Tolibon BMT Bosh kotibiga yangi doimiy vakil tayinlashni talab qilib maktub yo‘lladi

  • 12:40 / 22.09.2021
  • 187

Tolibon BMT Bosh kotibiga yangi doimiy vakil tayinlashni talab qilib maktub yo‘lladi. Bu haqda kecha 21-sentyabr kuni BMT Bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik ma’lum qildi.

20-sentyabrda Gutterish idorasiga “Tolibon” hukumatining tashqi ishlar vaziri sifatida Amir Xon Muttakining imzolangan xati kelgan.

Unda 21-27-sentyabr kunlari BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida ishtirok etish haqida so‘ralgan. 

Shu bilan birga, toliblar Afg‘onistonning BMTdagi doimiy vakili Gʻulom Isxakzayni o‘z vakili Muhammad Suhayl Shohin bilan almashtirishni talab qildi.

Stefan Dyujarrikning ma’lum qilishicha, 15-sentyabr kuni BMT Bosh kotibiga Afg‘onistonning doimiy vakolatxonasidan elchi Gʻulom Isxakzay imzosi bilan Bosh Assambleyadagi delegatsiya ro‘yxati ko‘rsatilgan xat kelgan.
 "Doimiy vakil delegatsiya rahbari etib tayinlangan", – deydi Dyujarrik.

9-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi raisi Volkan Bozqir Afg‘onistonning doimiy vakili to‘g‘risida qarorni akkreditatsiya qo‘mitasi tomonidan oktyabr-noyabr oylarida qabul qilinishi mumkinligini aytdi.

AQSh Davlat departamenti vakili Tolibonning BMTdagi vakolatxonasi masalasi kelasi haftada hal qilinishiga shubha bildirdi.