“Tonirovka” uchun ariza onlayn berilganda chegirma qo‘llanilishi ma’lum qilindi

  • 13:17 / 15.09.2021
  • 363

Hukumatning 2021-yil 28-iyuldagi qaroriga muvofiq, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsatnoma berish xizmati joriy etildi.

Endi avtotransport vositalari egalari arizalarini onlayn topshirganida 10 foizli chegirmaga ega bo‘lishadi.

Bu chegirmalar ayni kunda “tonirovka”ning narxini orqa yon oynalar uchun 135 ming so‘m (yuridik shaxslar uchun 270 ming so‘m), old va orqa yon oynalar uchun esa 1 million 300 ming so‘mga arzonlashtiradi.

Shuningdek, endilikda haydovchilarning avtotransport oynasiga stiker yopishtirishlari majburiy bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, Yagona portalda ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish imkoniyati ham yaratilgan.

Qayta rasmiylashtirishda – avtotransport vositasi ikkilamchi bozordan sotib olinganida, texpasport (avtotransport vositasining ro‘yxatdan o‘tgan guvohnomasi) mulkdori yoki davlat raqam belgisi o‘zgargan hollarda avtotransport vositasiga rasmiylashtirilgan “tonirovka” ruxsatnomasiga onlayn tarzda bepul o‘zgartirishlar kiritish mumkin. 

Ma’lumot uchun, 2020-yil 9-oktyabr kuni Hukumatning №635 sonli qaroriga muvofiq 1 yil muddatga beriladigan ruxsatnoma narxlari quyidagicha:
–  jismoniy shaxslarning M1, N1 va N2 toifaga oid avtotransport vositalari orqa yon oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish to‘lovi – 5 BHM (1 mln. 350 ming so‘m) etib belgilandi (oldingi narxi 10 BHM – 2 mln. 700 ming so‘m)
–  yuridik shaxslarga orqa yon oynani qoraytirish uchun to‘lov miqdori o‘zgarmagan – BHMning 10 baravari (2 mln. 700 ming so‘m)
–  orqa va old yon oynalar bo‘yicha tusini o‘zgartirishning to‘lovi miqdori ham o‘zgarishsiz qoldirildi – 50 BHM (13 mln. 500 ming so‘m)