Telefon orqali muloqotda smartfonni qanday ushlash kerak?

  • 12:55 / 06.12.2019
  • 199

Telefon orqali gaplashayotganda uni qanday ushlashingizga hech e’tibor berganmisiz? Smartfon ushlashning ham bir necha usullari bor:

1.  Telefon butun qo‘l kafti bilan ushlanadi va quloqqa qattiq bosiladi

Foydasi:
Smartfonni bu holatda ushlash so‘zlashish uchun qulaylik tug‘diradi. Kaft tashqaridagi shovqinlarni to‘sishi sabab telefondan kelayotgan ovoz yana-da aniq eshitiladi.
Zarari:
Gadjetni butun kaft bilan ushlashimiz sabab signal sifati buziladi. Kaft bilan antennani yopib qo‘yamiz va natijada telefon yana-da kuchliroq nur tarata boshlaydi. Bu kuchlanish akkumulyatorga og‘irlik tushiradi. Telefon tarqatayotgan nur esa insonning bosh miyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

2.  Telefonning pastki qismidan ushlash

Foydasi:
Bu orqali siz qurilma antennasini yopib qo‘ya olmaysiz. Demak, antenna yaxshi aloqa bog‘laydi.

Zarari:
Bu yo‘sinda suhbatlashish sizning baqirib gapirishingizga sabab bo‘lishi mumkin. Nega, deysizmi? Telefonning pastki qismidan ushlash orqali mikrofonni berkitib qo‘yasiz va bu suhbatdoshingizga ovozingiz past yetib borishiga sabab bo‘ladi.

3.  Smartfonni yon tomonidan ushlab gaplashish

Foydasi:
Antenna ham, mikrofon ham berkitilmaydi. Siz bu holatda suhbatdoshingiz bilan bemalol, bexavotir suhbatlasha olasiz. 

Zarari:
Bir nechta barmoq bilan telefonni ushlash mushkul ish. Bu holatda telefon istalgan vaqt qo‘lingizdan tushib ketishi mumkin. Ayniqsa, smartfoningizning hajmi katta bo‘lsa... 
Agar telefonni shu holatda ushlashga ko‘nikib qolgan bo‘lsangiz, qurilmangizga, albatta, himoya qoplamasini “kiydiring”.

Xulosa

Biz yuqorida telefonni ushlash bilan bog‘lik eng ko‘p qo‘llaniladigan 3 holatga to‘xtaldik. Xo‘sh, ulardan qay biri to‘g‘ri? Bu savolga aniq javob berish biroz mushkul! Negaki, bu telefonning rusumiga va u bilan qayerda suhbatlashishingizga ham bog‘liq. Telefon orqali gaplashayotganda mikrofonni va antennani qo‘lingiz bilan berkitib qo‘ymaslikka e’tibor bering. Qolgani esa o‘zingizga bog‘liq:  telefon orqali muloqot sizga zavq olib kelsin!