Texno yangiliklar 28.01.15

  • 15:51 / 28.01.2015
  • 3606

1. Apple’ning 2015 yilning boshidagi daromadi biznes tarixidagi eng yirik ko‘rsatkichga aylandi

Apple kompaniyasi 2015 yilning yanvar oyi hisobotini e'lon qildi. Unga ko‘ra, hisobot davrida kompaniya 18 mlrd AQSh dollari miqdorida daromad olgan. Bu biznes tarixidagi eng yirik korporativ daromaddir. Bu ko‘rsatkichga ko‘ra Apple “Gazprom”, Shell, ExxonMobil singari kompaniyalardan o‘zib ketdi.

Kompaniyaning tushumi o‘tgan yilgiga nisbatan 30 foizga oshib, 74.6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu davr mobaynida kompaniya 74.5 mln iPhone, 21.4 mln iPad va 5.5 mln kompyuter sotishga muvaffaq bo‘lgan.

2. Samsung keyingi avlod iPhone’lariga protsessorlar yetkazib beradi

iPhone smatrfonlarining keyingi avlodida qo‘llanadigan protsessorlarning 75 foizini Samsung kompaniyasi yetkazib beradi. Bu haqda Janubiy Koreyaning Maeil Business Newspaper nashri xabar qildi.

Samsung va Apple hamkorligining moliyaviy tafsilotlari oshkor qilinmagan. Reuters agentligining ma'lumotiga qaraganda, iPhone uchun yangi protsessorlar Samsung’ning Ostindagi (Texas shtati) fabrikasida ishlab chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, Samsung kompaniyasi 2013 yilda iPhone S5 smartfonlari uchun A7 chiplarini ishlab chiqargan edi. iPhone 6 va iPhone 6 Plus smartfonlarining protsessorlarini esa Tayvanning TSMC kompaniyasi yetkazib bergan.

3. Samsung insultni erta aniqlashga mo‘ljallangan moslamani namoyish qildi

Samsung kompaniyasi ensefalogramma ma'lumotlari asosida insultni diagnostika qiluvchi texnologiyani taqdim etdi. Ishlab chiqaruvchilar buning uchun maxsus datchik hamda ma'lumotlarni tahlil qilish algoritmini yaratishga muvaffaq bo‘ldilar.

Datchik bemorning boshiga o‘rnatilib, uning vositasida miya faoliyati to‘lqinlari kuzatiladi. Tahlil natijalarini smartfon yoki planshetdagi maxsus dastur orqali 60 soniya ichida ko‘rish mumkin. Qiyos uchun, tibbiy muassasalardagi tekshiruv jarayoniga 15 daqiqa sarflanadi. Endilikda yangi moslama yordamida insultni uy sharoitida tekshirish imkoniyati tug‘iladi. Insultni erta aniqlash shifoxonaga o‘z vaqtida murojaat qilish va hatto kasallikning oldini olish imkoniyatini beradi.

Ishlab chiqaruvchilar dasturga yetakchi nevrologlarni ham jalb qilishgani aytilmoqda.

4. Samsung Galaxy S6 smartfoni 20 megapikselli optik stabillovchi kamera bilan jihozlanadi

Samsung’ning Galaxy S6 yangi flagman modeli orqa tomonda joylashgan 20 Mp li, tasvirni optik stabillovchi kamera bilan jihozlanadi. Bu haqda ET News nashriga Samsung Electronics’ning sho‘'ba korxonasi Samsung Electro-Mechanics ma'lumot berdi. Aynan SEM kompaniyasi Samsung Galaxy S6 smartfoni uchun kamera modullarini yetkazib beradi.

Samsung Galaxy S6 smartfoni Barselonada bo‘lib o‘tadigan MWC-2015 Xalqaro anjumanining birinchi kuni – 2 martda “Unpacked” deb nomlangan maxsus marosimda namoyish etiladi. Yaqinda internetda qurilma haqida batafsil ma'lumotlar chop etildi.

Hali smartfonning rasmiy namoyishi o‘tkazilmagani uchun barcha ma'lumotlar norasmiy ma'lumot hisoblanadi. Smartfon 64 bitli sakkiz yadroli protsessor (Samsung Exynos 7 Octa), 2560×1440 piksel ko‘rsatish qobiliyatiga ega bo‘lgan 5,1 dyuymli displey va Gorilla Glass oynasi, LTE va NFC qo‘llab-quvvatlash tizimlari, shuningdek, uch xil ko‘rinishdagi – 32, 64 yoki 128 Gbli xotira bilan jihozlanishi ma'lum qilingan. Smartfon korpusi shisha va metalldan tayyorlanadi.

5. LG smartfonlari savdosi 25 foizga oshdi

O‘tgan yilda LG smartfonlari savdosi 25 foizga oshgan, biroq sotilgan smartfonlar miqdori tahlilchilar kutganidan kamroq bo‘lgan.

Koreyaning Yonhap yangiliklar agentligi xabar berishicha, 2014 yilda LG Electronics korporatsiyasi 59,6 mln dona smartfon sotgan. 2013 yilda bu korporatsiya tomonidan 47,6 mln dona smartfon sotilgan edi. Mutaxassislar 2014 yilda 60 milliondan kam bo‘lmagan miqdorda smartfon sotilishini taxmin qilishgan edi.

Biroq TrendForce tadqiqot firmasining ma'lumotlariga ko‘ra, 2014 yilda LG kompaniyasi 70 mln dona smartfon ishlab chiqarib, bu ko‘rsatkich bilan smartfonlar bozorida 6 foizlik ulush bilan 4 o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lgan.

LG smartfonlari savdosining oshishi G seriyadagi modellar, ayniqsa, LG G3 flagman modeliga talabning yuqori bo‘lgani bilan bog‘liq bo‘lgan. LG G3 smartfoni yaxshi sotilgani bois, LG o‘z muvaffaqiyatini davom ettirishga qaror qilib, bu qurilmaning bir necha modifikatsiyalarini ishlab chiqardi.

6. Opera kompaniyasining sobiq bosh direktori Vivaldi deb nomlangan yangi brauzerni taqdim etdi

Opera Software kompaniyasining sobiq bosh direktori Yon fon Tetchner Vivaldi deb nomlangan yangi brauzerni taqdim etdi. Bu haqda Gigaom xabar bermoqda.

Brauzer hozirda Technical Preview (tayyor bo‘lmagan mahsulot) maqomiga ega. Brauzerni Windows, Mac OS X va Linux operatsion sistemasi uchun rasmiy saytidan ko‘chirib olish mumkin.

Fon Tetchner 2010 yilda Opera Software bosh rahbarligidan, 2011 yilda esa kompaniyani butunlay tark etgan.

7. Twitter’da guruhli suhbat qurish hamda video yuklash imkoni paydo bo‘ldi

Twitter ijtimoiy tarmog‘i shaxsiy xabarlarda guruhli suhbat qurish hamda 30 soniyagacha uzunlikdagi videorolik joylash  imkonini yaratdi. Bu haqda kompaniya o‘zining rasmiy blogida ma'lum qildi.

Kompaniya vakillari guruhli suhbat oshkora gaplashishni istamaganlar uchun yaratilgan, deb izohlashdi. Bunday turdagi suhbatni “follow” qilinganmagan odamlar bilan ham amalga oshirish mumkin.

Shuningdek, foydalanuvchilar mobil ilova yordamida Twitter’ga 30 soniyagacha bo‘lgan videolarni yuklash imkoniga ega bo‘lishdi.

Yangi funksiyalardan bir necha kun ichida barcha foydalanuvchilar foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

8. Apple kompaniyasi o‘zining ilk iPad’ini taqdim etganiga 5 yil bo‘ldi

2010 yil 27 yanvar kuni Stiv Jobs San-Fransiskodagi ko‘rgazmada ilk iPad’ni taqdim etgan edi.

Apple’gacha ham sensor ekranli kompyuterlar chiqargan kompaniyalar bo‘lgan. Biroq ular deyarli hech qanday yutuqqa erisha olmagan.

Bir necha oy ichida iPad planshet bozorining 90 foizini egallaydi. So‘ngra Android planshetlar ko‘payganligi sababli bu ulush borgan sari kamayib bordi. Biroq shunday bo‘lsa-da, hozir ham Apple planshet ishlab chiqarish borasida yetakchi kompaniya hisoblanadi. IDC ma'lumotlariga ko‘ra, 2014 yilning 3 choragida Apple’ning ulushi 22,8 foizni egallagan bo‘lsa, uning eng yaqin ta'qibchisi Samsung planshet bozorida 18,3 foiz ulushga ega deb topilgan.

9. Alibaba internet magazinida har kuni 100 millionga yaqin xarid amalga oshirilmoqda

Alibaba internet magazinida har kuni 100 millionga yaqin kishi xaridlarni amalga oshiradi, deb xabar berdi Bloomberg agentligi.

Bu haqda kompaniya rahbari Jyek Ma Davosda bo‘lib o‘tayotgan iqtisodiy anjumanda ma'lumot bergan. U kompaniya 14 mln ish o‘rni yaratishga muvaffaq bo‘lganini ta'kidlab o‘tgan.

Avvalroq, chakana onlayn-savdo bilan shug‘ullanadigan Alibaba kompaniyasi o‘z mijozlari sonini 2 milliardgacha yetkazishi ma'lum qilingan edi.

10. Altra Halo “aqlli” oyoq kiyimi to‘g‘ri qadam tashlashga yordam beradi

2015 yilda Altra Halo nomli yangi krossovkalar sotuvga chiqariladi. Ushbu oyoq kiyimi muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanuvchi odamlarga mo‘ljallangan.

Yangi sport oyoq kiyimining o‘ziga xosligi tagligiga o‘rnatilgan datchiklardir. Tezlikni, otilgan qadamlar soni yoki bosib o‘tilgan masofani kuzatuvchi oddiy fitnes-trekerlardan farqli ravishda, Altra Halo yugurish ritmi va to‘piqning yerga tegish kuchi haqida statistik ma'lumot to‘playdi.

Bu axborot iFit intellektual soatlari yoki smartfonlarga uzatilishi mumkin. Foydalanuvchi yugurish chog‘idayoq bu ma'lumotlarni olishi va yugurish texnikasiga ma'lum tuzatishlar kiritishi mumkin bo‘ladi.

“Aqlli” krossovkalarning narxi 180 AQSh dollarini tashkil etishi kutilmoqda. Unga qo‘shimcha ravishda GPS-treker funksiyasiga ega iFit Ridge ili Peak soatlarini sotib olish mumkin bo‘ladi. Bu soatlarga uyqu sifati, yurak qisqarishi chastotasi, altimetr, kamera, mikrofon, NFC mikrochipi hamda simsiz quvvatlantirish mexanizmlari o‘rnatilgan. Soatlarning narxi hozircha ma'lum emas.

Manba: KUN.UZ