Toshkent viloyatida nasha o‘simligini yetishtiruvchi “maxsus laboratoriya” fosh qilindi

  • 14:23 / 23.09.2021
  • 131

Profilaktika inspektorlari Toshkent viloyati Chinoz tumanida “Qora dori-2021” doirasida giyohvandlik vositalari, xususan, kannabis va marixuana yetishtirish uchun tashkil qilingan “maxsus laboratoriya”ni aniqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, 16-sentyabr kuni “Bunyodkor” MFYda yashovchi 1984-yilda tug‘ilgan T.Sh.ning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechiriladi. Tekshiruv davomida xonadonning 4 kv.m. o‘lchamli xonasi (ventilyator, yorug‘lik va issiqlik beruvchi lampochka va boshqalar bilan) maxsus jihozlanganligi va u yerda 20 dona tuvaklarga tuproq o‘g‘it aralash solingan holda giyohvandlik vositasi yetishtirayotganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, tekshiruv davomida fuqaro T.Sh.ning xonadonidan, kannabis giyohvandlik o‘simligi, barglari, to‘pgullari va 1 litrli hajmli shisha banka ichida giyohvandlik vositasi topildi.

Shuningdek, xonadondan gugurt qutilarida kannabis giyohvandlik o‘simligining maydalangan barglari, giyohvandlik vositasini iste’mol qilish uchun qo‘lbola usulda yasalgan maxsus idishlar va o‘simliklarni yashnatuvchi mineral o‘g‘itlar hamda yaltiroq qog‘ozlar, elektron tarozilar va maxsus yelim idishlar daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olindi.

O‘tkazilgan sudga oid kimyoviy yekspertizaga ko‘ra, fuqaro xonadonidan olingan o‘simliklar tarkibida faol giyohvand moddalar mavjud bo‘lgan jami 791 gr kannabis, 735 gr marixuana ekanligi ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan Chinoz tuman IIB TB tomonidan fuqaro T.Sh. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 270-moddasi, 1-qismi va 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.