Toshkent shahridan uy olishda propiska talab qilinmaydi. 1-apreldan yana nimalar o‘zgaradi?

  • 11:40 / 26.03.2020
  • 173

1-apreldan boshlab O‘zbekistonda quyidagi o‘zgarishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:

1. Jismoniy shaxslar tomonidan xayriya tashkilotlaridan moddiy naf tarzida olinadigan daromadlar soliqqa tortishdan ozod qilinadi.

2. Import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining tezkor tartibda, shu jumladan ruxsat beruvchi hujjatlarni O‘zbekiston hududiga kirib kelgunga qadar berish orqali bojxona rasmiylashtiruvi mexanizmi joriy etiladi.

3. 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola 2 yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni 10 foizga oshiriladi.

4. 2020-yil 1-apreldan 1-oktyabrgacha bo‘lgan davrda:

yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga qadar kamaytiriladi;
alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning ajratmalari miqdori 5 foizdan 3 foizga pasaytiriladi;
umumiy ovqatlanish korxonalari uchun alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun yig‘imlar miqdori belgilangan miqdorlardan 25 foizga kamaytiriladi.

5. 2020-yil 1-apreldan 1-iyulgacha bo‘lgan davrda turistik (mehmonxona) yig‘imini hisoblash va to‘lash to‘xtatiladi.

6. 1995-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan va doimiy propiskadan o‘tgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda “O‘zbekiston Respublikasining Fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxs istak bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.

7. Tuman (shahar) maktabgacha ta’lim bo‘limlari ushbu hududdagi bog‘chalar sonidan kelib chiqib, I, II va III guruhlarga ajratiladi va shu asosda maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartibi takomillashtiriladi.

8. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talab qilinmasligini ko‘zda tutuvchi tartib joriy etiladi. 

9. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining ishini tizimli nazorat qilish, malakali kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish, “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimini yuritish va FHDYO organlarining hududiy arxivlariga rahbarlik bo‘yicha funksiyalarni yuklagan holda FHDYO organlari Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi.

10. Shaxsni ushlash, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, himoyachidan voz kechish harakatlarini majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etiladi.