TOP-7: Eng qimmatbaho mobil telefonlar

  • 06:30 / 26.05.2017
  • 57212

Bugungi kunda hayotimizni mobil telefonlarsiz tasavvur qilish qiyin. Har bir inson o‘z ehtiyojlari va moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, o‘ziga munosib qurilmani tanlaydi. Biroq shunday telefon apparatlari borki, ularni hamma ham qo‘lga kirita olmaydi - ular aloqa vositasi emas, eng avvalo hashamat vositasidir. Trendymen dunyoning eng qimmatbaho telefonlari va ularning narxiga oid ma'lumotlar bilan bo‘lishdi.

 

Diamond Crypto Smartphone

Rossiyaning Ancort kompaniyasi tomonidan yig‘ilgan telefon dizayni bilan avstriyalik Peter Aloysson shug‘ullangan. Biroq qurilmani boshqalaridan ajratib turuvchi xususiyati 50 ta olmos bilan bezatilgan platina korpusi emas, balki zamonaviy shifrlash texnologiyalari samarasi bo‘lgan yuqori xavfsizligidir. Narxi - 1,3 million dollar.

 

GoldVish Le Million

Shveytsariyalik zargar Emmanuel Gyuytning original ijod namunasi - GoldVish Le Million smartfoni - 2006 yilda dunyodagi eng qimmatbaho telefon hisoblangan. Korpusi - oltindan, olmoslar bilan qoplangan, orqa paneli - timsoh terisidan va ajoyib shakl. 1,45 million dollar va u sizniki!

 

iPhone 3G King´s Button

iPhone 3G King´s Button modeli 1998 yildan beri elita telefonlarni jihozlashga ixtisoslashgan avstriyalik zargar Peter Aloyssonning ijod toji bo‘ldi. Telefon haqiqatda qirollik hashamati bilan ajralib turadi - 138 qimmatbaho tosh bilan bezalgan oq, pushti va sariq oltindan ishlangan korpus, boshqaru tugmasida 6 karatli hashamatli olmos joylangan. Narxi - 2,4 million dollar.

 

Goldstriker iPhone 3GS Supreme

2012 yilda 3,2 million dollarlik ushbu qurilma dunyodagi eng qimmatbaho telefon hisoblangan. Bugungi kunda u o‘z o‘rnini yangi modellarga bo‘shatib bergan. U 136 ta olmos bilan bezalgan 22 karatli oltindan ishlangan korpusga ega, asosiy tugmada ham 761 karatli olmos mavjud.

 

iPhone 4 Diamond Rose

Apple'ning yana bir mahsuloti  – iPhone 4 Diamond Rose bozorga chiqishi bilanoq Ginnesning Rekordlar kitobidan joy olgan. Bunga mukammal ishlov berilgan 500 olmos, bejirim logo va Home tugmasidagi 7,4 karatli pushti olmos sabab bo‘lgan. Agar bu kimgadir kamdek tuyulsa, qimmatbaho  toshni 8 karatlisiga almashtirish imkoni mavjud. Bunday telefon sohibiga maxsus aksessuar kerak bo‘lishi shubhasiz. Ichki tomonidan nubuk bilan ishlangan pushti granitli g‘ilof og‘irligi - 7 kilogramm va u smartfon narxi ichiga kiradi - 8 million dollar. Telefon atigi ikki nusxada chiqarilgan.

 

iPhone 5 Black Diamond

Tilladan ishlangan orqa panel, himoyali ko‘kish yoqut shisha, 600 ta olmos bilan bezatilgan korpus, 53 ta qimmatbaho tosh bilan ishlangan Apple logosi va 26 karat og‘irlik hamda 12 million qiymatga ega qora olmosli asosiy tugma - bularning barchasini birda yig‘adigan bo‘lsak, 2016 yilning eng qimmatbaho telefoni - iPhone 5 Black Diamond hosil bo‘ladi. Hozir uning narxi 15,3 million dollar atrofida bo‘lib, yangi modellarga o‘z o‘rnini bo‘shatib bergan. Biroq uni xarid qilishning iloji yo‘q - bu telefon zargar Styuart Xyuz tomonidan yagona nusxada, xitoylik ishbilarmon uchun maxsus yaratilgan.

 

Falcon Supernova iPhone 6

Falcon brendi hammaning ham qurbi yetavermaydigan elita mobil telefonlarini ishlab chiqaradi. Shu bois bu kompaniyaning Falcon Supernova iPhone 6 telefoni bugungi kunda dunyoning eng qimmatbaho qurilmasi hisoblanadi. Uning bahosi modelga ham bog‘liq bo‘lib, 45 milliondan 95 million dollargacha bo‘lishi mumkin. Xaridor bu pullar evaziga nimaga ega bo‘ladi? 128 Gb xotira, platina korpus, 18 karatli pushti yoki sariq oltin, shuningdek noyob pushti olmos bilan bezatilgan panel. Istagan xaridor uni havorang olmosga almashtirib olishi mumkin, shunda telefon ikki barobar arzonga tushadi. Qo‘shimcha sifatida maxsus aksessuarlarni qo‘lga kiritish mumkin - masalan, oltin yoki platinadan ishlangan lyuks toifali quloqchinlar 300 ming dollarga sotiladi.

Teglar