«Tinchlik korpusi» O‘zbekistonga qaytadimi? AQSh elchisi izoh berdi

  • 16:17 / 11.07.2019
  • 347

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda elchiga «Tinchlik korpusi»ning O‘zbekistonga qaytishi bo‘yicha savol berildi.

Ma'lumki, dunyoning 139 mamlakatida ko‘ngilli xizmat ko‘rsatadigan «Tinchlik korpusi» tashkiloti rivojlanayotgan davlatlarda ijtimoiy taraqqiyot yo‘lida yordam ko‘rsatuvchi dasturga ega. Tashkilot O‘zbekistondagi 12 yillik faoliyatidan so‘ng, 2005 yilning iyunida mamlakatdan chiqib ketgan.

«Tinchlik korpusi» O‘zbekistonda ishlaganini ko‘pchilik yaxshi biladi. 2005 yilga qadar o‘z faoliyatini olib borgan. Umid qilamizki, «Tinchlik korpusi» mamlakatga qaytadi. Sababi, u davlatlarimiz xalqlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish, ingliz tilini o‘rganish ishlariga katta hissa qo‘sha oladi. Til o‘rganish, ingliz tilida dars berish bo‘yicha jarayon ham O‘zbekiston prezidenti, ham hukumat va Xalq ta'limi vazirligi uchun ustuvor jihatga ega. 

«Tinchlik korpusi» masalasi bizning O‘zbekiston hukumati bilan muloqotimiz bir qismi sanaladi. Ushbu masala bir qancha muddat davomida muhokama qilindi. Umid qilamizki, «Tinchlik korpusi» yaqin vaqt ichida o‘zining baholovchi jamoasini O‘zbekistonga yubora oladi. U davlatga kelib, baholash ishlari hamda o‘z dasturini boshlaydi. Bu tashrif bo‘yicha aniq rejalar hozircha belgilanmadi. «Tinchlik korpusi» ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va O‘zbekistonda ingliz tilini o‘rganish ishlariga katta hissa qo‘shishi aniq», - dedi elchi.