Tolibon Afg‘oniston hukumatining mahbuslarni shartli ravishda ozod etish buyrug‘ini rad etdi

  • 16:02 / 11.03.2020
  • 279

Tolibon vakillari Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani tomonidan e’lon qilingan mahbuslarni shartli ravishda ozod qilish buyrug‘i o‘tgan oy Dohada imzolangan AQSh-Tolibon kelishuviga zidligini ta’kidlamoqda. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

“Tinchlik kelishuvida avval 5000 mahbus ozod qilinib, keyin afg‘on muloqoti boshlanishi kerakligi aytilgan”, dedi Tolibonning Doha shahridagi vakili Suhail Shohin.

“Biz mahbuslarning shartli ravishda ozod qilinishiga hech qachon rozi bo‘lmaymiz. Bu 29-fevral kuni biz imzolangan tinchlik kelishuviga ziddir”, deya qo‘shimcha qilgan Tolibon vakili. 

Afg‘oniston Prezidentining matbuot kotibi Siddiq Siddiqiyning aytishicha, ushbu avf 5000 tolibon mahbuslarini ozod etishning dastlabki bosqichi. Bu Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini boshlash uchun birinchi qadam hisoblanadi.

Prezident farmoniga binoan, qolgan 3500 mahbus muzokaralar boshlanganidan keyin zo‘ravonliklarni to‘xtatish sharti bilan ozod qilinadi.

Oldinroq Ashraf G‘ani 1500 Tolibon jangarilarini ozod qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqda xabar bergandik.