Toshkentda “Hizb ut-Tahrir”ning 10 nafar aʼzosi qo‘lga olindi

  • 19:15 / 15.09.2021
  • 181

15-sentabr kuni huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchi 10 nafar “Hizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti aʼzolarining jinoiy faoliyatiga chek qoʻyishga qaratilgan tezkor tadbirlar oʻtkazildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu aniqlangan “tahrirchilar”ning barchasi muqaddam mazkur tashkilot safida sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini oʻtab chiqqan shaxslar hisoblanadilar. Ular Internet tarmogʻi orqali xorijda yashirinib kelayotgan “Hizb ut-Tahrir” DET aʼzolari bilan aloqa qilib, ularning koʻrsatmalari asosida aholi orasida tashkilot gʻoyalarini targʻib qilish va tarafdorlari safini kengaytirish bilan shugʻullanib kelganlar.

Mazkur shaxslarning yashash manzillari va uyali aloqa vositalarida “Hizb ut-Tahrir” DETga tegishli boʻlgan adabiyotlar va materiallar mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olib qoʻyilgan.

Hozirda ularning noqonuniy xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlikka tortish maqsadida, tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “Hizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti safida faoliyat olib borish, gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, materiallarini tayyorlash, saqlash hamda tarqatish jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab boʻladi.

Teglar