To‘ra Bobolov Surxondaryo viloyatiga hokimi etib tayinlandi 

  • 13:56 / 13.01.2020
  • 250

Bugun, 13 yanvar kuni Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga 3-Darband saylov okrugidan saylangan deputat Bobolov To‘ra Abdiyevichning nomzodini Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi sessiyasida tasdiqlash to‘g‘risida Taqdimnomani o‘qib eshittirdi. 

“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga taqdim etilgan Bobolov To‘ra Abdiyevichning nomzodini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror bir ovozdan ma’qullandi. 

Reglamentga muvofiq, sessiyada “Xalq deputatlari viloyat, tuman va  shahar Kengashlari deputatlari Qo‘shma majlisi Maslahat Kengashi a’zoligiga nomzodni tavsiya etish to‘g‘risida”gi masala ham ko‘rib chiqildi hamda Xalq deputatlari viloyat Kengashining qarori bilan taklif etilgan Bobolov To‘ra Abdiyevichning nomzodi tasdiqlandi. 

Shuningdek, sessiyada 2019-yil 22-dekabrda o‘tkazilgan xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari saylovi yakunlari bo‘yicha viloyat saylov komissiyasi raisining axboroti tinglandi.  

Saylov yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 27 nafar, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan 15 nafar, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 10 nafar, O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan 4 nafar hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan 4 nafar deputat saylangan.

Saylangan deputatlarning 2 nafari yoki 3 foizi 30 yoshgacha, 9 nafari yoki 15 foizi 40 yoshgacha, 20 nafari yoki 33 foizi 50 yoshgacha, 17 nafari yoki 28 foizi 60 yoshgacha, 12 nafar yoki 20 foizi 60 yoshdan oshganlarni tashkil etadi. 

Sessiyada xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizomi tasdiqlandi. “Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashiga siyosiy partiyalardan saylangan deputatlarning partiya guruhlarini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi. 

Ma’lumot uchun: To‘ra Bobolov 1970-yilda tug‘ilgan. 1992-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan, 1994-yildan 2003-yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan, 2003-2004-yillarda Surxondaryo viloyati Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi raisi, 2004-2016-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i, 2016-2017-yillarda Surxondaryo viloyati hokimligi hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. U 2017-yildan 2019-yil apreliga qadar Surxondaryo viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari edi. 2019-yil 1-may kuni To‘ra Bobolov viloyat hokimi etib tasdiqlandi.