Titrayotgan bundesfrau. Merkelning ahvoli jiddiymi?

  • 20:36 / 11.07.2019
  • 564

Foto: AP

Bundesfrau – bundesxonim. Nemischada «bundes» – federal, «frau» – xonim.

Germaniya kansleri Angela Merkel 10 iyul kuni Finlyandiya bosh vaziri Antti Rinne bilan uchrashuv vaqtida yana o‘zini yomon his qildi. Bir oy ichida uchinchi marta kansler xonimni rasmiy uchrashuv vaqtida titroq tutib qoldi. Bu holat Germaniya fuqarolarida xavotir uyg‘otmoqda. Xo‘sh, ahvol qanchalik jiddiy?

Matbuot kotibidan chiqqan kansler

Keling, avvalo Germaniya tarixidagi ilk ayol kansler hisoblangan Merkel xonimning siyosatga qanday kirib kelganiga nazar solsak. Angela Merkel yoshligidan kimyo va fizikaga qiziqqani bois universitetni ham shu mutaxassislik bo‘yicha bitiradi. Merkel 1989 yilda «Demokratik yangilanish» partiyasiga ishga kirganida, ko‘pchilik tanishlari hayron qolishadi, chunki u atrofdagilarida ilm kishisi bo‘lib taasurot qoldirgandi-da. Partiyaning kichik lavozimlarida ishlab yurgan Merkel keyinchalik matbuot xizmatida ishlay boshlaydi va aynan shu lavozimda uning tom ma'noda siyosiy faoliyati boshlanadi.

1990 yilda Merkel GDR Ministrlar kengashi raisining matbuot kotibiga o‘rinbosar bo‘ladi. Ikkita Germaniyaning birlashish jarayonida bevosita qatnashgan Merkel sekin-asta siyosat olamida tanila boradi. Merkelning tavsiyasiga ko‘ra 1990 yilgi saylovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan «Demokratik yangilanish» partiyasi o‘sha vaqtda hukmron bo‘lgan XDK (Xristian-demokratlar kengashi) partiyasi bilan birlashishga qaror qiladi. 2 oktabr kuni «Demokratik yangilanish» XDK tarkibiga qo‘shilishiga bag‘ishlangan tadbirda Merkel nutq so‘zlaydi. 3 oktabr kuni esa Germaniya birlashadi. Shu bilan Merkelning matbuot kotibi sifatida faoliyati ham yakunlanadi va u hukumatda maslahatchi sifatida ish boshlaydi.

1991 yil yanvarda Merkel yangi Germaniyaning xotin-qizlar va yoshlar ishlari bo‘yicha vaziri bo‘ladi. Siyosat pillapoyasida tez ko‘tarilayotgan Angelani «Kolning qizi» (Gelmut Kol, o‘sha vaqtdagi Germaniya federal kansleri) deb atay boshlashadi. 1994 yilda esa Merkel ancha jiddiy vazirlikka rahbar bo‘ladi. Saylovlarda 48,6 % ovoz olgan bo‘lajak kansler Tabiatni muhofaza qilish va yadro xavfsizligi vaziri bo‘ladi. Kimyo bilimdoni bo‘lgan Merkel uchun bu o‘zining ishi edi.

XDKda rahbar o‘zgarib, partiya rahbarligiga Volfgang Shoyble kelgach, Merkel bosh kotib bo‘ladi. 2000 yil 18 fevralda XDK raisi Volfgang Shoyble o‘z lavozimidan ketishini ma'lum qiladi. Rahbarsiz qolgan partiya nazorati esa kutilganidek bosh kotib Angela Merkel qo‘liga o‘tadi.

O‘sha vaqtlarda partiyaning ko‘plab vakillari, jumladan sobiq kansler Gelmut Kol ham iqtisodiy mojarolarga o‘ralashib qolgandi. Merkel esa bunday ishlarga aralashmagani bois partiya ichida katta obro‘ga ega bo‘lgandi. 2000 yil 10 aprelda XDK partiyasi rahbarligiga saylov o‘tkaziladi va Merkel 935 a'zodan 897 nafarining qo‘llovi bilan partiya rahbari bo‘ladi.

2005 yil 18 sentyabrda Germaniyada muddatidan avval parlament saylovlari o‘tkaziladi. Xristian-demokratlar kengashi hamda Xristian-sotsiallar kengashi federal kansler lavozimiga Angela Merkel nomzodini taklif qilishadi. Merkel kutilganidan ancha past ovoz olib bo‘lsa-da (35,2 %) saylovda g‘olib bo‘ladi. 2005 yil 22 noyabr kuni 611 deputatdan 397 nafari Merkelning kansler bo‘lishiga rozi bo‘ladi va Angela Merkel Germaniya tarixida ilk marta federal kansler lavozimini egallagan ayolga aylanadi. Mamlakatdagi ayollar buni shaxsiy g‘alabalari deb kutib olishadi.

Kansler bo‘lganidan so‘ng yana uch marta qayta saylangan Merkel «Forbs» jurnali tomonidan 12 marta yilning eng kuchli siyosatchi ayoli deb topilgan. 2006 va 2007 yillarda «Taym» jurnali Merkelni dunyoning eng ta'siri katta 100 nafar odami ro‘yxatiga kiritadi. 2015 yilda esa bu obro‘li nashr Merkel xonimni yil odami deb topadi.

Siyosatda katta yutuqlarga erishgan Merkelning farzandi yo‘q. U ikki marta turmush qurgan, ammo farzand ko‘rmagan.

Merkelning siyosatga kirib kelishini bejizga eslamadik. U barchasiga mehnat sabab erishgan. Merkel xonimning siyosatdagi yo‘liga mehnat qilish nuqtai nazaridan o‘rnak sifatida qarash mumkin. So‘zamolligi bilan har qanday holatdan chiqib keta oladigan Merkel dunyo siyosatida katta obro‘ga ega. Biroq oxirgi vaqtlarda Merkelning siyosiy faoliyatidan ko‘ra uning salomatligi ko‘proq muhokama qilinmoqda...

Bir oyda uch marta...

Hammasi 18 iyunda boshlandi. Ukrainaning yangi prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ilk marta uchrashuv vaqtida Merkelning ahvoli yomonlashdi. Davlat madhiyalari yangrayotgan paytda uni titroq tutib qoldi. Bunday holatni kutmagan Zelenskiy esa nima qilishini bilmay hayron qoldi. O‘sha holatdan so‘ng butun dunyo Merkelning salomatligi haqida gapira boshladi. Matbuot anjumanida ham bu haqda so‘rashdi va kansler barchasiga issiq sababligini aytdi: «Uch stakan suv ichgach, ahvolim yaxshilandi. Menga aynan suv yetishmadi. Hammasi joyida».

Ikkinchi titroq Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan uchrashuvga to‘g‘ri keldi. Bu gal Merkel xonim issiqni bahona qila olmasdi, chunki uchrashuv yopiq binoda o‘tkazilayotgan va turgan gapki u yerda konditsioner ishlagan. Birinchi titroq vaqtida Merkelning yonidagi Zelenskiy «qoqqan qoziqdek» turgan bo‘lsa, bu gal Shtaynmayyer kanslerdan ahvolini so‘radi, qo‘riqchilardan biri esa suv olib keldi, ammo Merkel qo‘li bilan ishora qilib, suvni rad etdi.

Germaniya kanslerining haqiqiy holati uning o‘zi va shifokoriga ayon, ammo dunyoning kuchli shifokorlari uni tekshirib ko‘rish imkoni bo‘lmasa-da, tasavvurlarini aytishmoqda.

Masalan, londonlik doktor Mayk Fitspatrikning «Daily Telegraph»ga ma'lum qilishicha, odam issiqdan bunday titramaydi: «Ochlikdan shunday holga tushish mumkin, lekin issiqdan emas. Tutqanoq esa ikki daqiqagacha davom etishi mumkin va u odam tanasidagi harorat normal holatga tushganidan keyin o‘tib ketadi. Bu holat aynan tutqanoqqa o‘xshadi», – deydi shifokor.

«Qanday kelgan bo‘lsa, shunday o‘tib ketadi...»

Kansler o‘zining holatida jiddiy o‘zgarish yo‘qligiga ishontirishga urinmoqda. Uning aytishicha, hammasi qanday kelgan bo‘lsa, shunday o‘tib ketadi: «Hammasi qanday kelgan bo‘lsa, shunday o‘tib ketadi. O‘zimni yaxshi his qilyapman, bu borada ortiq hech nima deya olmayman».

Germaniyalik poygachi Shumaxerni davolagan mashhur shifokor Kristof Shpext kansler xonim bilan kuzatilgan holatning oltita ehtimoliy sababini sanadi. Ulardan eng asosiysi qandli diabet bilan bog‘liq. Shifokorning ta'kidlashicha, qonda shakar miqdorining kamligi bemorda xuddi shunday boshqarib bo‘lmas titroqni keltirib chiqaradi.

Yana bir sabab sifatida tananing zo‘riqishi keltirilgan. Masalan, odam asabiylashishga qarshi tabletkalar qabul qilishi sabab tanada zo‘riqish paydo bo‘lishi mumkin. Shifokorning aytishicha, qalqonsimon bezning haddan tashqari faolligi ham titroqni keltirib chiqaradi.

Albatta, shifokor bu yerda yosh omilini ham unutmaslik kerakligini ilova qildi: «Tremor, ya'ni bunday titrash 60 yoshdan oshganlarda uchraydi va u odam harakat qilishi bilan to‘xtaydi».

Dunyo shifokorlari yana ko‘plab variantlarni ma'lum qilishmoqda. Ulardan birida aytilishicha, Merkel Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan oldin juda ko‘p qahva ichgan va keragidan kam suv iste'mol qilgan.

Ikkinchi marta takrorlangan titroqda esa ruhiy sabab ham keltirildi. Ruhshunoslarning tusmolicha, titroq paydo bo‘lishidan qo‘rqish ham uning takrorlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Odamlar orasida titroq Parkinson kasalligining alomati bo‘lishi mumkinligi ham muhokama qilinmoqda, lekin professional shifokorlar buni keskin rad etishdi. Ular bu kasallikda titroq uzoqroq davom etishini aytishmoqda.

OAVda Merkel 2014 yilda matbuot anjumanini kutilmaganda tark etgani va bunga sabab sifatida qon bosimining tushib ketganini keltirgani ham eslandi. 2014 yil Kyolnda ham Merkelni titroq tutgandi. 2015 yil Bayroytda opera eshitayotgan kansler stuldan yiqilib tushgandi. Bu hodisaning sababi sifatida stulning singanini keltirishgandi, lekin kansler uchun singan stul qo‘yilganiga ishonish qiyin. Merkel xonimni Meksikaga safari vaqtida ham titroq tutgan.

Bir oy ichida uch martalab takrorlangan xurujning yana bir ehtimoliy sababi sifatida qon aylanishidagi muammoni keltirishmoqda. Xuruj suv ichish bilan o‘tib ketgani uning aynan qon aylanish bilan bog‘liqligiga ishora qilmoqda, deb hisoblaydi bir guruh shifokorlar.

Ana shunaqa gaplar. Nima bo‘lganda ham, Merkel xonimga salomatlik tilaymiz. Katta yettilik davlat rahbarlari orasida eng uzoq vaqt hukumat tepasida bo‘layotgan Merkel ular orasida eng adekvati ham hisoblanadi.

Bundesfrau 2021 yilda siyosatdan ketishini ma'lum qilgan. Umid qilamiz, kansler xonim o‘zi oxirgisi deb atagan muddatni eson-omon tugatib qo‘yadi...

Teglar