Texno yangiliklar 08.01

  • 12:53 / 09.01.2015
  • 3802

Nike kompaniyasi 2015 yilda bog‘ichi o‘zi bog‘lanadigan krossovka chiqaradi

Nike kompaniyasi 2015 yilda “Kelajakka qaytib” filmidagi Marti Makflayniki kabi bog‘ichi o‘zi bog‘lanadigan krossovkaning yangi modelini chiqarishni rejalashtirgan. 

1989 yilda ishlangan “Kelajakka qaytib-2” filmidagi voqealarda 2015 yil aks ettirilgan edi. Marti Makflay filmda Nike krossovkasini kiyib yurgan. Krossovkalarning bog‘ichi avtomatik tarzda bog‘lanadi.  2011 yilda Nike “Kelajakka qaytib-2” filmidagi krossovkalarni cheklangan miqdorda chiqargan edi. Biroq ularning bog‘ichini insonning o‘zi bog‘lashi kerak bo‘lar edi.

BMW kompaniyasi “avtoparkovka” xususiyatiga ega bo‘lgan avtomobilni namoyish etdi

Las-Vegasda kechayotgan “CES 2015” ko‘rgazmasida BMW kompaniyasi haydovchi yordamisiz kerakli joyga to‘xtay olish xususiyatiga ega bo‘lgan (avtoparkovka) i3 avtomobilini taqdim etdi. Avtomobil 4ta lazer skaner orqali atrofdagi o‘ziga mos joyni qidiradi hamda haydovchiga bu xabarni yetkazadi. Haydovchi esa “aqlli” soat orqali avtomobilga ovozli komanda yuboradi. Shundan so‘ng haydovchi “parkovka”ni avtomobilning ixtiyoriga topshiri mumkin.

Dell 34 dyuymli bukilgan monitor namoyish qildi

Bukilgan monitorlar sekin-asta rusumga kirmoqda. Bu kabi mahsulotlar allaqachon HP va Samsung kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Endilikda ularga Dell kompaniyasi ham qo‘shildi. U ishlab chiqargan “UltraSharp 34” (model raqami U3415W) ilk marotaba o‘tgan yozda namoyish qilingan edi, endilikda mashhur amerikalik elektronika ishlab chiqaruvchi kompaniya uning sotuvga chiqarilishi haqida xabar berdi.

 

Model  o‘zining 34 dyuymli ekrani bilan bemalol maqtana olishi mumkin. Uning ko‘rsatish qobiliyati 3440 x 1440 (WQHD) pikselni, tomonlari nisbati esa 21:9 ni tashkil qiladi. Monitor ichiga 9 Vt quvvatga ega bo‘lgan ikki dinamikdan iborat audiotizim hamda HDMI va DisplayPort portlari o‘rnatilgan. Monitorlar 8 yanvardan boshlab sotuvga chiqariladi. Uning narxi 1200 dollarni tashkil qiladi. “Bukilgan” va “WQHD “ tushunchalari “cho‘ntakbop” tushunchasi bilan hech qachon mos kelmagani uchun, “UltraSharp 34” ning bunday qimmat narxiga ajablanmasa ham bo‘ladi.

WiTricity simsiz zaryadlash sistemasini taqdim etdi

Las-Vegasda bo‘layotgan “CES 2015″ ko‘rgazmasida WiTricity kompaniyasi simsiz zaryadlash sistemasini taqdim etdi. Yangi uskuna uydagi barcha qurilmalarni, misol uchun, mobil telefon yoki elektrokarni zaryadlash xususiyatiga ega.

Britaniyada internetga ulanishda qo‘ylardan foydalanishmoqchi

Britaniyaning Lankaster universiteti olimlari simsiz internetni qishloq joylarda ham tatbiq etish yo‘lini topishdi.

Ular 171,5 ming funt sterling grant olishdi va o‘z loyihalarini Konui grafligida amalda qo‘llashmoqchi. Ushbu graflikda ko‘plab fermer xo‘jaliklari joylashgan bo‘lib, ular tezkor internetga ulanish imkoniyatiga ega emaslar.

 

Professor Gordon Bleyr rahbarligida olimlarning loyihalariga ko‘ra, qo‘ylarning bo‘yniga Wi-Fi signallarini uzatuvchi va qabul qiluvchi maxsus qurilmalar o‘rnatilgan bo‘yinbog‘lar taqiladi. Mazkur yo‘l bilan qishloq joylarida simsiz internetga ulanish muammosi bartaraf etiladi.

Quyosh energiyasi yordamida ichimlik suvi ishlab chiqaruvchi qurilma

Quyosh nuri yordamida dengiz suvi 90 darajagacha isitiladi, so‘ngra quyosh panellari orqali quvvat oluvchi batareya suvni oddiy elektr isitgichda qaynatadi. Keyingi bosqichda bug‘lash va kondensatsiya yordamida qaynatilgan suv tarkibidagi tuz yo‘qotiladi. Natijada tuz, bakteriya va viruslardan xoli ichimlik suvi olinadi. Qurilma quyosh energiyasidan foydalangan holda kuniga 15 litrgacha suvni tozalashi mumkin. “Desolenator” deb ataluvchi ushbu qurilmaning narxi 450 dollar bo‘lib, 20 yilgacha ishlay oladi.

Samsung kompaniyasi o‘zining eng ingichka yangi smartfoni Galaxy A7`ni namoyish etdi

Samsung kompaniyasi Galaxy A7 smartfonini rasmiy ravishda e'lon qilgani yo‘q. Biroq Galaxy A7 qurilmasi Malayziyada Samsung Galaxy A5 va A3`ning sotuvga chiqarilishi vaqtida namoyish etilgan. 

Shu tariqa, Samsung Galaxy A7`ning mavjudligi o‘z tasdig‘ini topdi va uning ba'zi xarakteristikalari ma'lum bo‘ldi. Smartfon Samsung lineykasidagi eng ingichka smartfon bo‘ladi, uning eni bor-yo‘g‘i 6,3 millimetrni tashkil etadi.

Smartfon ko‘rsatish qobiliyati 1080×1920 pikselni tashkil qilgan Super AMOLED sensor ekrani bilan jihozlangan. Unda takt chastotasi 1,5 GGs bo‘lgan Qualcomm Snapdragon 615 CPU protsessori qo‘llanilgan, 16 GB ichki o‘rnatilgan xotiraga, 13 Mpli asosiy kameraga va 2600 mAs hajmli batareyaga ega. Smartfon Android 4.4 KitKat operatsion tizimi ostida ishlaydi hamda 4G LTE uyali aloqa tarmoqlarida ishlashga moslashtirilgan. Bu yangi qurilma Malayziyada fevral oyida 400 dollar atrofida sotuvga chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Ehtimol, boshqa davlatlarda ham xuddi shu vaqtda sotuvga chiqarilishi mumkin, biroq bu haqda hali aniq xabar berilmagan.

CES 2015: Ko‘rgazmada namoyish etilgan “aqlli” soatlar

Sony kompaniyasi SmartWatch 3 intellektual xronometrini namoyish etdi. U zanglamas metalldan yasalgan. Soat ekrani 1,6 dyuym. Soat 1,2 GGs chastotada ishlaydigan to‘rt yadroli protsessor, 512 Mbayt tezkor hamda 4Gbayt doimiy xotirada ishlaydi. Shuningdek, unga Bluetooth 4.0 va NFC moduli o‘rnatilgan. SmartWatch 3 Android Wear operatsion tizimida ishlaydi. Kompaniya hozirda soatlarning narxini e'lon qilmagan.

Garmin kompaniya sportchilar hamda aktiv hayot tarzini olib boruvchilar uchun mo‘ljallangan Vivoactive nomli “aqlli” soatini taqdim etdi. Gadjetga yugurish, suzish, golf o‘ynash, velosiped uchish va boshqa ko‘plab sport mashg‘ulotlarida kerak bo‘ladigan ilovalar o‘rnatilgan. Foydalanuvchilar bosib o‘tilgan masofa, ishlatilgan kaloriya, mashg‘ulot vaqtlari, tezlik va boshqa ko‘rsatkichlar haqida ma'lumot olishlari mumkin.

Vivoactive Bluetooth 4.0 yordamida Apple iOS yoki Android  smartfonlariga ulanishi mumkin. Gadjet GPS’dan foydalangan vaqtda 10 soat xizmat qilishi mumkin. Avtonom ishlash vaqti esa 7 hafta. Vivoactive tez orada 250 dollar narx bilan sotuvga chiqishi kutilmoqda.

Ko‘rgazmada namoyish etilgan yana bir “aqlli” soatlardan biri Alcatel OneTouch Watch. Unga 1,22 dyuymli displey hamda STMicroelectronics STM429 protsessori o‘rnatilgan. Gadjet Apple iOS yoki Android  operatsion tizimida ishlaydigan qurilmalarga ulanishi mumkin. Unga bir necha sensorlar: elektron kompas, akselerometr, giroskop, altimetr hamda yurak urishini tekshiruvchi datchik o‘rnatilgan. Alcatel OneTouch Watch 150 yevrogacha bo‘lgan narxda sotilishi kutilmoqda.

LG hamda Audi kompaniyasi hamkorligida webOS operatsion tizimida ishlaydigan “aqlli” soat yasaldi. Audi vakillari ko‘rgazmada ko‘rsatilgan soatlar hozircha prototip bo‘lsa ham, biroq gadjetning qay ko‘rinishda bo‘lishini taxminan bilib olish mumkin.

Soatlar dumaloq shaklga ega bo‘lib, chiroyli dizaynga ega. Yana bir qiziq tomoni, gadjet webOS operatsion tizimida ishlaydi. Unga Audi kompaniyasining maxsus ilovasi o‘rnatilgan. Foydalanuvchi ilova yordamida masofadan turib avtomobilning bir necha funksiyalarini ishlatishi mumkin. Masalan, NFC yordamida avtomobil eshiklarini ochish mumkin. Shuningdek, Voice Memo, Q Voice, Remote Shutter, Find My Phone kabi ilovalar ham o‘rnatilgan. Hozircha soatning narxi haqida ma'lumotlar yo‘q.