Tong vaqtini bekorga sarflamaslik uchun nima qilish kerak?

  • 13:40 / 22.09.2018
  • 4094

Har kuni tongda bajaradigan ishlaringiz oxir-oqibat kuningiz va hayotingizni belgilaydi.

O‘rtacha umr davomiyligi 70 yilni tashkil qiladi. Agar odam 18 yoshda katta odamga aylanadi deb hisoblab, natijani butunlasak, deyarli 20 ming marta tongni ulg‘aygan odam sifatida qarshilar ekanmiz. Katta odam o‘zi kim? O‘z harakatlariga javob beradigan va hayotini o‘zi istagandek o‘zgartiradigan kishi.

O‘ylab ko‘ring-a, 20 ming marta tetik holda uyg‘onasiz va tog‘ni talqon qilishga tayyor bo‘lasiz yoki karavotdan zo‘rg‘a tushib, tushlikkacha mudraysiz.

Tongni bor-yo‘g‘i 20 ming marta yoki undan kam kutib olishingizni anglasangiz, vaqtingizni bekor o‘tkazayotganingizni tushunasiz. Bunday qilishga nuqta qo‘yib, tongdan ko‘proq foyda va zavq olish usullari mana bunday:

1. Vaqtni emas, quvvatingizni boshqaring

Ayrim vazifalar kunning muayyan qismida tez va yaxshiroq bajariladi. Ba'zi kishilarda ijodiy quvvat ertalab mo‘l bo‘lsa, boshqalarida esa bu holat kechki payt va tunda kuzatiladi.

Tongda yaxshi bajariladigan ishni kuzating va aynan o‘shani amalga oshiring.Hatto ofisda ishlasangiz ham, ayrim vazifalar bajarilish vaqtini o‘zgartira olarsiz.

Masalan, ijodiy quvvat tongda uyg‘onsa, nostandart yondashuv va yangi yechimlarni topish bilan bog‘liq vazifalarni bajarish mumkin. Kechki paytga esa mijozlardan kelgan xatlar va telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berish kabi odatiy ishlarni qoldirsa bo‘ladi.

2. Oldindan tayyorlaning

Uyquga yotishdan avval ertaga bajariladigan ishlar ro‘yxatini tuzing. Bu tonggi vaqtni tejaydi va yaxshi odatni shakllantirishda yordam beradi. Kechqurun biror ishni rejalashtirsangiz, uni tongda bajarish imkoniyati ortadi.

Rejalashtirish kelajakni hozirgi zamonga aylantiradi va u bo‘yicha biror nimani bajarish mumkin bo‘ladi.

Alan Lakeyn, taym-menedjment mutaxassis,  «Ulgurish san'ati» kitobi muallifi

3. email’ni tushgacha tekshirmang

Uyg‘onishingiz bilan email’ni tekshirasiz, u yerda zudlik bilan javob berish kerak bo‘lgan ma'lumot bo‘ladimi? Shart emas. Axir tezkor yangilikni kimdir email orqali yuborarmidi?

Sizga kelgan barcha xatlar bir-ikki soat kutib turishi mumkin. Shuning uchun tongni ish bo‘yicha “o‘ta tezkor” xabarlarga emas, haqiqatan muhim sanalgan narsalarga sarflang.

4. Telefonni uzoqroqqa olib qo‘ying

Smartfonni boshqa xonaga yoki hamkasbingizning stoliga qo‘ying. Diqqat darajasi a'lo bo‘lgan tonggi soatlarni Facebook akkauntini tekshirish yoki messenjerda foydasiz yozishmalarga sarflamaysiz.

5. Salqin xonada ishlang

Dim va issiq xona uyqu chaqirishini sezganmisiz? Agar tongdagi tetiklik bilan muammolaringiz bo‘lsa, bunday xonada tushgacha va undan keyin ham mudrab o‘tirasiz.

Salqin xonada diqqatni jamlash va tongni foydali o‘tkazish osonroq bo‘ladi.

6. To‘g‘ri o‘tiring yoki turing

Yaxshi ishlash uchun miya kislorodga ehtiyoj sezadi. Afsuski, ko‘pchiligimiz monitorga tikilib, nimanidir klaviaturada terib, bukchaygan holda o‘tirishga o‘rganganmiz.

Stolda bukchaygan holda o‘tirganda diagfragma o‘pka tubiga qadaladi, shuning uchun chuqur nafas ololmaysiz.

Chuqur va yengil nafas olish uchun to‘g‘ri o‘tiring yoki o‘rningizdan turing. Natijada miyangiz ko‘proq kislorod oladi. Demak, samaraliroq ishlaydi.

7. Ovqatga ko‘p vaqt sarflamang

Nonushta organizmni zarur quvvat bilan ta'minlashda yordam beradi. Uni foydali bo‘lishiga intiling, biroq tayyorlash uchun ko‘p vaqt sarflash shart emas.

Tongda vaqtni tejash uchun uni kechki ovqat bilan birga tayyorlash mumkin. Uyg‘ongach, uni isitish yoki tayyorlashni talab etmaydigan mahsulotlar bilan nonushta qilish mumkin.

8. Tonggi odatingizni toping

Kimdir tongni badantarbiya bilan boshlaydi, kimdir  - bir stakan sovuq suv yoki 10 daqiqalik meditatsiya bilan. Muayyan ketma-ketlikda kichik odatingizga amal qiling. Masalan, avval bir stakan suv ichib, keyin badantarbiya qiling.

Odatga aylangach, u tana uchun faollikning turli yo‘nalishlariga yo‘l ko‘rsatuvchi signal vazifasini bajaradi. Shunday qilib, bir stakan suvdan keyin deyarli avtomat tarzda badantarbiya qilishni boshlaysiz. Sizga buning uchun rag‘bat ham kerak bo‘lmaydi.

9. Maqsad sari asta, biroq to‘g‘ri harakat qiling

Inson hayoti bir kun yoki bir oy davomida izdan chiqishi holati kam bo‘ladi. Bari asta-sekinlik bilan yuz beradi. Afsusdan boshqa hech nima olib kelmayotgan tong – har kunlik tanlovning natijasi. Tanlov esa odatga aylanadi. Yo‘qotilgan tong ortidan kun va tun keladi, shunday tarzda davom etaveradi.

Yomon odatlar asta-sekinlik bilan orttiriladi, biroq yaxshilari ham xuddi shu tarzda shakllanadi.

Amerikalik parhezshunos, sog‘lom turmush tarzi tarafdoriJyek La Leyn har kuni soat 4 da uyg‘onib, 90 daqiqani jismoniy mashqlar va yana yarim soatni yugurishga sarflagan. Oltmish yildan ortiq vaqt davomida u mazkur ketma-ketlikka amal qilgan. Natijada, fitnesdagi eng muvaffaqiyatli shaxslardan biriga aylandi va 96 yil umr ko‘rdi.

Demak, tongni qanday o‘tkazishimiz qaysidir ma'noda butun kunni belgilaydi.Sizda uni o‘zgacha kutib olish uchun 20 mingta imkoniyat bor.

Teglar