“Toshkent 2030 – yuksaklikka intilayotgan shahar” loyihasi taqdim etildi 

  • 13:57 / 02.12.2019
  • 175

Cushman & Wakefield kompaniyasi “Toshkent 2030 – yuksaklikka intilayotgan shahar” loyihasini taqdim etdi. 

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Cushman & Wakefield kompaniyasining Moskvadagi ofisi bosh direktori va boshqaruvi hamkori Sergey Ryabokobilko boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi. 

Unda mehmonlar tomonidan “Toshkent 2030 – yuksaklikka intilayotgan shahar” loyihasini taqdim etildi. Mutaxassislarning fikricha, 10 yildan keyin Toshkent iqtisodiy rivojlanishi uning infratuzilmasi bilan cheklanib qolmasligi uchun hozirdan bu yo‘nalishda tizimli islohotlar ustida ish olib borish zarur. 

Tadbirda moskvalik mutaxassislar bir necha loyihalarni taqdim etdi:

– Noturar joylar ijarasini rivojlantirishga mo‘ljallangan Toshkentdagi tijoriy ko‘chmas mulk xaritasi;

– Shahar chegarasida ulkan ulgurji-savdo tarmog‘ini tashkil etish; 

– 11 ta tuman hududlariga oid konsepsiya.

Shuningdek, uchrashuvda sohil bo‘ylari, bog‘lar, sayilgohlar, ochiq osmon ostidagi muzeylarni barpo etish taklifi ham ko‘rib chiqildi.

Ma’lumot uchun, Cushman & Wakefield kompaniyasi mijozlarga ko‘chmas mulkka investitsiya kiritish va ijara masalalarida maslahat berish, ularning manfaatlarini ifoda etish bilan shug‘ullanadi. 1917-yilda AQSh’da tashkil etilgan kompaniya hozirgi kunda dunyoning 70 davlatida 400 ga yaqin ofislarga ega. Rossiyada esa kompaniya 1995-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. 150 ta mutaxassisdan tashkil topgan ushbu jamoa davlat infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.