“Toshkent havosining ifloslanganligi haqidagi ko‘rsatkichlar to‘g‘ri bo‘lganida shaharda kasalliklar soni juda ko‘p bo‘lishi kerak edi” – Umidjon Abdujalilov

  • 14:42 / 13.11.2019
  • 70

Bugun, 13-noyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazida Xalqaro press-klubning navbatdagi PRESS-KOFEsi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu siyosiy debatda Siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etmoqda.

Shaharlarda havoning ifloslanish va uning oldini olish choralari haqida gapirar ekan, Davlat ekologiya qo‘mitasi atmsofera havosini muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i U.Abdujalilov ifloslangan havo, asosan, sanoat korxonalari va transportlardan chiqishini ta’kidladi. Uning aytishicha, “yiliga 2,5 million tonna ifloslangan havo atmosferaga ko‘tarilmoqda. Ushbu iflos havoning 63 foizdan ziyodi transportlardan, qolgani sanoat korxonalaridan chiqmoqda.”
 
Shuningdek, Umidjon Abdujalilov yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining havosi ifloslanib ketayotganligi haqidagi xabarlarga ham o‘z fikrini bildirib o‘tdi.

“Airvisual.com sayti tomonidan aniqlanayotgan Toshkent shahridagi atmosfera buzilganligi haqidagi ma’lumotlar o‘tgan yili noyabr oyidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqala boshladi.  Amerika qo‘shma shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasida 2018-iyun oyida havoning ifloslanganligi ko‘rsatkichlarini aniqlaydigan qurilma o‘rnatildi.  

  O‘zbekiston gidrometeorologiya markazi ham 65 ta nuqtaga bu singari qurilmalarni o‘rnatgan. Ushbu qurilmalarning 13 tasi Toshkent shahrida. Markaz tomonidan bu qurilmalar orqali har kuni 3 marotaba namunalar olinadi.  To‘g‘ri, ayrim nuqtalarda o‘rnatilgan qurilmalar ko‘rsatkichlari me’yorlarga nisbatan yuqori. Masalan, Toshkent shahrida ham. Chunki Toshkent shahrida juda ko‘p qurilish korxonalari ish olib bormoqda. Shu sababli Amerika qo‘shma shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasida o‘rnatilgan qurilma  ifloslanish darajasini baland ko‘rsatmoqda.  The World Air Quality Index natijalariga ko‘ra Amerika qo‘shma shtatlari ushbu qurilma natijalari asosida Toshkent shahridagi havoga baho berish mumkin degan fikrni ilgari surmoqda. Biroq, Toshkent shahridagi atmosferani birgina qurilma bilan aniqlab bo‘lmaydi. Agar haqiqatan ham shu ko‘rsatkich to‘g‘ri bo‘lganida Toshkent shahrida kasalliklar soni juda ko‘p bo‘lishi kerak edi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zgidromet”ning 7–8-noyabr kunlari tongida Toshkent shahridagi meteorologik sharoitlar shaharning havo muhitida bir oz zararli moddalar yig‘ilishiga imkoniyat yaratganligi haqidagi xabarini bergan edik.