Toshkent viloyatidagi “nomusi toptalgan 14 yoshli qiz” ishi qayta ko‘riladi

  • 15:00 / 17.03.2021
  • 204

Toshkent viloyati, O‘rtachirchiq tumanida 2020-yilning sentyabr oyida 14 yoshli qizni nomusiga tegish kabi jinoyat sodir etgan shaxs haligacha jazosini olmagani ijtimoiy tarmoqlarda gapirilmoqda.

Aniqlanishicha, holat yuzasidan O‘rtachirchiq tumani prokurori tomonidan 2020-yil 30-sentyabr kuni JKning 128-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilgan. 

Surishtiruvlar davomida, jinoyat ishiga jalb qilingan gumondor shaxsni ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilish uchun asoslar yetarli emasligi sababli, 2020-yil 30-oktyabr kuni jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv harakatlari jinoyat-protsessual tartibida vaqtincha to‘xtatilgan.

Mazkur jinoyat ishi 2021-yil 13-fevral kuni qayta tiklanib, jinoyat ishi tergov organiga o‘tkazilgan.

Hozirda O‘rtachirchiq tumani IIB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.