Toshkentda 20 yoshli fuqaro noqonuniy diniy taʼlim berish bilan shugʻullangani aniqlandi

  • 00:54 / 31.08.2021
  • 292

Toshkentda 20 yoshli fuqaro noqonuniy diniy taʼlim berish bilan shugʻullangani aniqlandi

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan “Xavfsiz poytaxt” profilaktik tadbirlari davomida noqonuniy diniy taʼlim bilan bogʻliq fakt aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

Qayd etilishicha, shahar IIBB xodimlari tomonidan Yangihayot tumanida olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida xususiy uylardan birida 20 yoshli Muhammad Q. tegishli ruxsatsiz voyaga yetmaganlar uchun diniy adabiyotdan foydalangan holda dars oʻtganligi aniqlangan.

Voqea joyidan esa diniy adabiyot, DVD-disk va mobil telefonlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Maʼlum boʻlishicha, mazkur fakt asosida Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 241-moddasiga (“Diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzish”) koʻra hujjatlar toʻplanib, sudga joʻnatilgan va sud Muhammad Q.ga nisbatan 15 sutka qamoq jazosini belgilagan.