Toshbaqa savdosini nazoratga olish hamda sotuvchi va xaridorni jazoga tortish taklif qilindi

  • 12:48 / 22.10.2019
  • 277

 Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi yashash joylarining o‘zgarishi va yo‘q qilinishi tufayli uzluksiz kamayib bormoqda.

O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi o‘tgan asrning birinchi yarmidan boshlab kamayishni boshlagan. Ikkinchi Jahon urushi davrida O‘rta Osiyo toshbaqasi go‘shtidan ko‘p miqdorda konservalar tayyorlashda foydalanilgan. 1950–1960-yillarda toshbaqa, asosan, iqtisodiy ehtiyojlar uchun yig‘ilgan, biroq ochiq dashtda qishloq xo‘jaligi rivojlanishi turlarning yashash joylari va soni sezilarli darajada kamayishiga olib keldi.

 1960–1980-yillarda toshbaqaning mazkur turiga bo‘lgan qiziqishlarning ortishi sabab ular zoologik savdoga chiqarilgan.
O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi (Agrionemys horsfieldii) zaif, himoyaga muhtoj tur sifatida Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro ittifoqi (TMXI)ning Qizil ro‘yxatiga kiritilgan. Oxirgi 18 yil davomida qonuniy va noqonuniy ravishda jami 1 254 100 dona O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi tabiatdan olingan va eksport qilingan. 

Hozirda toshbaqaning tabiiy yashashi uchun yaroqsiz va o‘zlashtirilgan hududlarning umumiy maydoni 300 ming km.kv ni tashkil etadi. Manbalarda keltirilishicha, so‘nggi 60 yil mobaynida xo‘jalik faoliyati yuritilishi natijasida toshbaqaning yashash joylari 1,5 million gektarga qisqarib ketgan.

Bugungi kunga kelib mazkur turning tabiiy populyatsiyasini saqlab qolish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining yangi nashriga kiritildi.

“Аmmo Toshkentning Yangiobod, Chorsu va boshqa bozorlarida toshbaqalar, ayniqsa bolalari ochiqchasiga sotilmoqda. Аksariyat holatda ularni o‘yinchoq sifatida farzandiga sotib olib berishadi, keyin esa boqolmay tashlab yuborishadi. Fikrimizcha, zudlik bilan yovvoyi hayvonlar savdosini nazoratga olish, sotuvchini ham xaridorni ham jazoga tortish lozim”, deyiladi Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati tarqatgan xabarda.