Tojikiston IIV: Chegara postiga hujum qilganlarning aksariyati Tojikiston fuqarolari edi

  • 15:00 / 08.11.2019
  • 36

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi 6-noyabr kuni chegarachilarga hujum qilganlarning aksariyati mamlakat shimolidan kelgan Tojikiston fuqarolari ekanligini aniqlagan.

Bu haqida “AP” Tojikiston Ichki ishlar vazirligining matbuot kotibi Umarjon Imomaliga tayanib ma'lum qildi. U hujum qilganlar shimoliy hududning qaysi viloyatidan ekanligini aniqlamagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ular orasida ayollar ham bo'lgan.

“Tojikiston Bosh prokurori tomonidan chegara postiga hujum qilinganligi bo'yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan”, – dedi u.

Vakilning Bosh prokuratura idorasidagi manbasining ta’kidlashicha, bugungi kunda ushbu jinoiy ish “terrorizm, qotillik, davlat chegarasini noqonuniy bosib o‘tish” moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan.

“Tergov jarayonida Tojikiston Jinoyat kodeksining boshqa moddalari bo'yicha ham ish qo'zg'atilishi mumkin”, – dedi manba.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 6-noyabrga o‘tar kechasi 20 nafar niqobli jangarilardan iborat qurollangan guruh Tojikiston – O‘zbekiston chegarasidagi “Ishkobod” chegara postiga hujum qilishgan. Tojikiston xavfsizlik kuchlarining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, to‘qnashuv paytida 15 terrorchi yo‘q qilingan, qolgan besh kishi yaralangan va asir olingan.
 
Jangda bir chegara askari va Tojikiston IIV xodimi halok bo‘ldi. MXDQ vakillarining ta’kidlashicha, jangarilar guruhi Islom davlatiga tegishli bo‘lib, Tojikistonga qo‘shni Afg‘onistondan kelgan.

Teglar