deputatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Ilxom Matkarimov o‘tgan yillar davomida Beruniy tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, Beruniy tumani hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish bo‘yicha qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi prokurori, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, Taxiatosh tumanining oldingi hokimi Farxat Allambergenov Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori lavozimiga tayinlangan edi.