Toshkent viloyatida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun ajratilgan 500 mln so‘mga yaqin mablag‘ “yeb yuborilgan”

  • 09:00 / 07.04.2021
  • 55

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bekobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda Toshkent viloyatining 6ta tuman (shahar) aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun ajratilgan mablag‘larning talon-toroj qilingani aniqlandi.

Ma’lum qilinishicha, Angren, Nurafshon, Olmaliq shaharlari hamda Piskent, O‘rtachirchiq va Yangiyo‘l tuman aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash yuzasidan “Suvoqova” DUK Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi bilan 6 ta MChJ o‘rtasidagi shartnomalar asosida tuzilgan hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritilib, amalda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali jami 493,8 mln so‘m byudjet mablag‘lari o‘zlashtirib yuborilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan jamiyat rahbarlari va boshqalarga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.