Tezpishar lag'mon ocharchilikda ixtiro qilinganmi?

  • 13:15 / 03.12.2019
  • 264

Momofuku Ando 1910-yilda Yaponiya tomonidan bosib olingan Tayvanda tug‘ilgan. Bolaligida ota-onasi vafot etgani uchun uni buvasi va buvisi voyaga yetkazishgan. Ando 22 yoshga to‘lganida o‘z biznesini boshlab Osakaga jo‘nab ketadi.

1934-yilda u Kiotodagi Ritsumeyka universitetining iqtisodiyot yo‘nalishini muvaffaqiyatli tugatib, Yaponiya fuqaroligini oldi. Uning hayoti yaxshi ketayotgan edi, lekin Ikkinchi Jahon urushi tugaganidan keyin uning turmushida tanazzul davri boshlandi. 1948-yilda Ando soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganligi uchun qamoqqa olindi. Natijada uning kompaniyasi bankrot bo‘ladi. Biroq, Ando tushkunlikka tushmadi. Jazoni o‘tab bo‘lgach, hammasini noldan boshlagan holda iste’mol tuzi ishlab chiqaradigan kompaniya tashkil qildi. Bu vaqtda mamlakatda urushdan keyingi ochlik hukm surardi. 

Похожее изображение

Odamlar ovqat uchun uzundan-uzoq navbatlarda turishga majbur bo‘lishgan. O‘shanda Yaponiya sog‘liqni saqlash vazirligi odamlarga ijtimoiy yordam berish uchun Amerika unidan tayyorlangan non tarqatgan Ando ularning bu ishidan juda hayron bo‘ladi. Yaponiyaliklar uchun lag‘mon kundalik taom hisoblanardi. Biroq Yaponiyadagi aholini to‘ydirishga mamlakatdagi oziq-ovqat kompaniyalarining kuchi yetmasdi. Shu qiyinchiliklar ortida Ando o‘zining yangi biznesini ko‘rdi. Va mazali, to‘yimli, arzon, oson tayyorlanadigan lag‘mon yaratish borasida turli tajribalar o‘tkaza boshladi.
 

Adolatli bo‘lishi uchun shuni ta’kidlash kerakki, Ando tezpishar lag‘monni birinchi bo‘lib ixtiro qilmagan. Gap shundaki qadimda Xitoyning Sin sulolasi lag‘monni yog‘da qovurib uzoq vaqt saqlay olganlar, kerak bo‘lganida esa unga qaynoq suv quyib osonlik bilan tayyorlab iste’mol qilganlar. Biroq Ando uning tayyorlanish sirini bilmagan. U lag‘monni tuzlab, hatto, dudlab pishirib ko‘radi. Tajribalarining so‘ngida u eng yaxshisi palma yog‘ida qovurib, quritish ekanligini anglab yetadi. Va 1958-yilda Nissin Food Products kompaniyasining birinchi mahsuloti jamoatchilikka Chikin Ramen ("ramen" – an’anaviy xitoy va yapon lag‘mon sho‘rvasi) nomi bilan taqdim etildi.

Avvaliga u juda qimma bo‘lib, unga tansiq taom sifatida qaralgan. Oradan bir yil o‘tib esa narxlari keskin pasaytirilgan va savdo hajmi tez suratda oshgan. 1971-yilga kelib kompaniya tezpishar lag‘monlarni plastik idishlarga soladigan bo‘ldi.

Shundan so‘ng tezpishar lag‘mon dunyo bo‘yicha eng ko‘p sotiladigan mahsulotga aylandi. Hozirda u tez tayyorlanadigan mahsulotlar orasida eng ko‘p sotiladigani hisoblanadi. 2005-yili butun dunyo bo‘ylab 85 milliard o‘ram sotilgan. XX asrning eng yaxshi kashfiyoti nima degan savolga yaponlar ultra zamonaviy kompyuterlar-u turli elektron qurilmalarni bir chetga surib tezpishar lag‘mon deb javob berishadi. 

Teglar