Temiryo‘l monopolisti tadbirkorga o‘z xizmatlarini o‘tkazishga harakat qilgani aniqlandi

  • 14:28 / 12.07.2019
  • 231

Foto: Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Farg‘ona viloyatida joylashgan tadbirkorlik sub'yektining “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ “Qo‘qon mintaqaviy temiryo‘l uzeli” UK tomonidan yuklash va yuk tushirishga yo‘naltirilgan vagonlarga bo‘rda belgi qo‘yish xizmati majburiy tarzda ko‘rsatilayotganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganib chiqildi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar bermoqda.

Vagonlarga bo‘rda belgi qo‘yish – qayta ishlanishi lozim bo‘lgan poyezd vagonlarining uchastka stansiyalariga yoki saralovchi stansiyalarga kelganidan keyin qo‘yiladigan shartli belgilar.

Murojaatda keltirilgan masala bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar natijasida, bo‘rda belgi qo‘yish xizmati iste'molchiga zarur bo‘lgan holatda, uning tegishli arizasiga binoan temiryo‘l tashkiloti tomonidan ko‘rsatilishi kerakligi ma'lum bo‘ldi. 

Bundan tashqari, iste'molchining mazkur xizmatga ehtiyoji va arizasi mavjud bo‘lmasa-da, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ “Qo‘qon mintaqaviy temiryo‘l uzeli” UK tomonidan asosiy ortish va tushirish uchun vagonlarni taqdim etish xizmati bilan birga bo‘rda belgi qo‘yish xizmati ko‘rsatib kelinayotgani aniqlandi.

Natijada, tadbirkorga tabiiy monopoliya sub'yekti tomonidan 61.7 mln. so‘mlik asossiz qarzdorlik hisoblangan. 

Mazkur holat yuzasidan Qo‘mita tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari“ AJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi hamda tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzilishini to‘xtatilishi va kelgusida takrorlanmasligi yuzasidan ko‘rsatma berildi, asossiz hisoblangan mablag‘lar tadbirkor foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.

“Hurmatli tadbirkorlar, faoliyatingizda bu kabi holatlar uchrasa, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, - deyiladi qo‘mita xabarida.