Toshkent shahri va viloyatida “Hizb-ut Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti aʼzolarining faoliyatiga chek qoʻyildi

  • 22:05 / 10.09.2021
  • 236

Oʻzbekiston hududida yashovchi 29 nafar “Hizb-ut Tahrir” ekstremistik tashkilotining “Ayollar qanoti” jamoasi aʼzolarini jinoiy faoliyatiga chek qoʻyishga qaratilgan tezkor tadbirlar oʻtkazildi. Bu haqda IIV xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2021-yilning 10-sentyabr kuni, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159 va 244(2) — moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari doirasida hozirda qidiruvda boʻlgan “Hizb-ut Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti aʼzolari – 1970 y.t., L.Umarova va 1974 y.t., M.Saydaminovalar bilan internet tarmogʻi va turli ijtimoiy messenjerlar orqali aloqa qilib, ularning koʻrsatmalari asosida aholi orasida tashkilot gʻoyalarini targʻib qilish va tashkilot safini kengaytirish bilan shugʻullanib kelgan Toshkent shahrining Shayxontohur, Uchtepa, Olmazor, Sirgʻali va Yakkasaroy tumanlari, shuningdek, Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent va Qibray tumanlarida yashovchi 29 nafar “Hizb-ut Tahrir” ekstremistik tashkilotining “Ayollar qanoti” jamoasi aʼzolarini jinoiy faoliyatiga chek qoʻyishga qaratilgan tezkor tadbirlar oʻtkazilgan.

Keltirilishicha, mazkur ayollarning yashash manzillarida va uyali aloqa vositalarida ekstremistik mazmundagi materiallar mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olingan.

Maʼlum boʻlishicha, hozirda ushbu ayollarning noqonuniy xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va ularni javobgarlikka tortish maqsadida tergov-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.