Tibbiyot sohasining muhim muammolari ko‘rib chiqildi

  • 18:26 / 13.08.2019
  • 92

2019-yil 13-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni va dori vositalari ta'minotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq etishga ko‘maklashish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘rganishlar yakunlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining sessiyalari o‘tkazilib, tizimdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Shuningdek, o‘rganishlar mobaynida aniqlangan respublika darajasidagi qator muammolarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, ijroga yo‘naltirildi.

Aholiga sifatli va samarali birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish sohasiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar hamda oilaviy poliklinikalar uchun yagona axborot makonini yaratish konsepsiyasi ishlab chiqilib, joriy etildi.

Qolgan hududlarda ham bittadan shahar va tumanni aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishni namunali darajada tashkil etish borasidagi ishlar bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Xususan, Toshkent viloyatining Olmaliq shahri va Piskent tumanidagi tibbiyot muassasalarining tashkiliy-tuzilmasi qayta ko‘rib chiqildi hamda tibbiyot muassasalarida “Elektron poliklinika” avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish, internet tarmog‘iga ulash, “wi-fi” zonalari tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. Aholining tibbiy yordam olishi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Olmaliq shahridagi mavjud oilaviy poliklinikaning 2 ta filiali negizida alohida oilaviy poliklinikalar tashkil etilmoqda. Shuningdek, Piskent tumanidagi Murot-Ali qishloq vrachlik punktini qishloq oilaviy poliklinikasiga aylantirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Joylarda olib borilayotgan o‘rganishlar davomida tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan ayrim omillar, muammolar ham mavjudligi aniqlanib, ularni hal etish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, hududlarda mudofaa ishlari bo‘limlarida ko‘p hollarda kunning birinchi yarmida o‘tkazilayotgan tibbiy ko‘riklarga shifokorlarning jalb qilinayotgani aholiga tibbiy xizmatning o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rsatilmasligiga sabab bo‘layotgani inobatga olinib, ushbu masala deputatlar, mutasaddi vazirliklar mas'ullari ishtirokida o‘rganildi. Natijada mas'ul vazirliklar tomonidan mahalliy hokimliklar bilan birgalikda, bunday tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish maqbullashtirildi.

Tibbiyot sohasining muhim muammolaridan biri — shaharlardagi oilaviy poliklinikalarni tor doiradagi mutaxassislar bilan ta'minlash, tuman va shaharlardagi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari shifo o‘rinlarining sonini bugungi kun ehtiyojidan kelib chiqib qayta ko‘rish masalalarida Hukumat bilan birgalikda tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.