Toshkent shahar issiqlik ta’minoti 30 yilga fransuz kompaniyasiga berildi

  • 12:15 / 23.09.2021
  • 95

Hukumatning joriy yil 22-sentyabrdagi tegishli qarori bilan Toshkent shahar issiqlik ta’minoti Fransiyaning Veolia Central & Eastern Europe kompaniyasiga 30 yilga davlat — xususiy sheriklik tamoyili asosida beriladi. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun yuridik moqomga ega bo‘lgan Veolia Energy Tashkent maxsus loyiha kompaniyasi tashkil etilmoqda.

Qarorga ko‘ra, ushbu loyihada asosiy maslahatchi bo‘lgan Osiyo taraqqiyot banki 3 yil davomida Toshkent shahar hokimligiga ko‘maklashadi. 

Kompaniya issiqlik ta’minotidagi isrofgarchiliklarning oldini olish, avariya holatlarini qisqartirish, issiqlik suv hisoblagichlar o‘rnatish, energiya va suv tejamkorligiga erishishi kerak bo‘ladi.

Dastlabki ikki yilda Bektemir va Sergeli tumanlaridagi qozonxonalar orqali 118 ko‘p qavatli uy va 43 ta ijtimoiy ob’yektning issiqlik ta’minoti modernizasiya qilinadi. 

Shuningdek, Veolia Central & Eastern Europe kompaniyasi 20 mln yevro miqdorida investisiya kiritishi kerak bo‘ladi. Loyiha doirasida 181 ta issiqlik inshooti va qozonxona modernizasiya qilinadi, 575,6 km issiqlik tarmoqlari quriladi, 841,1 km issiqlik tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi, 51,5 ming dona issiqlik energiyasi o‘lchov uskunasi va 2 mln 464 ming 600 dona issiqlik suv hisoblagich o‘rnatiladi. Kompaniya bundan tashqari, 391 ta maxsus texnika xarid qiladi.