Toshkent shahri hokimi tayinlandi

  • 11:48 / 13.01.2020
  • 2859

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Bugun, 13-yanvar kuni Toshkent shahar hokimligida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Jahongir Ortiqxo‘jayev rasman Toshkent shahar hokimi lavozimiga tasdiqlandi. 

Bosh vazir Taqdimnomani o‘qib eshittirdi

Sessiyada Bosh vazir Abdulla Aripov O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Toshkent shahar hokimi lavozimiga 48-Tinchlik saylov okrugidan saylangan deputat Ortiqxo‘jayev Jahongir Abidovichning nomzodini Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi sessiyasida tasdiqlash to‘g‘risida Taqdimnomani o‘qib eshittirdi.

Nomzod bir ovozdan tasdiqlandi

“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Qonunining 2-moddasiga muvofiq xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Toshkent shahar hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorini bir ovozdan ma’qulladi.

Kengash nomzodlarni tasdiqladi

Reglamentga muvofiq, sessiyada “Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashlari deputatlari Qo‘shma majlisi Maslahat Kengashi azoligiga nomzodni tavsiya etish to‘g‘risida”gi masala ham ko‘rib chiqildi va Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori bilan taklif etilgan nomzodlar tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, bugun Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilgan sessiya kun tartibiga muvofiq, “Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga siyosiy partiyalardan saylangan deputatlarning partiya guruhlarini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi.